Oq uy nazarida, BMT qoshidagi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo ahliga koronavirus haqida ishonchli axborot bermagan, insoniyatni pandemiya to'g'risida vaqtida ogohlantirmagan. Buning oqibatida esa, deydi Prezident Donald Tramp, minglab insonlarning yostig'i quridi va qurishda davom etmoqda.
Millionlab odamlar kasallangani, jahon iqtisodiyoti va insoniyat hayotining, umuman olganda, yirik fojia bilan yuzlashayotganida JSSTning aybi katta, deya xulosa qilmoqda Tramp.
"Davlatlar koronavirus borasida xabarlar chiqar ekan, JSSTga tayandi, uning yo'riqnoma va maslahatlariga rioya qildi. Dunyo u boshlagan yo'ldan ketdi va mana hozir ko'rib turibmizki, bu tashkilot hammamizni egri tomonga boshlagan ekan", - dedi Tramp 14-aprel kuni Oq uydagi brifingda.
"Xitoyda vaziyat o'nglanmoqda va u yerdan chiqqan koronavirus xavfi u qadar yuqori bo'lmaydi, deya bong urgan tashkilot qanchalik xato qadamlar tashlaganini sarhisob qilayapmiz va bunga ko'z yuma olmaymiz", - deydi Amerika rahbari.
Oq uyga ko'ra, tashkilot uni asossiz tanqid qilib, "vahimaga berilib, o'ta keskin choralar ko'rayotganlikda" ayblagan. Vaholanki, deydi Tramp ma'muriyati, JSST Pekinga koronavirus haqidagi asl haqiqatni yashirishga yordamlashgan va bu tashkilotga suyangan davlatlar, jumladan, AQSh ham aldangan.
Pandemiyaga qarshi kurash komissiyasi xulosasi shuki, "Xitoy tarqatgan yolg'onlar", JSSTning unga tayanib bergan hisobotlari Amerikaning qanday chora ko'rishiga ham salbiy ta'sir ko'rsatgan.
Shu bois, deya e'lon qildi Tramp, AQSh bu xalqaro organ doirasidagi faoliyatini cheklab, unga ortiq mablag' ajratmaydi. Tashkilot hozir tekshirilmoqda.
"JSST qilmishi uchun javob berib, xato va ayblarini tan olib, o'zini isloh qiladi, degan umiddamiz", - deydi Tramp.
JSSTga ajratilgan yuzlab million dollar endi boshqa xalqaro tashkilotlarga yo'naltiriladi va sog'likni saqlash maqsadlarida ishlatiladi.
Amerika JSSTga Xitoyga qaraganda 10 marotaba ko'proq pul ajratadi va asosan ixtiyoriy ravishda, deya eslatmoqda rasmiylar. AQSh unga 2019-yilda 400 million dollar uzatgan. Xitoy esa 44 million dollar bergan.
BMTga eng ko'p moliya Vashingtondan boradi, deydi Tramp. Amerika, uningcha, har bir dollarini o'ylab sarflashi, nafaqat uning xalqiga balki xalqaro hamjamiyatga ishonchsiz ma'lumotlar beradigan tashkilotlardan yuz o'girishi kerak.
JSST AQSh hukumatidan yog'ilayotgan tanqid va ayblovlarni inkor etib, uzoq yillardan beri insoniyat salomatligi yo'lida behisob hissa qo'shib kelayotganini bildirmoqda. Tashkilot barcha a'zo davlatlarning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, xalqaro maslahatlashuv va aniq ma'lumotlarga asoslangan tarzda ishlaydi, deydi organ rahbariyati.
Xitoy tashkilot tarafida va Pekin nazarida, JSSTning qoralanishi asossiz.
Ekspertlar AQSh va JSST orasidagi ziddiyatdan hayron emas. Lekin ular nazarida, hamkorlik uzilishi keltiradigan zarar pandemiya urchigan davlatlar va xalqlarga og'ir tushadi.
Prezident Trampga ko'ra, Amerika qachon ochilishi borasida qaror yaqin va gubernatorlar bilan maslahatlashgan holda harakat qilinadi.
AQShda koronavirusga chalinganlar 14-aprelga qadar 600 mingdan oshdi, o'lganlar esa 26 mingga yaqinlashdi. Tuzalganlar qariyb 40 ming.
Dunyo bo'ylab kasallikni yuqtirganlar qariyb 2 million, vafot etganlar 126 mingdan ziyod. Sog'ayganlar 468 mingga yetib qoldi.
Facebook Forum