AQSh rasmiylari Vashington Isroil-Falastin nizolarini hal etishda vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Prezident Donald Trampning uzoq kechikkan Yaqin Sharq Tinchlik rejasi Isroil tomonidan olqishlanmoqda. Biroq rejani e’lon qilinishidan avval inkor etgan falastinliklar o’z fikrida qat’iy. Falastin nazdida, reja Isroil manfaatlariga xizmat qiladi. Bir yoqlama taklif muammoni aksincha kuchaytiradi, deydi Falastin ma’muriyati.
AQShning Eron bo’yicha maxsus vakili Brayn Xukka ko’ra, Isroil-Falastin urushining uzoq yillik tarixida hech qachon bu qadar adolatli va konkret takliflar berilmagan. Falastin bunday imkoniyatdan voz kechmasligi kerak, deydi u.
Prezident Tramp rejani ikki davlat manfaati uchun xizmat qiladigan obyektiv taklif deya e’lon qilgan. Alohida ikki mustaqil davlat tuzish uchun eng real imkoniyat bu, dedi AQSh rahbari.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Vashington rejasini keskin inkor etdi.
“Agar Vashington rejasidan norozi bo’lsa, Mahmud Abbos AQSh shafeligida Isroil bilan muzokara stoliga o’tirsin”, - deydi Brayn Xuk.
Shuningdek, rasmiy Isroil-Falastin konfliktlariga real yechimlar bilan yakun yasash muzokaralarida AQSh vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Xukning aytishicha, mintaqadagi arab mamlakatlari liderlari Mahmud Abbosning bunday imkoniyatdan voz kechayotganini yoqlamaydi.
“Yaqin Sharq 10-15 yil avvalgi holatidan ancha o’zgargan. Arab liderlarini ayni damda IShIDning qayta tiklanish xavfi, Eron agressiyasi, Suriya fuqarolar urushi va ekstremizm tahdidiga oid masalalar tashvishga solmoqda. Isroil-Falastin muammolari allaqachon o’z ahamiyatini yo’qotgan. Shuning uchun ham, Prezident Tramp tinchlik rejasi eng ma’qul taklif ekanini ta’kidlamoqda. Mamlakatlar o’rtasida aniq chegaralar o’rnatiladi, Falastin Sharqiy Quddusda o’z poytaxtiga ega bo’ladi, shuningdek, 50 milliard dollar hajmida investitsiyani qo’lga kiritadi”, - deydi Xuk.
Biroq “Hamas” va “Falastin Islom jihodi” kabi terrorchi guruhlar qurolsizlantirilib, faoliyatiga chek qo’yilishi lozim.
80 varoqli rejada G’azo va Iordan daryosining G’arbiy sohilini bog’lab turadigan tezyurar poyezdlar qatnovini yo’lga qo’yish ham nazarda tutilgan.
“Rejaga ko’ra, Falastin amalda egallab turgan hududidan ikki barobar katta hududga ega bo’ladi. Agar Mahmud Abbos o’z xalqining iqtisodiy va siyosiy mustaqil bo’lishini istasa, taklifni qabul qilishi kerak. Agar xalqining nochor hayot kechirishini istasa, rejani inkor etishda davom etadi”, - deydi Xuk.
Facebook Forum