Breaking News

Ukraina va Gruziya korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda?


Ukraina korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:40 0:00

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurash qarorida qanchalik qat’iy? Gruziya korrupsiyani qanday yengdi? Ukraina bu masalada qanday ish olib bormoqda? Ular tajribasi O’zbekistonga nima berishi mumkin?

O’zbekiston korrupsiyaga qarshi alohida organ ta’sis etishga hozirlanayotgan bir paytda “Amerika Ovozi” Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosida bo’ldi.

Byuro direktori o’rinbosari Gizo Uglava korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat Ukraina, balki Gruziya tajribasiga ham ega. Gruziyada korrupsiyaga qarshi kurash boshlangan davrlarda u mamlakat bosh prokurori o’rinbosari lavozimida ishlagan. Gizo Uglava 2015-yildan boshlab Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurash byurosida faoliyat yuritmoqda. Quyida u bilan o'tkazgan suhbatimizni e'tiboringizga havola qilamiz.

AO: Giza Tristanovich, Gruziyadagi korrupsiyaga qarshi kurash davrida siz mamlakat bosh prokurori o’rinbosari bo’lgansiz. Keling, suhbatimizni Gruziya tajribasini eslashdan boshlasak.

Gruziyada 2003-yilgacha, Lola inqilobiga qadar vaziyat juda og’ir edi. Mamlakatda bir tomondan total korrupsiya, boshqa tomondan esa yetakchilari qonundagi o’g’rilardan bo’lgan uyushgan jinoyatchilik avj olgan edi. Lola inqiloblari ortidan hokimiyat o’zgardi, hokimiyat darhol korrupsiyaga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi butun jabhalar bo’ylab kurashga kirishdi. Bu korrupsiyaga qarshi qandaydir davriy shiorlar emas, balki barcha frontlar bo’ylab, yoppasiga haqiqiy ma’nodagi kurash, poraxo’rlik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi urush ochilishi edi.

Davlat tizimini isloh qilish, qonunchilikni takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yosh avlodni yetishtirish va ularga surishtirishlar o’tkazish uchun imkoniyatlar yaratib berish maqsad qilingan edi. Albatta, bu yerdagi eng muhim jihat Gruziyada hokimiyatga kelgan yangi siyosiy kuchning korrupsiyani yo’q qilishga qaratilgan siyosiy irodasi edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashning dastlabki yillarida mingdan oshiq amaldorlarga qarshi jinoiy ish qo’zg’atildi. Ular orasida vazirlar, o’rinbosarlari, sudyalar, prokurorlar ham bor edi. Aholi 4 million atrofida bo’lgan Gruziya uchun bu juda katta raqam.

AO: O’zbekiston xalqaro hisobotlarda eng korrupsiyalashgan davlatlar qatorida keladi. Uch yil muqaddam mamlakatda hokimiyat almashdi, hozirgi prezident korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil organ tuzish qarorida. Bu organ prezident va parlamentga hisobot beradi. Bu kabi organning hokimiyat idoralariga bo’ysunishi korrupsiyaga qarshi kurashda qanchalik samarali bo’lishi mumkin?

Bilasizmi, men bu borada Gruziya va Ukrainadagi tajribani aytishim mumkin, xulosalarni esa o’zingiz chiqarasiz. Korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy tirgak hokimiyat, mamlakat yetakchisida siyosiy irodaning mavjudligidir. Agar siyosiy iroda yo’q ekan, bu natija bermaydi. Korrupsionerlarga qarshi qandaydir davriy hujumlar bo’lishi mumkin, lekin tuzum qoladi, o’zgarmaydi. Masalan, Gruziyada hokimiyat o’zgarishi bilan korrupsionerlarga qarshi keng miqyosdagi jinoyat ishlari ochildi. Bu boshqa amaldorlarga yuborilgan signal ham edi. Ammo jinoyatchini javobgarlikka tortishning o’zigina yetarli emas, shu barobarida hokimiyat tizimi isloh qilinishi kerak. Gruziyada prokuratura 70 foizgacha qisqardi, yangi o’rinlarga faqat yoshlar olindi. Umumiy hisobda huquq-tartibot idoralari, davlat xodimlari 50 foizga qisqartirildi, qolganlarning maoshi 15 barobarga oshirildi. Soliq tizimi jiddiy isloh qilindi, 22 turdagi soliqlardan 7 tasi qoldi. Eshitishimcha, O’zbekistonda ham bu soha isloh qilinmoqda. Gruziyada korrupsiyaga qarshi kurash Bosh prokuratura vakolatida edi. Ammo operativ darajada har bir organ o’z surishtiruvini o’tkazgan. Bu jinoiy ish monopollashishiga yo’l bermaydi. Korrupsioner ma’lum bir organdan himoya topgani bilan, boshqa bir organning surishtiruvidan qochib qutulmaydi. Bular hammasi Gruziya misolida o’z samarasini berdi.

Ukrainadagi vaziyatga to’xtalsak, inqiloblardan keyin jamoatchilikda korrupsiyaga qarshi alohida organ tuzish talabi yuzaga chiqdi. Ukrainada siyosiy elitaga nisbatan ishonch past, shuning uchun bu organ vakolatlari, mustaqilligi qonunchilikda belgilandi. Byuroning asosiy vazifasi siyosiy elitadagi korrupsiyaga qarshi kurash. Organ noldan tuzildi, birinchi galdagi vazifa o’z ishiga sodiq jamoani shakllantirish edi. Siyosiy elitadagi korrupsiyaga qarshi kurash murakkab ish, ular o’zlarini juda yaxshi muhofaza qilishadi. Bunga qaramasdan, kadr tanlashda ustuvorlikni yoshlarga qaratdik, chunki tajribali mutaxassislarning korrupsiya moyilligi ham bor gap. Shakllanishga 8 oy vaqt ketdi, jamoaning o’rtacha yoshi 26 da. Ular uchun moliya, pul yuvish kabi jinoyatlar bo’yicha muttasil mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Xullas, amaldagi 700 mutaxassis 45 ming kishi ichidan tanlab olindi, o’z maqsadiga sodiq yosh jamoa tuzildi.

Ukrainada u paytda koalitsion boshqaruv edi, har ikki tomonda ham korrupsiyaga qarshi kurashga doir aniq qaror shakllanmagan davr edi. Byuro o’zining dastlabki surishtiruvini o’tkazishi ortidan siyosiy elitaning hujumlari ostida qoldi. Dastlab byuro rahbariga qarshi jinoiy ish ochish harakati bo’ldi, keyin esa siyosiy bosimga o’tildi, parlament direktivalar faoliyatini cheklovchi qonunlar qabul qildi. Byuro faoliyati, mustaqilligi qonunda kafolatlangani evaziga faoliyatimiz davom etdi, hozirgacha siyosiy elita doirasidagi korrupsiyaga daxldor ko’rilgan 500 nafarga yaqin kishiga jinoyat ishi ochilgan.

AO: Ukarinada ham hokimiyat almashdi, Poroshenko o’rniga Zelenskiy keldi. Bu byuroning ishiga qanchalik ta’sir ko’rsatdi?

Biz uzoq vaqt xalqaro tashkilotlar bilan mustaqil hamkorlik qilishga ruxsat so’rab keldik. Bu qonun bo’yicha mumkin bo’lsa-da, haqiqatda ruxsat evaziga amalga oshardi. Hokimiyat almashishi ortidan shu mustaqillik taqdim qilindi. Yana bir talabimiz tergov-surishtiruv manfaatidan kelib chiqib telefon qo’ng’iroqlarini mustaqil eshitishga ruxsat olish edi. Bunga doir qonunchilik ham hokimiyat o’zgarishi ortidan qabul qilindi. Byuro ishiga to‘sqinlik qilgan ayrim qonunlar bekor qilindi, mustaqil ishlash imkoniyati kengaytirildi.

AO: O’zbekistonda korrupsiya ildiz otgan asosiy sohalar bu prokuratura, sud, huquq-tartibot idoralari sanaladi. Rahbariyatda hozir ham asosan sobiq tuzumdan chiqqan kadrlar. Shunday bir vaziyatda korrupsiyaga qarshi samarali kurash mumkinmi?

Albatta, mumkin. Yuqorida aytganimdek, eng asosiysi mamlakat rahbariyatida siyosiy irodaning bo’lishi. Islohotlarni davom ettirish kerak, barcha sohalarda shu jumladan, huquq-tartibot tizimida ham, jamoatchilik nazorati bo’lishi kerak. Bir misol keltirib o’taman, biz yirik bir korrupsionerni hibsga oldik, ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlash uchun sudga murojaat qildik. Ammo sudya turli bahonalar qildi, ishga kelmadi, hibsda ushlash muddati esa tugab borayotgan edi. Shunda jamoatchilikning o’zi, uch mingga yaqin kishi sud binosini qurshab oldi, sudya kelmaguncha korrupsionerning mahkamani tark etishiga yo’l qo’ymadi. Ya’ni bu nimani anglatadi, hokimiyat adolatni ta’minlashdan voz kechar ekan, bu vakolatni xalq o’z zimmasiga oladi. Bu esa ancha xavfli.

AO: O’zbekiston Gruziya va Ukrainadagi mavjud tajribalardan nimalarni olishi mumkin?

O’zbekiston Gruziya, Ukraina tajribasidan o’ziga tegishli xulosalarni olishi mumkin. Men korrupsiyaga qarshi mustaqil, keng vakolatlarga ega alohida organ tuzilishini yoqlayman. Bunday organ qonunan mustaqil bo’lishi bilan birga, jiddiy va kuchli tarzda muhofazalangan bo’lishi ham kerak.

Ammo eng asosiysi mamlakat rahbariyatida korrupsiyani to’liq tugatishga doir siyosiy qaror mavjudligidir; tuzilmaning qanday shaklda bo’lishi esa ikkinchi darajadagi masala.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG