Har yili dunyoning turli mamlakatlaridan minglab ayollar homiladorlik davrida AQShga kirib, farzandini shu yerda tug’adi va chaqaloqqa avtomatik ravishda fuqarolik beriladi. Tramp ma’muriyati “tug’uruq turizmi” deb atalmish bu amaliyotga chek qo’yish maqsadida yangi viza qoidalarini joriy qildi. Yangi tartibga ko’ra, ayol tug’ish uchun AQShga borayotgani gumon qilinsa, unga viza berilmaydi.
2018-yilda Floridada Noila Valiyeva bilan suhbatlashgan edik. U asos solgan “Baxtli bolalik” nomli kompaniya minglab dollar to’lov evaziga bo’lajak onalarga Amerikada tibbiy xizmat, uy-joy olish yo’lida hujjatlarni tayyorlashda ko’maklashadi.
“Mayamiga kelib tug’ish qonunga zid emas. Ko’pchilik AQSh tibbiyotini dunyodagi eng zo’r tizimlardan deb biladi. Iqlim ham ajoyib. Onalar uchun barcha sharoit bor, ularga qiyin bo’lmaydi”, - deydi Valiyeva.
Tramp ma’muriyati “tug’uruq turizmi” deb atalmish bu amaliyotga chek qo’ymoqda. Rasmiylarning bildirishicha, AQShda farzand ko’rish va shu orqali unga fuqarolik olishni maqsad qilgan ayollarga viza berilmaydi.
Davlat departamentiga ko’ra, yangi tartibdan maqsad – Amerika fuqaroligini ekspluatatsiyadan himoya qilish.
Biroq immigratsiya bo’yicha tahlilchi Sara Piyers yangi qoidalarga zarurat yo’qligini aytadi. Uning aytishicha, konsullik xizmatchilari shundoq ham qator sabablarga ko’ra, jumladan tug’ish uchun AQShga ketayotganlarga, vizani rad etish vakolatiga ega.
“Elchixonalardagi konsullik xodimlaridan tug’uruq turizmiga yo’l qo’ymaslikni so’rash - ularga ortiqcha bosim bu. Aslida bunday qoidalar ilgaridan bor”, - deydi Piyers.
2018-yilgi intervyuda rossiyalik ayol AQShda farzand ko’rish osonroq ekanini aytgan edi.
“Rossiyada homiladorlikka kasallikday qarashadi. Shifokorga boraverasiz, ming bitta analiz topshirasiz. Amerikada jarayon oson. Sonogramma bilan bolaning yuragini eshitib, keyingi ko’rikkacha erkinsiz”, - deydi Katerina Xramova.
Tramp ma’muriyati tug’uruq turizmini cheklashi yangilik emas.
O’tgan yili dekabrda xitoylik ayol viza firibgarligida aybdor topilgan edi. U xitoylik badavlat mijozlaridan 80 ming dollargacha haq olib, ularni elchixonada suhbatdan o’tishga tayyorlab, tug’ish uchun AQShga kelishiga ko’maklashgan.
Prezident Tramp saylanibdiki, immigratsiyani cheklash yo’lidan bormoqda. Tug’uruq turizmiga qo’yilayotgan cheklov ham, uning nazarida, saylovda unga yordam beradi.
Facebook Forum