Breaking News

Tramp tarafdorlari karantinni qoralab namoyishlar uyushtirmoqda


Kaliforniya
Kaliforniya

Qo’shma Shtatlar koronavirusni yuqtirganlar va undan vafot etganlar soni bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda bo’lishiga qaramasdan mamlakat bo’ylab uyda o’tirishga qarshi namoyishlar avj olmoqda.

Oklaxoma, Texas, Virjiniya kabi shtatlarda hukumatni azaldan qoralovchi guruhlar, Prezident Donald Trampning tarafdorlari, vaksinani zarar deb biladigan faollar, qurolga egalik qiish huquqi himoyachilari va boshqa o'ngchi guruhlar karantin choralari ortida qandaydir qora maqsad yotibdi, deb ishonadi.

Bu guruhlar ijtimoiy uzoqlashuv qoidalariga ortiq amal qilmasligini aytmoqda. Norozilik aksiyalari “Facebook” orqali targ’ib qilinmoqda. Ayrim namoyishlarni Trampga aloqador guruhlar qo’llab-quvvatlayapti.

Florida
Florida

Ogayoda konservativ siyosatchi Melissa Akison pandemiyadan g’azabda.

“Uyda o’tirish haqidagi buyruqlar hukumat haddidan oshganini ko’rsatadi”, - deydi 10 yoshli o’g’li bilan namoyishga chiqqan Akison. Virusdan qo’rqmayman, deya qo’shadi u.

Qo'llarida bayroqlar, plakatlar va qurol, “Amerikani yana buyuk qil!” shiori tushirilgan kepkalarni kiyib olgan odamlar mahalliy hokimiyat binolari tashqarisida namoyishlar uyushtirmoqda. Eng kattasi yaqinda Michiganning Lansing shahrida bo’lib o’tdi.

Mamlakat qayta ochilishi kerak deb kelayotgan Prezident Tramp yakuniy qarorni shtatlar gubernatorlariga qo’yib bermoqchi. Tibbiy ekspertlarning ogohlantirishicha, cheklovlarni erta bekor qilish virusning ikkinchi to’lqiniga sabab bo’lishi mumkin.

Kentukki
Kentukki

Michigandagi namoyishda gubernatorni “panjara ortiga tashlang” degan chaqiriqlar yangragani Trampning 2016-yilgi yig’inlarini eslatdi. O’shanda bu chaqiriqlar Trampning raqibi Hillari Klintonga qaratilgan edi. Ayrim namoyishchilar Michigan gubernatori Gretchen Vitmerni natsistlarga qiyoslagan.
AQSh rahbari namoyishchilarga hamdard ekanini aytib, karantin qoidalarini buzayotganlar virusni yuqtirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni rad etmoqda.

“Ular menga quloq tutadi, meni yoqtiradi, fikrlarimni hurmat qiladi. Aksar gubernatorlar ham men bilan hamfikr. Ortiq uyda o’tirishni hech kim istamaydi”, - deydi Tramp.

Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aksar amerikaliklar hukumat joriy etgan cheklovlar, jumladan, maktablarni yopish, yig’ilishlarni man etish, bar va restoranlarni yopish qarorini qo’llab-quvvatlaydi.

Aholining 75 foizi uyda qolish talabini to’g’ri deb hisoblaydi. Aksar demokrat va respublikachilar mahalliy organlar ishini ijobiy baholaydi.

Michigan
Michigan

19-aprel holatiga ko'ra, AQShda koronavirusni yuqtirganlar 750 mingga, undan vafot etganlar 40 mingga, sog'ayganlar 70 mingga yaqinlashmoqda. Kasallanganlar soni bo'yicha Ispaniya ikkinchi o'rinda - 196 ming. Uchinchi o'rinda Italiya - 179 ming.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG