Breaking News

Tramp: Chora ko'rmaganimizda nima bo'lardi?


Oq uy, Vashington
Oq uy, Vashington

Prezident Tramp Oq uydagi kundalik brifingda deydiki, u gubernatorlar va Nyu-Yorkdek yirik shaharlarning merlari bilan bilan yaqin aloqada. Pandemiyaga qarshi kurashda qay hududga qanday tibbiy vosita va texnologiya kerak bo'lsa, sharoit yaratish lozim bo'lsa, federal hukumat yordam bermoqda, deydi Tramp.

Davlat rahbarining tan olishicha, bu hafta AQSh uchun "juda og'ir" kechishi aniq. Koronavirusni yuqtirganlar 400 mingga yaqinlashgan, jon berganlar esa 13 mingga. Tuzalganlar qariyb 22 ming. Jahon bo'ylab infeksiya hollari 1,5 millionga yetmoqda, o'lganlar esa 82 ming. Sog'ayganlar 300 mingdan oshadi.

Amerika pandemiyaga o'z vaqtida puxta tayyorgarlik ko'rmadi degan tanqid kuchli ekan, prezident har kungi chiqishida bu shikoyatni asossiz deya atamoqda. Kuniga o'rtacha 125 ming amerikalik ko'rikdan o'tayotgani, shuningdek, vaksina va dori-darmon ustida dadil harakat ketayotgani AQShning koronavirusni yengish uchun qattiq ter to'kayotganini anglatadi, deydi Tramp.

Konnektikut shtatidagi test markazida
Konnektikut shtatidagi test markazida

"Hech bir davlat test bobida biz bilan tenglasha olmaydi. Aniq va ilg'or texnologiyaga asoslangan sistema", - deydi u. "Biz boshqa davlatlar bilan ham bu borada hamkorlikda ishlayapmiz".

Oq uyga ko'ra, Amerikada koronavirusni yengish uchun yetarlicha mablag', texnik resurs va ilm bor. Xalqning sabr-matonati va irodasi ham yetib ortadi, deydi prezident.

Avvalo Xitoyga, keyinchalik Yevropa davlatlariga yopilish AQSh uchun oson qaror emas edi, deydi Tramp.

"Prezident sifatida men vahima qila olmas edim. Aksincha, xalqning ruhiyatini ko'tarib turishim, o'zimizga nisbatan ishonchni namoyon etishim kerak edi. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti aslida bizning cheklovlarimizni boshida olqishlamadi. Meni Xitoyga yopilganimiz uchun yomonlashdi, haqoratlashdi. Endi esa meni chora ko'rmaganlikda ayblashmoqda", - deydi Tramp.

"Chora ko'rmaganimizda yuz minglab amerikalik nobud bo'lgan bo'lardi".


"Amerika banklari va bizneslari kuchini yo'qotmagan. Kichik bizneslarni quvvatlash borasida xususiy sektor bilan yakdilmiz", - deydi u.

AQShda ishsizlik hozir 10 foizdan oshib ketdi, deya taxmin qilmoqda yirik OAVlar. Oq uy buni rad etadi, lekin favqulodda holat e'lon qilinganidan uch hafta o'tib, 10 milliondan oshiq amerikalik ishsiz ekanini da'vo qilib, hukumatdan yordam so'ragan. Hukumat ularga haftasiga 600 dollar to'laydi. Shunday qaror 2020-yilning iyul oyi oxirigacha kuchda.

"Amerikaliklar umidni ham, harakatni ham boy bermaydi. Bu og'ir davrdan birga chiqamiz. Agar hech qanday chora ko'rmaganimizda ahvolimiz qanday bo'lishi mumkinligini tasavvur qiling. Biz chora ko'rdik. Shoshmadik, qadamma-qadam bu baloga qarshi qanday kurashish masalasini hal etdik", - deydi Tramp.

Uning nazarida AQSh dollarining qadri baland.

"Bizning pulimiz - dunyoning puli. Shunday ekan, bu qudratimizga ishonishimiz kerak. Banklarimiz, aytganimdek, mustahkam. Bu degani sarmoya qilish to'xtamaydi. Foizlar nolda. Mamlakatimiz ochilishni boshlashi bilanoq iqtisodiyotimiz joyiga tusha boshlashiga ishonaman. Yuqori darajada o'sish bo'ladi".

Bu pandemiya Amerika ilm ahlini buyuk ixtiro va kashfiyotlarga yetaklaydi. Shu kungacha bu virus bilan bog'liq yo'nalishlarda izlanib kelayotgan olimlar endi yangicha shiddat bilan ishlab, dunyoni o'zgartiradi, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG