AQShning O'zbekistondagi elchixonasi 2-mart kuni qilgan e'longa ko'ra, USAID respublika sog'likni saqlash tizimiga koronavirusga qarshi kurashda texnik yordamni oshiradi. USAID - AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi. Amerika dunyo bo'ylab insonparvarlik va beg'araz yordamni aynan shu organ orqali ko'rsatadi.
27-mart kuni Vashingtondagi nutqida Davkat kotibi Mayk Pompeo AQSh global maydonda eng yirik gumanitar donor, dedi.
"Biz BMT tizimida eng ko'p mablag' ajratayotgan davlatmiz. Global lidermiz", - dedi u.
Ayniqsa, hozirgidek butun jahon ahli bir muammo bilan yuzlashib turgan davrda, deydi Pompeo, AQSh o'zi qanchalik qiynalmasin, boshqa mamlakatlardan yordamni ayamaydi - moliyaviy, professional, texnik, ilmiy va boshqa yo'nalishlarda.
Pandemiyani bartaraf etish uchun USAIDga berilgan moliya shu kunlarda 285 million dollarga yetdi. Markaziy Osiyoga shundan 4,3 million dollar tekkan, lekin yordam ko'lami kengayar ekan, mablag' ham ortadi, deydi diplomatlar.
Prezident Donald Tramp deydiki, koronavirusga qarshi kurashda AQSh BMTning barcha organlari bilan yaqindan ishlaydi, shuningdek, uzoq va yaqin davlatlar bilan maslahatlashib ish ko'radi, jumladan Xitoy, Rossiya, Hindiston, Yevropa Ittifoqi va bu qit'adagi boshqa davlatlar, Kanada va Meksika, Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlari, arab dunyosi, Afrika va Osiyo davlatlari.
Pandemiya global miqyosda ekan, hamma bir yoqadan bosh chiqaradi, deydi odatda xalqaro tashabbuslarga u qadar ishtiyoq bilan qaramaydigan Tramp.
Tramp ma'muriyati BMTga tanqidiy yondashib keladi. Tramp bu tashkilot a'zolarini mas'uliyatni to'liq his qilmaganlikda, asosan Amerika puli evaziga ishlayotgan dastur va agentliklarni samarali yuritmaganlikda ayblaydi.
Vashington shu kunlarda xalqaro hamjamiyatga quyidagi faktlarni eslatib qo'ydi:
AQSh BMT qoshidagi Jahon sog'likni saqlash tashkiloti uchun 2019-yilda 400 million dollar uzatgan. Amerikadan keyingi ikkinchi yirik donor Xitoy bo'lib, u atigi 44 million bergan. Davlat departamentining qayd etishicha, 149 davlatda ishlayotgan Jahon sog'likni saqlash tashkiloti Amerika yordamisiz bugun biror loyihasini amalga oshira olmagan bo'lar edi. AQSh bu organda Birtaniya, Germaniya, Yaponiya singari yaqin sheriklari bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, Amerika xususiy sektori ham madad ko'rsatadi, masalan, multimilliarder Bill Geyts asos solgan fond.
UNICEF, BMT Bolalar fondi, Xitoyga koronavirusga qarshi kurashda yaqindan yordam berdi. 2019-yilda AQSh bu tashkilotga 700 million dollardan oshiq mablag' ajratgan. Xitoy esa atigi 16 million dollar, deya urg'u beradi Davlat departamenti.
UNICEFning tibbiy, suv, sanitariya va gigiyena hamda ta'limiy loyihalarida AQSh yetakchilik qiladi. Bolalar salomatligi va yosh avlod o'z vaqtida bilim olishi uchun sharoitni yaxshilashda Amerika azaldan ulkan hissa qo'shib keladi.
Tramp ma'muriyati BMT Qochqinlar agentligi faoliyatini ham quvvatlaydi. 2019-yilda bu tashkilot uchun AQSh 1,7 milliard dollar bergan. Xitoy esa atigi 1,9 million dollar, deya bildiradi Davlat departamenti. Qochqinlar boshini silash, boshpana topish, ularni joylashtirish, lagerlarni ta'minlash, vatansiz insonlarga g'amxo'rlik qilish uchun Amerika BMTdan tashqari ham millionlab dollar sarflaydi.
AQSh Jahon Oziq-ovqat dasturi, BMT qoshidagi yana bir gumanitar tashkilot, uchun ham katta miqdorda moliya ajratadi. 2019-yilda bu organga tushgan jami 8 milliard dollarning 42 foizi Amerika hissasi. Xitoy faqatgina 30 million dollar uzatgan, deya bildiradi AQSh Davlat departamenti.
Jahon Oziq-ovqat dasturi bu yili kamida 86 million odamni boqishni rejalagan bo'lsa, ularga borayotgan yegulikning katta qismini Amerika xalqi hadya qilmoqda.
Facebook Forum