AQSh Senati Prezident Donald Trampga Kongress ruxsatisiz Eronga harbiy zarba berishni cheklovchi qaror qabul qildi. 100 senatordan 55 nafari – barcha demokratlar va sakkiz nafar respublikachi ushbu chorani qo’llab-quvvatladi.
Hujjat demokratlar ko’pchilikni tashkil etuvchi Vakillar palatasida ham yoqlanishi oydek ravshan, biroq Tramp unga veto qo’yishi kutilmoqda. Prezident vetosini bekor qilish uchun har bir palata qonunchilarining uchdan ikkisi unga qarshi ovoz berishi kerak, biroq bunday bo’lishi imkonsiz.
Trampning ovoz berishdan oldin “Twitter” orqali aytishicha, agar Senat mamlakat xavfsizligi haqida o’ylasa, rezolyutsiyaga ovoz bermasligi kerak. Tramp nazarida, uning harbiy harakatlarni amalga oshirish vakolatini cheklash Amerikaning Eron oldida zaifligini ko’rsatish demakdir. AQSh prezidenti bu ishda demokrat qonunchilarni ayblarkan, ularning maqsadi Respublikachilar partiyasi faoliyatiga to’sqinlik qilish, deydi.
Senat qarori mualliflaridan biri, demokrat-senator Tim Keynning aytishicha, urush e’lon qilishga kelganda Kongress o’z konstitutsion vakolatini tiklashi kerak.
“Urush e’lon qilish Kongressning vazifasidir. Biroq qo’shinlarimizni urushga yuborishdan oldin masalani obdon muhokama qilishimiz kerak. AQSh prezidenti Qo’shma Shtatlarni muqarrar hujumdan himoya qilish salohiyatiga doim ega bo’lishi kerak. Ammo bizning idoramiz hujumga o’tib, harbiy kuch qo’llashga qaror qiladigan idoradir”, - deydi Keyn.
Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonelning aytishicha, agar AQSh rahbarlari Erondek kichikroq tahdid yuzasidan birdam bo’la olmasa, Rossiya va Xitoy kabi ancha qudratliroq raqiblar Senat qarorini noto’g’ri tushunishi mumkin.
Trampning Eronga hujum qilish vakolatini cheklovchi Senat qarorini demokratlar kabi Rend Pol, Mayk Li, Syuzan Kollins, Todd Yang va Jerri Moran kabi respublikachi qonunchilar ham ma’qulladi.
Yanvar oyida Vakillar palatasi prezidentga Kongress ruxsatisiz xorijdagi harbiy amaliyotga pul ajratishni cheklovchi qaror qabul qilib, prezidentlarga harbiy kuch ishlatishga vakolat beruvchi 2002-yilgi qonunni bekor qilishga ovoz berdi. Tramp ushbu hujjatlar Senatda ham tasdiqlansa, ularga veto qo’llashini bildirgan.
Facebook Forum