Breaking News

Koronavirusni bir necha bor yuqtirish mumkin


COVID-19 ga qarshi vaksina ustida ishlayotgan olimlar, Daniya
COVID-19 ga qarshi vaksina ustida ishlayotgan olimlar, Daniya

19-aprel kuni dunyo bo’yicha koronavirus bilan kasallanish holatlari qariyb 2,4 millionga yetdi. Qo’shma Shtatlarda bu raqam muntazam o’sib bormoqda, ayrim mamlakatlarda virusni yuqtirish sekinlashgan.

AQSh virus o’chog’i bo’lib qolmoqda (yuqtirganlar qariyb 760 ming, o’lganlar 40 mingdan oshiq). Xitoyda 16 ta, yil boshida raqamlar bo’yicha Xitoydan keyingi o’rinda turgan Janubiy Koreyada atigi 8 ta yangi bemor qayd etildi.

Ba’zi davlatlar pandemiyani jilovlash uchun joriy etilgan cheklovlarni sekin-asta yumshatishni boshlamoqda.

“Cheklovlarni olib tashlash hech bir mamlakatda epidemiya poyoniga yetganini anglatmaydi. Bu keyingi bosqichning boshlanishi xolos. Jarayon aynan bosqichma-bosqich amalga oshishi o’ta muhim”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom.

Tashkilot COVID-19 ni boshdan kechirgan odamlarda immunitet paydo bo’ladi, deyish uchun dalil yo’qligini bildirmoqda. Janubiy Koreya Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, koronavirusdan tuzalgan 163 kishi uni qayta yuqtirib olgan. Vaksina ustida izlanishlar olib borayotgan britaniyalik olimlar ham virusni bir necha bor yuqtirib olish mumkin, degan xulosaga kelgan.

Bu orada, 13 mamlakat pandemiyaning iqtisodiy ta’sirini kamaytirish uchun global hamkorlikka chaqirmoqda.

“Odamlar hayotini va tirikchiligini saqlab qolish uchun birgalikda ishlashimiz juda muhim”, deyiladi Britaniya, Indoneziya, Germaniya, Singapur, Turkiya va Kanadani o’z ichiga olgan guruh bayonotida.

BMTning Afrika bo’yicha iqtisodiy komissiyasiga ko’ra, pandemiya bu yil Afrikada 300 ming kishining hayotiga zomin bo’lishi mumkin. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, qit’aning 41 mamlakatidagi millionlab aholi uchun mavjud o’pka ventilyatorlari soni ikki mingga ham yetmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG