Breaking News

COVID-19: Janubiy chegarada nima gap?


Jeklin Reyes va uning 15 yoshli qizini AQSh chegara patrul xodimi ortga qaytardi. Ona-bolaning zorini ham eshitib o’tirmadi. Pandemiya tufayli janubiy chegaradan hech kim qabul qilinmasligini aytdi xolos.

Prezident Donald Tramp ma’muriyati boshpana berish siyosatini pandemiya tufayli to’xtatib turishga qaror qilgan. Bunday holat so’nggi o’n yillikda ilk bor qayd etilmoqda.

“Chegara xodimi koronavirus pandemiyasi va karantin sababli ortga qaytishimiz lozimligini aytdi. Bizning gapirishimizga ham izn bermadi”, -deydi 24-mart kuni Meksikaning Reynosa hududidagi maxsus punktga joylashtirilgan Jeklin.

U jinoyatchilik avjiga chiqqan vatani Gondurasga qaytishga qaror qilgan edi. Ukasining o’ldirib ketilgani, yetti yashar qizi onasi bilan Nikaragua chegarasiga qochgani haqidagi shum xabar ham uni to’xtatmadi. Biroq pandemiya tufayli chegaralarning yopilgani ona-bolaning Meksikada qolib ketishiga sabab bo’ldi.

Ayni damda pandemiya Tramp ma’muriyatining janubiy chegarani yopishga doir pozitsiyasini oqlash uchun qo’l kelmoqda. O’z vatanidagi zo’ravonlik va qashshoqlikdan qochib AQShdan panoh topmoqchi bo’lganlar Meksikadagi maxsus punktlarga qaytarilmoqda. Boshpana so’rab murojaat qilishga imkon berilmayapti. Joriy vaziyat Donald Trampning uzoq yillik milliy va xalqaro qonunlarga zid ravishda immigratsiyani cheklashga qaratilgan pozitsiyasini qo’llash uchun ham zamin yaratmoqda.

Meksika ana shu siyosat ijrosi uchun ko’makchilik qilmoqda. O’z fuqarolaridan tashqari AQShda tutqunlikda qolgan Gvatemala, Salvador va Gondurasdan kelgan qochqinlarni ham qabul qilmoqda.

Tramp ma’muriyati 20-mart sanasidan muhim bo’lmagan qatnovlar uchun janubiy chegarani yopgan edi. Yangi tartib ham ana shu kundan kuchga kirdi. Oq uy qo’llamoqchi bo’lgan qo’shimcha tartiblar taqdirini sud hal qiladi.

Meksika ham tartibni kuchaytirgan. Qarovchisiz bolalar, 65 yoshdan oshgan qariyalar, xomilador ayollar va bemorlarni qabul qilmayapti.

AQSh ham o’z tug’ishganlari yoki qarindoshlari bilan kelgan muhojir bolalarni ortga qaytarmoqda. Avvallari ular qarovchisiz kelgan bolalar sifatida boshpana berish navbatiga qo’yilar edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG