Nyu-Yorkda 7-aprel kuni 731 kishi koronavirusdan jon bergan. Shtat bo'ylab shu kungacha 5500 odam bu kasallikdan vafot etgan.
Oq uy bu hafta Amerika uchun og'ir kechadi deya ogohlantirmoqda. Lekin Tramp ma'muriyati normal hayotga qaytish strategiyasi ustida bosh qotira boshlagan. Bu bir kunda bo'lmaydi, astalik bilan boshqariladigan nozik jarayon bo'ladi, deydi rasmiylar.
Sog'likni saqlash bo'yicha mutasaddilarga ko'ra esa eng murakkab kunlar hali oldinda.
Olimlar koronavirusga qarshi vaksinani sinay boshlagan. Dori-darmon va muolaja borasida ham imkoniyatlar kengaymoqda, deydi Prezident Tramp. Shunday ekan, Amerika va dunyo pandemiyadan chiqish uchun harakatni boshlashi lozim.
Kasalxonalar bugunga kelib bemorlarga qanday qarash, qay texnologiya qanchalik samara berayotgani haqida ham ko'proq tahlil va tajribaga ega, deydi mutaxassislar. Biroq bu bilan hozircha barcha bemorlarning hayotini asrab qolish imkonsiz. Keksa yoshdagilar, xususan boshqa og'ir kasalliklardan qiynaladigan odamlar koronavirusga bardosh bera olmasligi mumkin.
Prezident Tramp Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotidan norozi, chunki BMTning bu organi Oq uyni tanqid qilgan. Tramp bu tashkilotga mablag'ni kesish haqida o'ylamoqda. O'tgan yili AQSh 400 million dollar ajratgan. Eng yirik donor.
Koronavirus Amerikada qora tanlilarga ayniqsa kuchli zarba bermoqda, deydi shifokorlar. Vafot etganlarning salmoqli qismi afro-amerikaliklar ekani ma'lum.
Cherkovlarga qatnaydiganlar orasida virusni yuqtirganlar ko'pligi ibodatxonalarda ogohlik past bo'lganidan dalolat. Yaqin Sharq va Yevropa bo'ylab ham shunday holat kuzatilgan.
Facebook Forum