Breaking News

AQSh harbiylari virusning ikkinchi to'lqiniga tayyorgarlik ko'ryapti


AQSh Mudofaa vazirligi, Pengaton
AQSh Mudofaa vazirligi, Pengaton

AQSh harbiylari hozirgi pandemiya o’tgandan keyin ham koronavirusga qarshi kurash davom etishiga tayyorgarlik ko’rmoqda, chunki virus davriy xarakterga ega bo’lishi mumkin.

Yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassislarning ogohlantirishicha, AQShda COVID-19 qish oylaridan oldin, sovuq tushishi bilan sentabr va oktabrda yana keng tarqalishi ehtimoli bor.

“Muhokamalar ketyapti. Koronavirusning siklik ravishda qaytishi bashorat qilinmoqda. Vaksina esa hali bir yilgacha tayyor bo’lmaydi. Undan himoyalanib, ishni davom ettirish salohiyatimizni mustahkamlashimiz lozim”, - deydi general Deyv Goldfeyn.

Qo’mondonlarning aytishicha, virus tez tarqalishiga qaramasdan AQSh qurolli kuchlari mamlakat va uning manfaatlarini himoya qilishga shay. 22-aprel holatiga ko’ra, 56 ming harbiy AQShning turli qismlarida ko’mak ishlariga jalb qilingan.

Ammo Afrika, Osiyo va Yevropada qo’shma harbiy mashqlar bekor qilingan, keyinga qoldirilgan yoki qisqartirilgan. Iroq va Suriyada AQSh qo’shinlari soni kamaytirilgan. Bu mamlakatlarda “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi mahalliy kuchlar bilan qo’shma operatsiyalar olib borilayotgan edi.

Pentagon ma’lumotlariga ko’ra, bugungi kunda 3500 dan ziyod harbiy xizmatchida COVID-19 aniqlangan, 85 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Ikki askar vafot etgan. Noharbiy xodimlar, pudratchilar, harbiylarning oila a’zolari qo’shib hisoblansa, virusni yuqtirganlar 5700 nafarni tashkil etadi.

Hozirda harbiy sohaning 970 ming harbiy va noharbiy xizmatchisi masofadan turib ishlamoqda. Pentagonda maska taqish, masofa saqlash majburiy. Ish joylari tez-tez va muntazam tozalanmoqda.

Harbiy-havo kuchlarida esa bombardimonchilar va yadroviy raketalarni boshqaruvchi xodimlar boshqalardan izolyatsiya qilingan. Ular orasida virusni yuqtirish hollari aniqlanmagan, deydi qo’mondonlar.

“Harbiylarning vazifasi eng yomon ssenariyga tayyor bo’lishdir. Kuzda vaziyat yanada yomonlashishini ko’zlab, rejalar tuzyapmiz”, - deydi Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari muovini general Jon Xayten.

Qurolli kuchlar odatiy tahdidlarga javob berishga ham hozir bo’lishi lozim. Shu maqsadda Pentagon virus testlarini ko’paytirishni rejalamoqda. Birinchi navbatda yadroviy qurollar joylashgan inshootlar xodimlari, undan so’ng AQShning xorijdagi harbiy bazalaridagi xizmatchilar va keyin AQShning o’zidagi askarlar testdan o’tkaziladi.

Ishning birinchi bosqichi aprel oxirida yakunlanishi, barcha kuchlarni COVID-19 uchun testdan o’tkazish esa iyul-avgust oylaricha davom etishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG