AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqinda e’lon qilgan Yaqin Sharq tinchlik rejasida Quddus shahri to’liq Isroil nazoratiga berilgan. Yahudiy, nasroniy va musulmonlarning muqaddas hududlari ham. Falastinning kelajakdagi poytaxti uchun Quddusning cheti, Abu Dis mahallasi ajratilgan. Bu joy aslida Quddusga emas, G’arbiy sohilga qarashli.
Abu Dis Sharqiy Quddusning eski shahridan uzoq emas, uch chaqirim narida. Ammo ikki hudud o’rtasi Isroil tomonidan xavfsizlik devorlari bilan bo’lib qo’yilgan. Shu bois biridan ikkinchisiga borish mashinada bir soatcha vaqt oladi. Devorning oldida esa vayronaga aylangan uy. Isroil bilan erishilgan tinchlik bitimi ortidan qurilgan bu binoda Falastin parlamenti joylashishi kerak edi.
Abu Dis merining aytishicha, devor qurilgandan beri shahar Quddusdan ajralib qolgan.
“Yuragim ikkinchi tomonda. Men nafas oladigan havo Quddusdan keladi. Quddus biz uchun tarixiy shahar, iqtisodiyotimiz, sog’ligimiz unga bog’liq. Chunki barcha kasalxonalarimiz Quddusda”, - deydi Ahmad Abu Hilol.
Trampning Yaqin Sharq tinchlik rejasini rad etgan falastinlik siyosiy faollar ham Abu Hilol fikrlariga qo’shiladi.
“Men Abu Disda tug’ilganman va uni juda sevaman. Lekin Abu Disni Falastin poytaxti qilish g’oyasini rad etishimiz kerak, chunki u devorlar bilan o’ralgan. Bizning poytaxtimiz Quddus. U doim Falastinning poytaxti bo’lib qoladi”, - deydi falastinlik faol Shirin Abu Hilol.
Abu Dis va Isroilning Maleh Adumim posyolkasi o’rtasida Falastinning Ayzaria shaharchasi joylashgan. U to’liq Falastin muxtoriyati nazoratida. Shahar meri Issam Foranning aytishicha, bu joyning Falastin hududi ekani poytaxtlikka arziydi, degani emas.
“Ayzaria, Abu Dis yoki Shuafatni Quddusga yaqinligi uchun poytaxt qilamiz, deyishibdi. Quddussiz biz hech kimmiz. Qanaqa poytaxt? Qayerni poytaxt qilishimizni bizga o’rgatishmasin”, - deydi u.
Tramp Yaqin Sharq tinchlik rejasi bilan mintaqada o’zgarish yasamoqchi, ammo G’arbiy sohildagi kayfiyatga qaralsa, bu reja bilan Falastin davlatini qurish orzusi har qachongidan ham qiyinlashgani ko’zga tashlanadi.
Facebook Forum