Breaking News

Pandemiya bilan kurash soyasida Tramp yangi vakolatlarni qo’lga kiritdi


Qo’shma Shtatlar koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotgan bir paytda, Prezident Donald Tramp o’z ta’sir kuchi va vakolatlarini ham kengaytirmoqda. Favqulodda holat e’lon qilinishi unga Nyu-York va Los-Anjelesga gospital kemalarni jo’natish, avtozavodlarga tibbiy vositalar ishlab chiqarishni buyurish, aholini emlashga doir qoidalarni o’zgartirish huquqini berdi.

Bu va boshqa qadamlar aholi salomatligi uchun o’ta muhim deb ko’rilsa-da, fuqaro erkinliklari va demokratik boshqaruvni cheklash hisobiga qo’yilmoqda.

Ayni damda Tramp ma’muriyati jamiyat sog’ligini vaj qilib, hujjatsiz muhojirlarni hibsga olish va zudlik bilan deportatsiya qilish vakolatiga ega. Oq uy, shuningdek, pandemiya sabab ajratilgan trillionlab dollar mablag’ qanday sarflanishini nazorat qiluvchi federal inspektorlarni bosimga olmoqda.

Huquqshunos professor Kimberli Vel fikricha, ikki inspektor prezident tomonidan ishdan olingani favqulodda vaziyatda “hokimiyatni kuchaytirishga” urinishdir.

“Bu qonun ustuvorligi va hukumat hisobdorligi uchun jiddiy zarba. Inspektorlarning vazifasi – jamoatchilikni firibgarlik, isrofgarchilik va huquqbuzarlikdan himoya qilish”, - deydi u.

Konstitutsiya bo’yicha konservativ ekspertlar nazarida esa Tramp Kongress unga bergan vakolatlar doirasida ish tutayapti.

“U konstitutsiyadan o’ziga qo’shimcha vakolatlarni siqib chiqarishga harakat qilayotganini sezmayapman”, - deydi professor Saikrishna Prakash.

Vengriyada, masalan, barcha saylovlar bekor qilinib, boshqaruv butunlay Bosh vazir Viktor Orban qo’liga o’tdi. Britaniyada hukumat chegaralarni yopish va virusni yuqtirganlikda gumon qilinganlarni ushlash vakolatiga ega.

Tramp hozircha butun mamlakatda karantin e’lon qilish kabi ekstremal choralarga borgani yo’q, ammo favqulodda vaziyat vositalaridan to’liq foydalanmoqda. Jumladan, 1976-yilda qabul qilingan Favqulodda vaziyatlar to’g’risidagi qonundan. Ushbu hujjat prezidentga yana 136 qo’shimcha qonundan foydalanishga imkon beradi.

Bu choralar ijroiya hokimiyatining kengayishi va fuqaro erkinliklari cheklanishi yuzasidan xavotirlarga sabab bo’lsa-da, qarshilikka uchrayotgani sezilmaydi.

Odatda, urush yoki favqulodda holatlarda amerikaliklar davlat rahbari atrofida birlashadi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida Prezident Franklin Ruzvelt aksar aholining quvvatlovi bilan amerikalik yaponlarni qamoq lagerlariga jo’natgan.

“COVID-19" jamoat salomatligi uchun jiddiy tahdid, lekin erkinlik va demokratik boshqaruv uchun tahdid bo’lmasligi kerak”, - deydi dunyo bo’ylab erkinlik darajasini kuzatuvchi tadqiqotchi Nik Robinson.

Yangi vakolatlar inqirozdan keyin ham saqlab qolinishi to’g’risidagi xavotirlar asossiz emas. 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan so’ng Bush ma’muriyati, xususan, fuqarolarni kuzatish vakolatini qo’lga kiritgan edi. Uni Kongress va sudlar orqali bekor qilish uchun o’nlab yil vaqt ketgan.

Immigratsiya

Tramp ma’muriyati qo’lga kiritgan favqulodda vakolatlar ayniqsa immigratsiya sohasida yaqqol namoyon bo’lmoqda. O’tgan oy Meksika va Kanada bilan chegarada qatnov cheklandi.

Oq uy AQShdan boshpana so’rab kelayotganlarni himoya qilmaslik taklifi bilan chiqdi. Kongress buni rad etgach, boshpana arizalarini rad etishning bosh yo’li topildi. Endilikda hukumat Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi orqali mamlakatga ruxsatsiz kirayotgan immigrantlarni “jamoat sog’lig’iga tahdid” deya belgilamoqda.

Ushbu maqom AQShga boshpana izlab kelayotganlarni o’z mamlakatiga qaytarish huquqini beradi, deydi Migratsiya siyosiy institutidan Sara Piyers.

Natijada Markaziy Amerika mamlakatlaridan kelayotgan muhojirlar tezda orqaga qaytarilmoqda. Ular oldingidek immigratsiya xizmati xodimi bilan gaplasha olmaydi.

Sara Piyers fikricha, COVID-19 bilan bog’liq yangi qoidalarni inqirozdan keyin ham bekor qilish oson bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG