Breaking News

Falastin-Isroil mojarosi: tinchlik umidi chippakka chiqdimi?


Yaqin Sharq tinchlik rejasi: umidlar barbod bo'ldimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00

AQSh Prezidenti Donald Trampning Falastin-Isroil muammosini hal qilish bo‘yicha e'lon qilgan tinchlik rejasi keskin tanqidlarga uchramoqda. Xususan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida “AQShning tinchlik rejasi o‘lik tug‘ildi”, deyiladi. Shuningdek, rejaga “Falastin yerini tortib olishni ko‘zda tutuvchi anneksiya rejasi” deya ta’rif berildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, Falastin qabul qilmaydigan hech bir rejani rasmiy Anqara qo‘llab-quvvatlamaydi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Quddusning Isroilga berilishi mumkin emasligini ta’kidladi. “Quddus – musulmonlar uchun muqaddas. Quddusni Isroilga topshrish rejasini aslo qabul qilib bo‘lmaydi. Bu – falastinliklarning huquqlariga ko‘z yumish va Isroilning okkupatsiyasini qonuniylashtirish rejasidir. E’lon qilingan reja tinchlikka va murosaga xizmat qilmaydi”, – dedi prezident jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Falastinlik jurnalist Muhammad Abu Taqiya “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Trampning rejasini tanqid qilar ekan, AQSh prezidenti shu paytgacha qabul qilgan qarorlari bilan Falastin va Isroil o‘rtasidagi nizoni hal qilish bo‘yicha bor ilinjni ham chippakka chiqarganini aytdi. Uning nazarida Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish va AQSh elchixonasini Quddusga ko‘chirish bilan katta xatoga yo‘l qo‘ydi.

“Falastin xalqi juda katta narsani istamayapti, o‘z yurtini qaytarib olishni istayapti, xolos. BMT qarorlari, xalqaro qonunlarga muvofiq ishg‘ol qilingan mamlakat o‘zini himoya qilishga, (o‘z yerini) qaytarib olishga haqli. Shularni amalga oshirishni istaydi, boshqa narsani emas. Dastlabki bosqichda (Falastinning) 1967-yildagi chegaralar doirasida bo‘lishini qabul qilishimiz mumkin. Ammo Isroil buni istamaydi. Biz kuchsiz tomonmiz, yerlari zo‘rlik bilan tortib olingan tomonmiz, go‘yo biz qabul qilmayapmiz, go‘yo muammolar bizdan kelib chiqyapti. Bizdan so‘rashdan oldin Isroildan so‘rang, qabul qiladimi? Buning uchun tayyormi? Yo‘q. Buni anchadan beri aytib kelyapmiz. Tramp (hokimiyatga) kelishi bilan “ikki davlat” yechimi tamom bo‘ldi. Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb e’lon qildi. Holbuki, boshqa davlatlar buni tan olmadi. Amerika xolis emas. Isroilning tomonida. Buni boshdan beri bilib turibmiz. Tramp qanday qarorlar qabul qildi? Butun dunyo qarshi chiqdi, to‘g‘rimi? Undan oldin hech kim Quddus Isroilning yoki Falastinning poytaxti demagan edi. Bu borada hech qanday qaror qabul qilinmadi. Ba’zan aytishdiki, (Quddusni) xalqaro nazoratda qoldiraylik, bularga ham, ularga ham bo‘lmasin. Ayrimlar Falastinga tegishli dedi. Ba’zilar G‘arbiy Quddusni Isroilga, Sharqiy Quddusni Falastinga berishni taklif qildi. Bu narsalar biz uchun zulm, chunki aslida butun yerlar bizniki. Lekin ahvolimiz yaxshi emas, kuchli emasmiz, Isroilda bo‘lgani kabi bizni qo‘llaydigan kuchli davlatlar yo‘q. Shuning uchun 1967-yilgi chegaralarni qabul qilamiz. Lekin Isroil buni istamaydi”, - deydi u.

Muhammad Abu Taqiyaning aytishicha, Falastinda iqtisodiy sharoit abgor ahvolda, ayniqsa, G‘azo sektorida o‘ta og‘ir.

“G‘azo sektori 2006-yildan beri qamal ostida, bu yerga kirish-chiqish qattiq nazorat qilinadi”, – deydi u. Trampning rejasiga ko‘ra, Falastin iqtisodiyotini oyoqqa turg‘azish uchun 50 milliard dollar ajratiladi va 1 million ish o‘rni yaratiladi. Qashshoqlik 50 foizga tushiriladi, ishsizlik ko‘pi bilan 10 foiz bo‘ladi. Ammo Falastin rahbari Mahmud Abbos Trampning rejasiga qashi chiqdi va “Quddus sotilmaydi, huquqlarimiz sotilmaydi”, dedi", - deydi Abu Taqiya.

Falastinlik jurnalist o'lkasining xalqoro maydonda yolg‘iz qoldirilganidan shikoyat qilar ekan, Isroil o‘zining noqonuniy harakatlarini amalga oshirish uchun Amerikadan kuch olayotganini ta’kidladi. Ammo u kun kelib Isroil okkupatsiyasi yakuniga yetishiga ishonadi.

“Ishonchimiz bo‘lmaganida, bu kungacha bardosh bermagan bo‘lardik. Kun keladi va bu ishg‘ol tugaydi. Qo‘lingizda qanchalik ko‘p kuch bo‘lmasin, eng muhimi – qalbdagi kuch. Mana, Isroilga qaraylik. Qo‘lida eng yaxshi texnologiyalar bor, eng yaxshi qurollar bor, orqasida eng kuchli davlatlar turibdi. Lekin bizdan bir bola tosh otsa, qo‘rqishadi, qochishadi. Tanklarning ichida, devorlarning orqasida yashirinishadi. Ishonch qalbdan chiqadi. Tarix davomida ozodlikka erishish uchun, o‘z yerlarini qaytarib olish uchun qudrat egasi bo‘lish shart emasdi, biroq ishonish shart. Masalan, [janubiy afrikalik] Mandelani olaylik. U necha yillar qamoqxonada qoldi, oxir-oqibat g‘olib bo‘ldimi? G‘olib bo‘ldi”, – deydi jurnalist.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG