Prezident Donald Tramp deydiki, Amerika qachon ochilishini hal qilish, bu borada federal miqyosda qaror qilish uning vakolatidir.
"Albatta, sharoitga qarab ish tutamiz", - deydi prezident.
Lekin xavotir shuki, Tramp koronavirus pandemiyasi hamon avjida bo'lgan paytda bunday qaror chiqarishi mumkin. Shtatlar uni shoshmasdan rejalashga chaqirmoqda. Xalq salomatligini ta'minlash - birlamchi vazifa, deya eslatmoqda, gubernatorlar.
"Prezident vakolati nimadan iborat ekanini bilamiz. Kuch-qudrat prezidentda", - deydi Tramp.
Qo'shma Shtatlar bo'ylab iqtisodning ochilishi shtatlardagi ahvoldan kelib chiqib belgilansa, demak, gubernatorlar o'z vakolatlariga binoan ish ko'radi.
Mart oyi o'rtasida favquloqqa vaziyat e'lon qilinganida, xalqqa uyda o'tirish buyurilmagan. Lekin shtatlarda gubernatorlar bunday talabni qo'ydi. Ularni bekor qilish - mahalliy rahbarlarning iznida.
Federal miqyosda hukumat odamlarga uyda o'tirishni va masofa saqlashni tavsiya qildi, aeroportlar faoliyatini chekladi va favqulodda vaziyatda Oq uy va vazirliklar nimaiki qila olsa, shularni amalga oshirish bilan band.
Oq uy, deydi gubernatorlar, shtatlardagi vaziyatga ko'z yumgan holda ularga nima qilishni buyura olmaydi.
Michigan shtatining demokrat gubernatori Gretchen Uitmer Trampning "Twitter" tarmog'idagi e'lonlarini kesatib, "davlat tvit orqali emas, shtat darajasida", ya'ni mahalliy ahvolga qarab ochiladi, deydi.
Nyu-York, Nyu-Jersi, Konnektikut, Pensilvaniya, Delaver va Roud-Aylend shtatlari bu borada birga qaror qilishga kelishib olgan. Ular nazarida, ochilish uchun hali erta: vaziyat hamon juda og'ir va eng mashaqqatli bosqichdan o'tib bo'lingani yo'q.
Tramp esa o'zining konstitutsion vakolatlarini maxsus bayonot orqali eslatib qo'ymoqchi. Oq uydan mazkur vakolatlar "naqadar asosli ekani xususida" e'lon kutilmoqda.
Mississippi shtatining respublikachi gubernatori Teyt Rivs Tramp tarafini olmoqda. Uning fikricha, shtatlar Vashington bilan bir yoqadan bosh chiqargan holda normal hayotga qaytish borasida murosa qilishi lozim.
Pandemiya xavfini o'z vaqtida tahlil qilib, unga qarshi zarur choralar ko'rmaganlikda ayblab kelinayotgan Oq uyga ko'ra, koronavirus bilan bog'liq har qanday qaror tibbiyot sohasi egalari va sog'liqni saqlash mutasaddilari maslahatiga tayangan holda qilinadi.
Demokratlar bunga ishonmaydi. Ular nazarida, prezident "bu jarayonda ham xato siyosat yuritadi" va mutaxassislarning tavsiyalariga quloq solmasligi mumkin.
Oq uy esa pandemiyani yengish prezident uchun ustuvor maqsad ekan, har bir qadam aynan kasallik qaytmasligini va yana avj olmasligini ta'minlagan holda tashlanishini bildirmoqda.
13-aprelga qadar AQShda koronavirusga chalinganlar 600 mingga yaqinlashdi, o'lganlar esa 24 mingga. Tuzalganlar qariyb 37 ming.
Dunyo bo'ylab, kasallanganlar 2 millionga yetmoqda. Vafot etganlar 120 ming. Sog'ayganlar 445 ming.
-
Amerika Ovozi
"Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.
Facebook Forum