“Assoshieytid Press” axborot agentligining xabar qilishicha, koronavirus AQShning 21 ta shtatida turli sabablarga ko'ra kuchaygan.
“Mamlakat bo’ylab mikroepidemiyalar ro’y bermoqda va har birida virusni qo’zg’atuvchi sabablar har xil”, - deydi Kayzer oila jamg’armasida global salomatlik siyosati bo’yicha mutaxassis Joshua Mishod.
Arizona shtatida kasalxonalarga bemorlar ko’payishiga tayyor turish buyurilgan. Texasda bir kunda kasallanganlar rekord darajaga yetdi. Shimoliy Karolina gubernatoriga ko’ra, virusning kuchayishi shtatda maktablar va bizneslarni qayta ochish rejasidan qaytarishi mumkin.
“Amerika shimoli-sharqida virusning birinchi to’lqinidan o’tib bo’lgan bo’lsak-da, bu bilan virus to’xtadi degani emas”, - deydi Garvard universitetining Sog’liqni saqlash maktabi professori Uilyam Xenij.
Virus yuqtirganlar sonining oshganiga bir nechta sabab ko’rsatilmoqda. Ba’zi hollarda testlar ko’paygan bo’lsa, boshqa hollarda muayyan joylarda epidemiya kuchayib, shtat statistikasini oshirib yuborgan. Ekspertlar aksariyat hollarda karantin yumshatilganini sabab qilib ko’rsatmoqda.
Arizona shtatida uyda o’tirish buyrug’i 15-mayda tugab, ayrim bizneslarga ochilishga ruxsat berilgan. Olti hafta uyda o’tirgan odamlar shtat poytaxti Finiks ko’chalarini to’ldirib, ijtimoiy masofani inkor etgan. Shundan 10 kun o’tib shtatda kasallanganlar soni keskin oshgan.
“Shtatda so’nggi haftalarda koronavirusga testlar ko’paygan. Ijobiy natijalar soni test miqdoriga nisbatan tushgani yo’q, demak testdan o’tmagan kasallar hali ancha”, - deydi professor Xenij.
Shimoliy Karolinada ham ahvol xavotirga molik. O’tgan shanba kuni 1370 odamda virus aniqlandi – shtat uchun rekord ko’rsatkich. So’nggi ikki haftada nafaqat testlar, balki ijobiy natijalar ham ko’paygan.
Texas rasmiylariga ko’ra, qishloq joylardagi go’sht qadoqlash sexlari va qamoqxonalarda minglab yangi kasallanganlar aniqlandi.
Jorj Floyd o’limidan so’ng mamlakatni qamrab olgan namoyishlar paytida ham yuqtirish sur’ati oshishi taxmin qilinmoqda. Kuzatuvchilar buning asorati keyingi hafta bilina boshlashini bildirmoqda.
Namoyishlar ko’chada o’tib, namoyishchilar niqob taqqan bo’lsa-da, ijtimoiy masofaga rioya qilinmagani aytilmoqda.
Shu kunga qadar AQShda koronavirus yuqtirganlar 2 milliondan oshgan, o’lganlar esa 116 mingdan ko’p.
Facebook Forum