Har bir davlat rahbari o'z faoliyat davomida tinimsiz sinovlar va inqirozlar bilan yuzlashadi. Xoh siyosiy, xoh iqtisodiy, xoh tabiiy ofat yoki sog'likni saqlash bilan bog'liq tushkunlik. Vaziyatdan g'olib sifatida chiqqanlar juda oz va bu ham, odatda, yillar o'tib, tarix xulosasi bo'lishi mumkin. Liderning asosiy ishi - davlati va xalqini og'ir vaziyatdan iloji boricha oz zarar bilan olib chiqish.
Uidru Uilson prezidentligi davrida Amerika "ispan grippi" bilan kurashgan. 1918-19 yillarda dunyo bo'ylab bu kasallikdan 20-50 million odam o'lgan. Birinchi jahon urushi ketayotgan paytdagi o'ta mashaqqatli damlarda xalq mana shunday pandemiya bilan olishgan. Prezident Tramp singari Uilson ham boshida pandemiya tahdidini to'g'ri baholamagan, xavf darajasi past, deya bong urgan, biroq kasallik 675 mingdan oshiq amerikalikni hayotdan olib ketgan. Oq uy o'shanda ham o'jarlik qilgan, "ispan grippi" haqida ochiq gapirmagan va Amerika xalqi o'z vaqtida zarur choralar ko'ra olmagan, deydi tarixchilar. Bu virus Ispaniyadan chiqmagan, uning "ispan grippi" deya nomlanishiga Ispaniyaning kasallik haqida haqiqatni yashirmagan yagona davlat bo'lgani sabab bo'lgan.
Dvayt Ayzenxauer prezidentligi davrida "Osiyo grippi" tarqalgan. Singapurda 1957-yilda aniqlangan H2N2 virusi tez o'tmay AQShga yetib kelgan. Ayzenxauer bu borada chora ko'ra boshlagan, lekin yetarlicha harakat qilinmagan. Keyinchalik Oq uy afsuslangan, chunki o'z vaqtida zarur qadamlar tashlanganida o'lganlar soni ikki baravar kamroq bo'lishi mumkin edi. Kongress mablag' ajratgan, lekin kech. Vaksinalar ishlab chiqilgan, lekin kech. Kasallik chekingan, lekin 116 ming amerikalik o'lib bo'lganidan keyin. Dunyo bo'ylab bu virusdan 1,1 million odam vafot etgan.
Jerald Ford prezidentligi davrida "cho'chqa grippi" tarqalgan. Ford 1976-yilda favqulodda choralar e'lon qilib, haddan tashqari ko'p cheklov qo'yib yuborganki, kasallik emas, uning choralari tizimda uzilishlarga sabab bo'lgan, deydi tarixchilar. Lekin amerikaliklar afsuslanmagan, chunki o'nlab million odam emlangan, salomatlik kafolatlangan. Virus AQSh uchun pandemiyaga aylanmasa-da, xavf bartaraf etilgan.
Ronald Reygan prezidentligi davrida immunitet taqchilligi (OITS) virusi tarqala boshlagan. Bu kurash bobida biror lider Reygandan saboq olmasligi kerak, deydi tarixchilar. Chunki u yillar davomida virusga jiddiy qaramagan. Tor va muayyan qatlamda uchraydi, ya'ni gomoseksual odamlarda, degan xato fikrlash bu virusning Amerika bo'ylab kengroq qanot yozishiga sabab bo'lgan. 1987-yilga borib, Reygan OITS birinchi raqamli dushman, deb chiqqan. 1988-yilda unga qarshi 1 milliard dollar ajratilgan. 1989-yil oxirigacha, ya'ni Reygan muddati tugaganida, 90 mingga yaqin amerikalik OITSdan o'lgan edi.
Jorj Bush (kichik) prezidentligi davrida AQSh OITS va SARS bilan olishgan. Bush o'z davlatida va dunyo bo'ylab bu borada qilgan xizmatlari uchun ijobiy baho olgan. OITS bu paytga kelib ancha chekingan, dori-darmon turi ko'paygan, bemorlarning yashab qolish ehtimoli oshgan. Bush davrida boshlangan mahalliy va xalqaro dasturlar hanuz samara bermoqda.
2003-yilda nafas olish yo'llari bilan bog'liq og'ir sindrom, SARS, paydo bo'lgan. Sakkiz mingdan oshiq odamni hayotdan olib ketgan, dunyo bo'ylab, AQShda 774 kishini o'ldirgan. 2005-yilda Oq uy har qanday pandemiyani bartaraf etishga qaratilgan milliy strategiya ishlab chiqqan. Lekin keyinchalik bu hujjat keyingi prezidentlar tomonidan chetga surilgan.
Barak Obama prezidentligi davrida H1N1(cho'chqa grippi), Zika va Ebola tarqaldi. Oq uy butun e'tiborni vaksina va muolajaga qaratgan. 2009-2010 yillarda Amerikada cho'chqa grippi 60 milliondan ortiq marta qayd etilgan, 13 mingga yaqin odam o'lgan. Ebola va Zika kasalliklari bilan ham qattiq kurash olib borilgan. Choralar qisman samara bergan. Kongress bu borada Oq uy bilan murosa qila olgan, zarur mablag' ajratilgan, milliardlab dollar miqdorda. 2015-yilda Oq uy Davlat xavfsizligi kengashi qoshida Global salomatlik va bio-himoya bo'limi tashkil etilgan. Maqsad - pandemiyalar ehtimoli va tahdidiga qarshi kurashish. 2018-yilda, Donald Tramp prezidentligi davrida, bu bo'lim yopilgan.
Asosiy va tarixiy saboq shuki, deydi bu siyosat va jarayonlarni o'rganib chiqqan mutaxassislar, liderlar o'zidan oldingi rahbarlarning qarorlari va bosib o'tgan yo'llarini tahlil qila olishi, tushunishi lozim. Prezident biror kasallikka qarshi kurashda a'lo baho olmasligi aniq, chunki pandemiya odamlarni hayotdan olib ketadi, aksariyat hollarda katta sonlarda, lekin bu sonni kamaytirish usullari bor. Ularni bugungi liderlar o'zlaridan oldingi liderlardan, hatto ularni yoqtirmasalar-da, o'rganishga majbur. Xatolar ham, yutuqlar ham muhim darslardir.
Facebook Forum