Breaking News

AQSh-Eron mojarosi: Endi nima bo'ladi?


Qo’shma Shtatlar va Eron yadro dasturi bo’yicha yangi, keng qamrovli bitim imzolashi ehtimoldan yiroq. Tehron 2015-yilda erishilgan xalqaro kelishuv shartlariga ham ortiq rioya qilmayapti. Bu degani, islomiy respublika uran boyitishni qayta boshlagan va yanada kuchli sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin. Inqirozni hal qilishga qaratilgan diplomatik choralar natija bermayotgan ko’rinadi.

Prezident Hasan Ruhoniy AQSh bilan muloqotga qarshi emas, biroq u Prezident Donald Trampga ishonmasligini aytmoqda.

“Qani edi oldimizda ishonchli odamlar bo’lsa, ish oson bolardi. Narigi tomonga ishonch yo’q ekan, juda qiyin masala bu”, - deydi u.

Ruhoniy shu hafta qilgan nutqida mamlakati ko'proq uran boyitayotganini, shu bilan birga harbiy qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga harakat qilayotganini ta'kidlab o'tdi.

AQSh Eron generali Qosim Sulaymoniyni dron bilan o’ldirishi ketidan vaziyat hozircha yumshagan. Tehron amerikalik harbiylar joylashgan Iroq bazalariga raketa zarbalari bilan javob qaytardi.

Devorda Qosim Sulaymoniy surati, Tehron
Devorda Qosim Sulaymoniy surati, Tehron

Bu voqealardan so’ng Eronda namoyishlar boshlanib ketdi. AQSh sanksiyalari bois mamlakatda iqtisodiy ahvol tobora yomonlashmoqda. Harbiylar yo’lovchi samolyotni urib tushirgani ham xalq g’azabini qo’zg’adi.

Tehron yadroviy yoqilg’i ishlab chiqarishga qayta kirishar ekan, Yevropa davlatlari ham o’z sanksiyalarini joriy qilishi mumkin.

"Fikrimcha, ular ham AQShning maksimal bosim kampaniyasiga qo’shilib, Eron hukumatiga Prezident Tramp qo’ygan shartni qo’yadi. Ya’ni, o’zingizni normal davlatdek tutmasangiz, iqtisodiy jazo choralari ko’riladi”, - deydi tahlilchi Richard Goldberg.

Xabarlarga ko’ra, Tramp ma’muriyati Yevropadagi ittifoqchilardan Eronga sanksiya qo’yishni talab qilmoqda. Aks holda AQSh Yevropa avtomobillariga tarif qo’yishini bildirgan.

Tahlilchilar fikricha, Eron AQShda yaqinlashayotgan prezidentlik saylovini kutmoqda.

“Tehron Vashingtonda hukumat o’zgarishini kutyapti. Ularning umidi shuki, agar Demokratlar partiyasidan prezident g’olib chiqsa, eski yadroviy kelishuv tiklanadi”, - deydi tadqiqotchi Jeyms Filips.

Prezident Hasan Ruhoniy yadro zavodini ko'zdan kechirmoqda
Prezident Hasan Ruhoniy yadro zavodini ko'zdan kechirmoqda

AQSh nafaqat Eronning yadro dasturi cheklanishini, balki ballistik raketalari kamayishi va jangari guruhlarga homiyligi tugatilishini istaydi.

Biroq ekspertlar fikricha, Eronni bosim bilangina muzokaraga ko’ndirib bo’lmaydi. Keng qamrovli diplomatik sa’y-harakatlar imtiyoz va siylovlarni ham o’z ichiga olishi kerak, deydi ular.

“Eron yangi bitimga ko’nsa, sanksiyalar yumshatilishi haqida aniq aytishimiz kerak. Bunday bitimni ittifoqchilarimiz ham qo’llab-quvvatlagan bo’lardi”, - deydi siyosatshunos Richard Xaas.

Shimoliy Koreyada esa Trampning “maksimum bosim” o’tkazish strategiyasi hanuz aniq natija bermadi. Yuqori darajadagi muloqotlar sanksiyalarni yumshatish masalasiga kelganda to’xtab qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG