AQShda muhojirlarning davlatga moddiy tomondan yuk bo’lishi mumkinligi ehtimolini qattiqroq tekshiradigan yangi tartib kuchga kirmoqda. Tanqidchilar uni odamlarni irqiy kamsituvchi “boylik tekshiruvi” deb atamoqda. O’tgan oy mamlakat Oliy sudi AQShda doimiy yashashni xohlayotgan muhojirlarni shunday tekshiruvdan o’tkazishga Tramp ma’muriyatining haqqi bor, degan qaror chiqargan edi. Bu chora iqtisodiy ahvoli nochor immigrantlarning yo’liga to’siq bo’lishi mumkin.
Yangi qoidaga ko’ra, AQSh konsulligi yoki immigratsiya xodimlari hukumatdan pul yoki boshqa ko’rinishda moddiy yordam olgan yoki shunday ko’mak olishi ehtimoli yuqori bo’lgan shaxslarga viza bermasligi yoki maqomini o’zgartirish arizalarini rad etishi mumkin.
Faollar yangi chora iqtisodiy ahvoli nochor bo’lganlarni kamsitishini aytmoqda.
“Mulki ko’proq bo’lganlar xavfdan xoli, lekin ta’limi yaxshi bo’lmaganlar yoki katta oilalar, daromadi kam bo’lganlar bu tekshiruvdan o’ta olmasligi mumkin”, - deydi tahlilchi Mark Grinberg.
Ekspert Mark Grinberg fikricha, qashshoq, oq tanli bo’lmagan mamlakat vakillari orasida AQShga viza yoki “grin karta” ololmaydiganlar soni oshadi.
“Yevropa, Avstraliya yoki Yangi Zelandiyaga qaraganda Meksika, Lotin Amerikasi yoki Karib havzasidan kelib “grin karta” olganlar uchun buning salbiy ta’siri katta bo’ladi”, - deydi u.
Tekshiruv tarafdorlari diskriminatsiya ehtimolini rad etmoqda.
“Bu qoida hammaga, barcha irq vakillariga amal qiladi. Oqmisiz, yashil, jigarrang, sariq yoki qaysi davlatdan bo’lishingizdan qat’i nazar. Agar iqtisodiy ahvolingiz yaxshi bo’lsa, boshqa bir davlatdagi boshqa bir irq vakiliga qaraganda AQShga kelish imkoniyatingiz yaxshiroq bo’ladi”, - deydi tahlilchi Mayk Houel.
Bu tartib ortidan AQShga beriladigan vizalar va grin kartalar soni kamayishi kutilyapti.
Ichki xavfsizlik vazirligiga ko’ra, arizachilar AQShdan ish taklifi, homiylik xati, bank ma’lumotlari kabi moliyaviy hujjatlarni taqdim qilsa, viza olish imkoniyati oshadi.
Ba’zilar soliq to’lovchilar pulining tejalishi va amerikalik ishchilar manfaati himoya qilinishidan xursand.
“Soliq to’lovchilar kattaroq hukumat va ijtimoiy yordam dasturlari orqali boshqalarning xarajatini qoplab kelmoqda. Bu oziq-ovqat dasturi, jinoyatchilikka qarshi kurash xarajatlari, sog’liqni saqlash va hokazo bo’lishi mumkin”, - deydi Houel.
Yirik AQSh korporatsiyalari yangi qoidadan norozi. Ularga ko’ra, xorijlik iqtidorlarni yollash endi yanada qiyinlashadi. Avvalroq Oq uy boshqaruvchisi Mik Malveyni ham mamlakat qonuniy migrantlarga o’ta muhtoj ekanini aytgan edi.
Yangi tartib 24-fevraldan boshlab Illinoysdan tashqari barcha shtatlarda kuchga kiradi. Illinoysda unga qarshi sud ishi hanuz davom etmoqda.
Facebook Forum