Breaking News

Jahon bo’ylab qariyb 1 milliard odam virus sabab uyda o’tiribdi


Dunyo bo’ylab qariyb bir milliard odam koronavirus pandemiyasi sababli uyda o’tiribdi; kasallikdan o’lganlar 11 mingdan oshdi. Prezident Donald Tramp AQSh virusga qarshi “g'alaba” qozonayotganini ta’kidlasa-da, Yevropada bo’lgani kabi ayrim shtatlarda keskin karantin choralari ko’rilmoqda.

Kaliforniya qatorida Nyu-York va Illinoysda ham aholiga uyda qolish buyurildi. AQSh vitse-prezidenti idorasida bir xodimda virus aniqlangach, Vitse-prezident Mayk Pens va uning rafiqasi ham testdan o’tadi.

Ayni damda 35 davlatda jami 900 million odam uyda, shulardan 600 millioni hukumatlarning buyrug’i bilan.

Koronavirus, ayniqsa, keksalar va avvaldan xastaligi bo’lganlar uchun xavfli, ammo Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti yoshlarni ham ogohlantirdi.

“Yoshlarga gapimiz shu: yengilmas emassiz. Ushbu virus sizni bir necha hafta kasalxonaga yotqizishi, hatto o’ldirishi mumkin”, - deydi tashkilot rahbari Tedros Adxanom Gebreysus.

London metrosi
London metrosi

Xitoy hukumati uchinchi kundirki, yangi infeksiyalar yo’qligini bildirmoqda. Ammo regionda kasallikning yangi to’lqini boshlanishi haqida xavotirlar bor. Gonkongda 20-mart kuni 48 holat qayd etilgan, kasallarning ko’pini yaqinda Yevropada bo’lib qaytganlar tashkil etadi.

Kuchli karantin ostidagi Italiyada esa 20-mart kuni 600 dan ziyod o’lim holati qayd etildi; mamlakatda virusdan vafot etganlar 4000 dan oshib ketgan. Koronavirusdan o’layotganlarning 36 foizi Italiya hissasiga to’g’ri keladi.

Italiya qatorida Fransiya, Ispaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida ham aholiga uyda o’tirishga ko’rsatma berilgan. Britaniyada pivoxonalar, restoranlar va teatrlar yopiladi. Hukumat ishga chiqmayotgan xizmatchilarning maoshini qoplashini bildirdi.

AQShdagi vaziyat

AQShda millionlab koronavirus testlarini laboratoriyalar va kasalxonalarga tarqatish boshlanar ekan, bemorlar soni oshib borishi kutilmoqda. 1200 dan ziyod kasal aniqlangan Kaliforniyada 40 million aholiga uydan chiqmaslik buyurilgan. Virus yuqtirganlar soni bo’yicha Nyu-York birinchi o’rida – 7100 dan ziyod.

Prezident Tramp bu shtatlar ko’rayotgan choralarni olqishlamoqda, biroq uning fikricha, butun mamlakat bo’ylab karantin joriy etishga hojat yo’q.

Los-Anjeles ko'chalari
Los-Anjeles ko'chalari

Prezidentning bu gaplaridan ko’p o’tmay Illinoys va Konnektikutda ham gubernatorlar aholidan uyda o’tirishni so’radi. Hozirgacha yetti shtatdagi cheklovlar taxminan 100 million odamni qamrab oladi.

AQShning Meksika va Kanada bilan chegaralarida ham qatnov cheklangan. Kongressda pandemiya sababli iqtisodiy tanazzulni bartaraf etish bo’yicha bir trillion dollarlik yordam paketi muhokamasi davom etyapti.

Xitoydan yordam

Virus tarqalishini to’xtatish bo’yicha Xitoy ko’rgan keskin choralardan boshqa davlatlar, jumladan, O’zbekiston ham nusxa olmoqda.

Hozirda COVID-19 bilan bog’liq o’lim holatlarining yarmidan ko’pi Yevropaga to’g’ri kelmoqda. Aniq raqamlar haqida gapirish qiyin, chunki o’lganlarning ko’pida boshqa kasalliklar ham bo’lgan. Ko’pgina mamlakatlarda virusni aniqlash testlari yo’lga qo’yilmagani bois infeksiya sur’ati ham noma’lum.

Inqiroz markazi o’zgarayotgan ko’rinadi. 21-mart kuni Xitoy pandemiya bilan kurashayotgan Yevropa davlatlariga tibbiy anjomlar, xususan, Gretsiyaga 500 mingta niqob yetkazdi.

Parij
Parij

Sog’liqni saqlash tizimlari zaif Afrika bo’ylab virusni yuqtirganlar 1000 dan oshdi. Gavjum shaharlarda odamlar bir-biridan uzoqroqda yurish haqida o’ylayotgani yo’q.

Navro’z kuni Eron koronavirusdan yana 123 kishi vafot etganini bildirdi. Mamlakat rahbarlari pandemiyani yengamiz deb ta’kidlasa-da, qattiq cheklovlar joriy etilmayapti. Eronda o’lganlar 1500 dan oshdi, kasallanganlar esa 20 mingdan ziyod.

Lotin Amerikasida Kuba va Boliviya ham chegaralarini yopishga qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG