AQShda tez yordam chaqirsangiz, ko’p hollarda o’t ochiruvchilar va tibbiyot xodimlari birgalikda yetib kelishadi. Har ikkisi tez tibbiy yordam ko’rsatishga birdek qodir. Favqulodda xizmatlar koronavirus mamlakat bo’ylab yanada kengroq tarqalishiga tayyorgarlik ko’rmoqda.
AQShda favqulodda xizmatlar kelasi bir necha hafta ichida koronavirus hollari keskin oshishiga tayyorlanmoqda.
Merilend shtati, Montgomeri okrugida tez yordam brigadalariga, ham bemorlar uchun, ham paramediklarning o’zi uchun qo’shimcha anjomlar berilmoqda.
“Qo’shimcha maskalar, xalatlar, ko’zni himoya qilish vositalari tarqatilyapti. COVID-19 virusini yuqtirganlar bilan, umuman, yo’tal va isitma kabi gripp alomatlari bo’lgan bemorlar bilan yuzlashishga tayyor bo’lishimiz kerak”, - deydi o’t o’chirish stansiyasi rahbari Skot Goldsteyn.
Tayyorgarlik doirasida tez yordam xizmatchilari so’nggi ma’lumotlarni olish uchun har kuni yig’iladi.
“Asosiy xizmatchilardan tashqari yuzlab volontyorlar ishlaydi bizda. Okrug aholisi esa milliondan oshiq”, - deydi kapitan Piter Dugan.
Kapitan Oskar Garsiya uchun virus tarqalishiga tayyor turish o’ta muhim.
“Hamma kerakli jihozlar, maskalar va himoya vositalaridan 10 tadan olib qo’yganmiz. O’t o’chiruvchilar uchun 10 ta respirator, bemorlar uchun alohida. Okrug bo’ylab 35 ta stansiyamiz bor. Favqulodda vaziyatda chaqiriladigan har bir brigadada virusni yuqtirganlarni izolyatsiya qilish uchun zarur vositalar bor”, - deydi u.
Unga ko’ra, ayrimlar immigratsion maqomi sababli yordam chaqirishga qo’rqadi.
“Bizning xizmatlarga zarurat tug’ilganda qo’rqmasdan 911 raqamiga qo’ng’iroq qiling. Bilingki, yordam kerak bo’lsa, biz uyingizga borsak, sizdan immigratsion qog’ozlaringizni so’ramaymiz”, - deydi Garsiya.
Koronavirus epidemiyasi sabab odamlar 911 ni terganida qo’shimcha uchta savol so’ralmoqda. Sizda yo’tal bormi? Isitma bormi? Nafas olishga qiynalayapsizmi?
Koronavirusga tayyorgarlik strategiyasi doirasida ko’chma shifoxonalar va favqulodda vaziyatlar uchun lagerlar tashkil etiladi.
Facebook Forum