Qo'shma Shtatlar nazarida, o'zbekistonlik G'ofur Rahimov - xalqaro uyushgan jinoiy to'dalar a'zosi va 2012-yilda AQSh Moliya vazirligining Xoirijiy mulk nazorati bo’yicha idorasi tomonidan uning qora ro’yxatga kiritilgani asosli qaror bo'lgan. Vashington sudi 20-aprel kuni shunday mazmunda hukm chiqarib, Rahimovning ro'yxatdan chiqarilish haqidagi murojaatiga rad javobini berdi.
Rahimov (Rakhimov) G’ofur, Arslonbek yoki G'ofur-boyvachcha degan nomlar bilan ham tanilgan bu shaxs, deyiladi Amerika federal hujjatlarida, xalqaro kriminal doira vakili, qoradori savdosi bilan shug'ullanuvchi tizim ichida va buni isbotlovchi konkret dalillar bor.
1951-yilning 22-iyulida tug’ilgan Rahimov O’zbekiston fuqarosi. Lekin qora ro'yxatga kiritilgan paytda Birlashgan Arab Amirliklari, xususan, Dubayda Shayx Zayd ko’chasidagi 64-villada istiqomat qilgan.
O'zini aybsiz deb hisoblaydigan Rahimov tadbirkor, sport arbobi va filantrop (saxovatpesha) sifatida tanishtiriladi. Xalqaro boks uyushmasining sobiq rahbari.
Rahimov Sovet armiyasida xizmat qilgan, Leningrad (hozirda Sankt-Peterburg) Iqtisod Institutini bitirgan muhandis-iqtisodchi. 1970-80-yillarda O'zbekiston SSR Savdo vazirligida ishlagan. 1990-yillardan boshlab kooperativlar, aksionerlik jamiyatlari, kichik va katta bizneslarga yetakchilik qilgan.
AQShning bu ro’yxati dunyo bo’ylab unga hamkor davlatlar tomonidan qo’llanadi. Undagi shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy etiladi, ya'ni bu odamlar Amerika moliya tizimlariga yaqinlasha olmaydi, ularning mulklari muzlatiladi va amerikaliklar ular bilan aloqa qilolmaydi.
Facebook Forum