Breaking News

Tramp immigratsiyani cheklovchi hujjatni imzoladi


Mart o'rtalaridan beri AQSh konsullik xizmatlarining faoliyati deyarli to'xtagan. Favqulodda choralar yumshab, bu idoralar ishga qaytgach ham asosan noimmigratsion vizalar uchun murojaatlar ko'rib chiqiladi
Mart o'rtalaridan beri AQSh konsullik xizmatlarining faoliyati deyarli to'xtagan. Favqulodda choralar yumshab, bu idoralar ishga qaytgach ham asosan noimmigratsion vizalar uchun murojaatlar ko'rib chiqiladi

Grin-karta berish 60 kunga to'xtatiladi

Bugun Prezident Donald Tramp immigratsiyani cheklovchi farmonga imzo chekdi. Unga binoan kelasi 60 kun mobaynida AQSh grin-karta, ya'ni bu davlatga doimiy yashash va ishlash kelish uchun zarur hujjatni bermaydi. Odatda u Amerikada ishga yollangan yoki maxsus lotereya yutgan odamga beriladi. Cheklov keyin yana uzaytirilishi mumkin. Yiliga bir millionga yaqin xorijlik grin-karta orqali keladi.

"Ish o'rinlari avvalo amerikaliklar uchun... Hozir biz ularning manfaatlarini hammanikidan ustun qo'yishimiz kerak. Shunday ekan, chet eldan xizmatchi yollashni va ularni taklif qilishni cheklaymiz, vaqtincha," - deydi Tramp.

Cheklovdan mustasno taraflar: allaqachon Amerikada bo'lib, statusini yangilayotganlar; shifokorlar va tibbiy xodimlar va agar Amerika fuqarosi sifatida yaqinlaringiz uchun grin-karta topshirgan bo'lsangiz.

Koronavirusga qarshi favqulodda chora sifatida Tramp mart oyidan buyon siyosiy boshpana berishni ham to'xtatgan. Amerika qochqinlarni qabul qilmayapti.

Amerika ochilganida turli vizalar berish qayta yo'lga qo'yiladi. AQSh darvozalari xorijliklarga ochiq bo'ladi, biroq doimiy ishlash va yashash uchun kelishga murojaat qilganlar kutishga majbur bo'ladi.

Grin-karta lotereyasini yutib, immigratsiya jarayonini boshlaganlarning ishi ham sekinlashadi. Bu yilgi lotereya natijalari chiqqan taqdirda ham yutganlarning hujjatlarini ko'rib chiqish sustlashishi kutilmoqda. Hozircha bu dasturda biror o'zgarish yo'q.

Mart o'rtalaridan beri AQSh konsullik xizmatlarining faoliyati deyarli to'xtagan. Favqulodda choralar yumshab, bu idoralar ishga qaytgach ham asosan noimmigratsion vizalar uchun murojaatlar ko'rib chiqiladi.

Siyosiy tahlilchilar nazarida bu cheklov amalda Oq uy ko'zlagan natijani bermasligi aniq, ya'ni bu farmon bilan amerikaliklar uchun imkoniyatlar kengayib qolmaydi. Lekin, deydi ekspertlar, bu cheklov bilan prezident immigratsiya tizimini o'zgartirdim deya iddao qila oladi.

Immigratsiya masalalarini o'rganuvchi markaz rahbari Mark Krikorian va tadqiqotchi Frank Sherri fikricha, Tramp bu ishni siyosiy manfaat uchun qilmoqda, amaliy natija uchun emas.

Oq uy bu tanqidni qat'iyan inkor etadi. Trampning saylov kampaniyasi matbuot kotibi Tim Murto deydiki, 22 milliondan oshiq amerikalik ishidan ayrilib, davlatdan yordam so'rab turganida prezidentning har bir qarori ularga malhamdir.

Qayta ochilish uchun harakat

Boston, Chikago, Detroyt va boshqa yirik shaharlarda koronavirus chekinmoqda. So'nggi kunlardagi ko'rsatkichlar shundan darak bermoqda. Pandemiya ko'lamining astalik bilan torayib borayotgani bizni normal hayot tomon dadil qadamlar tashlashga undaydi. Bu oson bo'lmaydi, albatta, lekin shtatlar sekin-sekin ochila boshlaydi, deydi prezident.

Koronavirusga qarshi kurash komissiyasi aholini o'zini ehtiyot qilishga chaqirishda davom etmoqda. Kuzga borib gripp kengroq tarqala boshlaydi. Koronavirus o'shanda ham to'xtamagan bo'ladi va odamlar o'zlarini har ikkisidan birdek himoya qilishga harakat qilishi lozim, deydi sog'liqni saqlash mutasaddilari. Grippga qarshi emlanish - eng to'g'ri qaror, deydi Oq uyning tibbiy maslahatchilari.

Qayta ochilish uchun har bir shtatda 14 kun mobaynida koronavirus tarqalishi muntazam ravishda kamaygan bo'lishi kerak. Jorjiya shtati bu qoidaga rioya qilmay shu hafta oxirida ochilishi mumkin.

"Biz bunga qat'iyan qarshimiz, lekin gubernator Brayan Kemp bu borada o'zi qaror qiladi", - deydi Tramp.

20 shtat, Amerika aholisining 40 foizini qoplovchi hududlarda, yaqin kunlarda ochilishning birinchi bosqichi boshlanishi kutilar ekan, Oq uy ularga yordam berishga shay. Biroq har bir shtat ochilish uchun vaqt kelganini o'zi his qilib, pandemiyaga qarshi choralarni yumshata boshlashi kerak.

AQSh pandemiyadan zarar ko'rayotgan barchaga, xususan afro-amerikaliklarga yordamni ayamaydi. Kongress ajratayotgan har bir dollarda ularning haqqi bor, deydi prezident. Bemorlar va ularning oilalari manfaati, qolaversa har bir amerikalikning foydasi ko'zlangan choralar bular, deydi Tramp.

"Nohukumat tashkilotlarga, korxona va xususiy sektorga beriladigan ko'mak ortida Amerikada barcha jabhalarni tiklash va kuchaytirish niyati turibdi".

Koronavirus testini barcha istagan shaxslar uchun taklif qilish yo'lga qo'yilmoqda va bu imkoniyat ko'plab shtatlarda allaqachon mavjud, deya davo qilmoqda Tramp.

"Oq uy Kongressdan yana qanday yordam so'rash zarurligi haqida bosh qotirmoqda. Qonunchilar talabni qondirish uchun o'z vaqtida va sidqidildan harakat qiladi degan umiddamiz."

Millionlab odamlar ishsiz ekan, bu muammoga qarshi kurash Amerika uchun birlamchi masala, deydi Tramp. Ishsizlik mart oyi boshidagi darajaga tushishi kerak, deydi Tramp, ya'ni 4 foizdan pastga.

Prezidentlikka qayta saylanish umidida ekan, u kelasi oylarda iqtisodiyotni ko'tarish uchun barcha vakolatlarini ishga solishga bel bog'lagan.

22-aprelda AQShda koronavirusga chalinganlar 849 mingga yaqinlashgan, undan o'lganlar 47 mingdan oshgan, tuzalganlar esa 84 mingdan ziyod.

Jahon bo'ylab 2,6 milliondan oshiq odam virusni yuqtirgan, 184 mingga yaqin odam undan vafot etgan, sog'ayganlar esa qariyb 718 ming.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG