Korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha tuzilgan hukumat komissiyasi yig’ilishida hisobot bergan Bosh prokuror Nig’matilla Yo’ldoshevga ko’ra, so’nggi ikki yilda sog’liqni saqlash sohasidagi 500 nafardan ortiq xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu jinoyatlarning aksariyati pora, korrupsiya bilan bog’liq.
Sog’liqni saqlash tizimi haqiqatda korrupsiya keng ildiz otgan sohalardan biri sanaladi. Ammo korrupsiyaga oid yirik jinoyatlar yuz berayotgan tizimlar qatorida emas. Tibbiyotdagi korrupsiya ko’proq ijtimoiy sabablar bilan bog’liq ko’riladi.
Bosh prokuratura korrupsiyaga qarshi kurash samarasiga nega aynan tibbiyot sohasini misol keltirgani yuzasidan izoh mavjud emas. Sog’liqni saqlash sohasi xodimlari tomonidan qayd qilingan jinoyatlarning aksariyati ishga qabul qilish, davolash, dori-darmon, xizmat ko’rsatish bilan bog’liq ijtimoiy holatlar.
Korrupsiyaga qarshi kurashdan daxlsiz qolayotgan, yirik jinoyatlar sodir etilayotgan sohalar hamon kuch ishlatar tizimlari faoliyati, sud huquq tizimi, hukumat, hokimiyat doirasidagi amaldorlar, bojxona, soliq xizmatlari ekanligi ta’kidlanadi.
Korrupsiyaga qarshi idoralararo komissiya korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha davlat dasturi qabul qilinishi ortidan tashkil etilgan.
Prezident farmoniga muvofiq qabul qilingan va 2019-2010-yillarga mo’ljallangan bu dasturga ko’ra, O’zbekistonda sohalar va tizimlar bosqichma-bosqich korrupsiyadan xoli etilishi kerak.
“Korrupsiyasiz soha” loyihasi ishga tushgan. Loyiha doirasida korrupsiyadan xoli dastlabki sohalar Oliy ta’lim vazirligi va qurilish tizimi bo’lishi ko’zda tutilgan.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyevning yaqinda DXX, Prokuratura, Prezident devoni xodimlari ishtirokidagi yig’ilishda ishdan olinishi shu loyiha doirasida amalga oshirilgan tadbirlardan biri sifatida ko’riladi.
2016- yildan buyon Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini boshqarib kelayotgan Bahodir Xodiyev Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so’ng ham o’z lavozimida qolayotgan kamsonli rektorlardan biri edi.
Xalqaro hisobotlarga ko’ra ham, mamlakatda o’tkazilgan ijtimoiy so’rovlarga ko’ra ham, korrupsiya O’zbekistonda keng ildiz otgan holatligicha qolmoqda.
Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida islohotlar shiori ostida o’tgan so’nggi yillarda ham korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha jiddiy qadamlar, natijalar kuzatilmagan.
Hukumat idoralarini asosan mamlakatning xalqaro reytinglardagi o’rni tashvishga solayotgani kuzatiladi.
Matbuot prezidentning “Xalqaro reyting va indekslarda O’zbekiston Respublikasi o’rnini yaxshilashga doir chora-tadbirlarni tizimlashtirish to’g’risida”gi farmoniga muvofiq tuzilgan komissiya yig’lishida 2018-2019 yildagi xalqaro reytinglar tahlil qilingani haqida xabar bergan.
Moliya vaziri, mazkur komissiya raisi Jamshid Qo’chqorov rahbarligida o’tgan yig’ilishda O’zbekiston xalqaro reytinglarda aynan korrupsiyaga qarshi kurash sohasida oqsayotgani e’tirof qilingan.
Nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri “Ozodlik uyi” korrupsiyaga oid hisobotida O’zbekistondagi vaziyatni o‘zgarishsiz baholagan. Buning sabablari sifatida uy-joy qurilishi bilan bog’liq mojarolarda jabr chekkan aholi shikoyatlari qondirilmagani, fuqaro huquqlarini toptagan mansabdorlarning jazosiz qolishi, sud tizimida qonun ustuvorligining zaifligi va maishiy korrupsiya darajasi yuqori ekanligi ko’rsatilgan.
Xalq bilan muloqotga kirishish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, korrupsiyaga botgan davlat idoralarida, sud huquq tizimi, prokuratura va maxsus xizmatlar faoliyatida keskin islohotlar o’tkazish uch yil muqaddam hokimiyatga kelgan Prezident Mirziyoyevning asosiy shiori ostida amalga oshishi kutilayotgan islohotlaridan edi.
Bu islohotlar amaliyotining sekinlashishi Prezident Mirziyoyevga, uning siyosatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidlar oqimini ham kuchaytira boshlagani kuzatiladi.
Tanqidchilarga ko’ra, hokimiyat doirasida korrupsiya keng ildiz otgan sobiq tuzum davrida 13 yil bosh vazir bo’lib ishlagan Prezident Mirziyoyev bu borada qat’iy siyosiy iroda ko’rsatish niyatida emas.
Mirziyoyev davrida kuzatilgan yirik korrupsiyaviy mojarolar, hukumat doirasidagi amaldorlarning ishdan olinishi, ayrimlarining qamoqqa tashlanishi ortida asosan siyosiy sabablar turadi. O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati sobiq tuzum davrida ham, hozir ham, hokimiyat doirasini chetlab o’tmoqda, nishon ijtimoiy sohalarga qaratilmoqda.
Facebook Forum