Falastin Prezidenti Mahmud Abbos BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, AQSh Prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasini qabul qilmaslikka chaqirdi, lekin ayni paytda Isroil bilan muzokaralarga ochiq ekanini bildirdi.
“13 millionlik Falastin xalqi nomidan adolatli tinchlik istab keldim. Shu, xolos. Falastinliklar Isroil-Amerika taklifini rad etishini yana bir bor ta’kidlash uchun keldim”, - dedi Mahmud Abbos.
Xavfsizlik Kengashi huzurida so’zlangan 35 daqiqalik otashin nutqida Abbos Falastinning kelajakdagi davlati uchun taklif qilingan yerdan keskin noroziligini yashirmadi.
“Bu reja mintaqaga tinchlik yoki barqarorlik olib kelmaydi. Shu bois uni qabul qilmaymiz. Uning ijro etilishiga qarshi chiqamiz. Ular taklif etgan loyiha bu. Bizga shu davlatni berishmoqchi. U shveysar pishlog’iga o’xshaydi”, - dedi Abbos.
Reja bo’yicha, Falastin hududi ikki karra kengayishi ko’zlangan, ammo G’arbiy Sohilning uchdan biri Isroilga berilishi kerak. Evaziga Tramp ma’muriyati Falastinga Negev cho’lidan ikki bo’lak yer bermoqchi. Falastin poytaxti uchun Sharqiy Quddusdan joy berish ham rejalangan.
Falastinliklar reja bir tomonlama va Isroil foydasiga tuzilgan deb, uni qabul qilmasligini aytdi.
Abbosning ta’kidlashicha, reja Sharqiy Quddus poytaxti bo’lgan suveren davlat tuzish huquqini bermagani uchun rad etilgan.
“Xalqaro hamkorlik samarasi emas bu. U bir davlat ishlab chiqqan, boshqa bir davlat qo’llagan va butun dunyoga majburan o’tkazilayotgan taklif”, - dedi u.
Falastin yetakchisining aytishicha, AQSh bundan keyin Yaqin Sharqning yagona vositachisi bo’la olmaydi. U xalqaro hamjamiyatni AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMTdan iborat Yaqin Sharq to’rtligini qayta tiklashga chaqirdi.
Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon Abbosni tinchlik o’rnatish ahdida samimiy emaslikda va so’nggi yechim yo’lida to’siq bo’layotganlikda aybladi.
“Janob prezident, aravani quruq olib qochmang. Prezident Abbos bu qarashini o’zgartirmas ekan, tinchlik yo’lida siljish bo’lmaydi. U lavozimidan ketsagina Isroil va falastinliklar birga ishlashi mumkin. Raddiya, terrorni ulug’lash va qo’zg’ash bilan shug’ullanadigan yetakchi hech qachon haqiqiy tinchlik hamkori bo’la olmaydi”, - dedi Isroil vakili.
AQSh elchisi Kelli Kraft Abbos bayonotini “quruq hissiyot” deb atab, tomonlarni keraksiz gap-so’zlarni to’xtatib, haqiqiy muloqotni boshlashga chaqirdi.
“Xavotirga tushayotganlarga shuni aytmoqchimanki, bu reja falastinliklarga arzirli nimadir beradi. Ya’ni, hayotlik davrlarida o’z-o’zini boshqaruvchi va to’liq tan olingan Falastin davlatini qurish imkoniyatini. Rejada ixtilofni tugatish uchun, falastinliklarga kerakli imkoniyatlarni berish uchun siyosiy yechimning o’zi kifoya emasligi ham hisobga olingan”, - dedi AQSh elchisi.
Xavfsizlik Kengashi a’zolarining mavzu bo’yicha qarashlari yakdil emas. Ba’zilar tinchlik rejasining xalqaro tan olingan mezonlar bo’yicha emas, bir tomonlama amalga oshirilganidan xavotirda.
Falastinliklar dastlab 1967-yildan oldingi chegaralar asosida tinchlik rejasini ishlab chiqishning xalqaro qoidalarini 15 davlatdan iborat kengashda ovozdan o’tkazish talabi bilan chiqqan edi. Ammo AQShning qarshiligi va Britaniya taklif qilgan o’zgarishlar ortidan loyiha ovozga qo’yilmadi.
Facebook Forum