Oq uy Amerikadan fuqarolari qaytayotgan davlatlarni ularni qabul qilishga chaqirmoqda, aks holda Tramp ma'muriyati ularga sanksiya qo'yishi mumkin.
Dunyo bo'ylab bu borada xavotir va munozaralar avj olmoqda. Koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotgan mamlakatlar va ularning Amerikadagi yurgan fuqarolari Trampning maqsad va rejalari haqida savollar bermoqda.
Tashqi siyosat bo'yicha tahlilchilar deydiki, hali biror qarorga kelinmagan va Oq uy konkret nima qilmoqchi ekani mavhum.
Prezident Donald Tramp sanksiyalar ehtimoli haqida 10-aprel kuni brifingda ma'lum qildi.
Prezident deydiki, u Davlat kotibi Mayk Pompeoga memorandum yo'llab, AQShda vataniga qaytarilayotgan fuqarolariga eshik ochmagan hukumat jazolanishi mumkin. Pandemiyadan qo'rqib, fuqarolarini kiritmasa, davlatlarning Vashington bilan hamkorligi cheklanish ehtimoli bor.
Joriy haftada Pompeo, Trampga ko'ra, "mana shunday davlatlar" ro'yxatini Oq uyga uzatishi lozim. Davlat kotibi Ichki Xavfsizlik vazirligi bilan yaqindan ishlab, deportatsiya qilinayotgan yoki maxsus reyslar bilan mamlakatiga olib borilayotgan yoki olib borilishi kerak bo'lgan odamlarga xavf sifatida qarayotgan hukumatlarga nisbatab aynan qanday chora ko'rish mumkinligi haqida tavsiyalar berishi kerak.
Hozircha na Oq uy va na Davlat departamenti biror mamlakatni tilga olgan. Biroq o'tgan bir oy ichida Amerikadan deportatsiya qilinayotganlar asosan Gvatemala, Gonduras va Salvadordan.
Agar Oq uy bunday sanksiyalar joriy eta boshlasa ham ular orasida Markaziy Osiyoning biror davlati bo'lishi mumkinligi ehtimoli juda past. Chunki Tramp ma'muriyatiga ko'ra, yuqorida qayd etilgan masala borasida mintaqaning biror respublikasi bilan kelishmovchilik yo'q va Vashington koronavirusga qarshi kurashda Markaziy Osiyo bilan hamjihat.
Facebook Forum