AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi Prezident Donald Trampning tanqidlariga qaramasdan maktablarni qayta ochish bo’yicha qo’llanmani o’zgartirmaydi, ammo niqob taqish va kasallik alomatlarini qanday aniqlashga doir qo’shimcha ma’lumotlar taqdim etishga tayyor.
Maktablarni kuzda ochishni talab qilayotgan Tramp fikricha, ommaga havola etilgan qo’llanmaga amal qilish “qiyin va qimmat”. Maktablardan imkonsiz narsalar so’ralyapti, deydi prezident.
Koronavirus pandemiyasi tufayli AQShda deyarli barcha davlat va xususiy maktablar yopiq. Tramp ochilishdan bosh tortayotganlariga moliya bermaymiz, deya po’pisa qilmoqda.
“Farzandlarimiz akademik jihatdan orqada qolishiga yo’l qo’yolmaymiz. Ular bilim olishi uchun maktabga qaytishi kerak”, - deydi Vitse-prezident Mayk Pens.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi chiqargan qo’llanma, xususan, sinfdagi partalarni bir-biridan ikki metrlik uzoqlikda saqlash, yig’ilishlarni bekor qilish, virus keng tarqalgan hududlarda maktablarni ikki haftagacha yopishni ko’zda tutadi.
Ko’plab shtatlarda koronavirus keng tarqalayotganida qaramasdan mamlakat normal hayotga qaytishi kerak deya bong urayotgan Tramp maktablar ma’muriyati va mahalliy rasmiylarga bosim o’tkazmoqda.
Iqtisodiy tiklasnish, deya qayd etadi eskpertlar, ko’p jihatdan maktablar ochilishi bilan bog’liq. Bola maktabda bo’lsa, ota-onalar ishiga qayta oladi, iqtisodiyot tezroq izga tushadi.
Bolalar ham yuqtirishi mumkin
Shikoforlarga ko’ra, 12 va undan kichik yoshdagi bolalarning koronavirus bilan kasallanish ehtimoli past bo’lsa-da, ular virusni kattalarga, jumladan ota-onalariga yuqtirishi mumkin.
Tramp tanqidga olgan qo’llanmada sinf oynalarini ochiq saqlash, kafeteriya va o’yin maydonlarini ochmaslik tilga olingan. Bu takliflarga qo’shilmayman, deya yozdi u “Twitter” sahifasida.
Tramp maktablar yopiq qolishi uning ikkinchi muddatga saylanish imkoniyatini pasaytirishiga ishora qilmoqda.
“Demokratlar noyabr saylovlaridan oldin maktablar ochilsa, ularga siyosiy jihatdan yomon bo’ladi deb o’ylashyapti. Ammo bolalar va oilalar uchun bu muhim”, - deb yozdi prezident.
AQSh Milliy ta’lim uyushmasi tayyorgarliksiz maktablar ochilishiga qarshi.
“Bolalarni qanday qilib xavfsiz maktabga qaytarish uchun tayyorgarlik ko’rilmagan bir sharoitda, Donald Tramp 39 bola o’tirgan sinfxonaga kirib ular bilan bir havodan nafas olib ko’rsinchi”, - deydi uyushma rahbari Lili Eskelsen.
Sog’liqni saqlash vaziri Aleks Azarga ko’ra, maktablarni xavfsiz ravishda qayta ochish pandemiya davrida sog’lom oilalarni qo’llab-quvvatlash uchun qilinadigan eng muhim ishdir.
“Maktablarni ochish biroz xavfli, lekin bolalarni uyda saqlashning ham xavfi bor. Bolalar uyda ijtimoiy stimuldan bebahra qoladi, bilim olishdan orqada qoladi. Zo’ravonlikka uchrayotganlari haqida maktab xabar topmaydi”, - deydi u.
Tulsada kasallik ko’paygan
Oklaxoma shtatining Tulsa shahri Sog’liqni saqlash boshqarmasining bildirishicha, o’tgan oy Tramp bu yerda o’tkazgan yig’in COVID-19 holatlari ko’payishiga hissa qo’shgan.
“Oxirgi bir necha kunda qariyb 500 kishida virus aniqlandi. Ikki hafta ilgari bir necha yirik tadbirlar o’tkazilgandi. O’zingiz xulosa qilavering”, - deydi boshqarma rahbari Bryus Dart.
Uning aytishicha, yig’indan oldin okrugda 172 holat qayd etilgan.
Tramp kampaniyasi so’zlovchisi Tim Murta so’zlariga ko’ra, o’shanda yig’inda qatnashgan har bir odamni himoya qilish uchun barcha choralar ko’rilgan, qatnashchilarning harorati o’lchangan, antiseptik vositalar tarqatilgan. Biroq jurnalistlar deyarli hech kim niqob taqmagani haqida xabar bergan edi.
Murta Tulsada infeksiya ko’paygani uchun Tramp tarafdorlarini ayblayapsiz, deya ommaviy axborot vositalarini tanqid qildi. Uning da’vo qilishicha, media Tramp tashrifi paytida minglab odam namoyishga chiqqani, talon-taroj qilganini yoritmagan.
Facebook Forum