AQShda kelib chiqishi armanistonlik bo’lgan viza firibgari Stella Boyajian ustidan sud davom etmoqda. Nyu-Yorkda istiqomat qiladigan Boyajian so’nggi ikki yil mobaynida armanistonlik vatandoshlaridan AQSh vizasini va’da qilib, kishi boshiga 15 ming dollargacha pul olib kelgan. Aksariyat hollarda va’dasining ustidan chiqqani uchun vatandoshlarining ishonchini qozongan.
Boyajian noyob san’at ustalari, folklor madaniyat namoyandalari AQShga qonuniy kelib, san’atlarini namoyish qilib, malaka oshirib, so’ng vatanlariga qaytishini nazarda tutadigan P-3 vizasini aslida bu vizaga mos bo'lmagan odamlarga olishda ko’maklashib kelgan.
Prokurorlarga ko’ra, Boyajian va uning ikki sherigi viza hujjatlari tayyorlab berilayotgan “Armaniston an’anaviy musiqa ijrochilari va xonandalari” aslida san’atkor bo’lmaganini yaxshi bilishgan. Vizaga erishish maqsadida jinoiy guruh AQShda soxta konsert plakatlarini ham chop etgan.
Ayni damda sud ishida kamida 10 ta viza murojaatlari ko’rib chiqilmoqda. Biroq prokurorlar jinoiy ish ko’lami bundan ham ortiq bo’lishi ehtimollariga oydinlik kiritmagan.
AQSh fuqaroligini olgan Boyajian o’ziga qo’yilgan 15 ayblovning uchtasiga iqror bo’lgan. Ayblanuvchi 12 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.
Facebook Forum