Breaking News

AQSh vizasini olishga uringan "soxta san'atkorlar" sudlanmoqda


AQSh Adliya vazirligi binosi
AQSh Adliya vazirligi binosi

Armanistonliklarni soxta hujjatlar bilan AQShga olib kelishni maqsad qilgan firibgarlik ishiga oid yana bir shaxs o'z aybini bo'yniga oldi.

Asli armanistonlik va Kaliforniyada doimiy yashovchi 32 yoshli Xrachya Atoyan xorijliklarni milliy raqs ustalari sifatida tanishtirib, ularga AQShga kelish huquqini beruvchi "Madaniy jihatdan o'ziga xos san'atkor" vizasini olish bilan shug'ullangan guruh a'zosi bo'lgan.

Atoyan va uning sheriklari AQShga viza olib berish xizmatlari uchun Armaniston fuqarolaridan $3000 dan $10 000 gacha haq olgan.

Jinoiy guruhning rahbari sifatida ko'rilayotgan nyu-yorklik Stella Boyadjian mart oyida aybini bo'yniga olgan, lekin hali sud hukmi chiqqani yo'q.

Diana Grigoryan ismli yana bir armanistonlikka shu ish bo'yicha ayb qo'yilgan.

Tergovchilarning aytishicha, Boyadjian soxta da'volar bilan viza olish uchun o'zi tuzgan "Big Apple Music Awards Foundation" tashkilotidan foydalangan.

Boyadjian va sheriklari o'z maqsadlariga erishish uchun qalbaki raqs sertifikatlarini yaratgan; viza olmoqchi bo'lgan shaxslarga raqs kiyimlarini kiydirib, suratlarga tushirgan hamda ularning Amerikaga kelish sabablarini asoslash uchun soxta konsert e'lonlarini tayyorlagan.

Madaniy vizalar AQShga vaqtincha muddatga kelib, bu yerda san'at namoyish qilish, dars berish yoki treninglar o'tkazish huquqini beradi. Soxta yo'llar bilan bu vizani qo'lga kiritganlar AQShda doimiy qolib ketish niyatida bo'lgan.

Atoyan ustidan sud hukmi 2020-yil 20-fevralda chiqishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG