Breaking News

Yil sarhisobi: xorijda qancha AQSh askari bor?


Tramp urushlarni tugatish haqidagi va'dasini bajaryaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp saylov payti “hech qachon tugamaydigan urushlar”ni tugatishga va’da bergan edi. Oradan uch yil o’tib, hanuz xorijda 200 ming AQSh askari bor, Yaqin Sharqdagi askarlar soni uch yil avvaldigan ko’ra ko’proq.

Prezident Tramp kutilmaganda oktabr oyida Suriyadan AQSh askarlarini chiqarish qarorini berishi mintaqada Turkiyaning kurdlarga qarshi amaliyot boshlashiga yo’l ochdi.

Bir necha hafta o’tib Pentagon chiqargan hisobotga ko’ra, AQShning Suriyadan chiqishi IShIDning qayta bosh ko’tarishiga turtki bergan.

“Turkiyadagi hozirgi mavqeimiz Prezident Tramp Erdog’an bilan kelishuvga erishishidan avvalgiga qaraganda ancha zaif”, - dedi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Jerald Feyersteyn.

Tramp askarlarni Suriyadan Iroqqa ko’chirdi. U yerda hozir olti ming amerikalik bor.

Neft konlarini IShIDddan himoya qilish uchun bir necha yuz harbiy Suriyada qolgan. Jangari guruh Iroq va Suriyadagi aksariyat hududini boy bergan bo’lsa-da, mintaqada terrorizm va zo’ravon ekstremizm hanuz jiddiy muammo.

“Qo’shimcha askarlarni joylashtirishni talab qilmaydigan darajada mintaqa bugun barqarormi? Albatta, yo’q”, - deydi tadqiqotchi Antoni Kordesmen.

Prezident Tramp IShIDni yakson qilganini, guruh yetakchisi Abu Bakr al-Bag’dodiyni o’ldirganini tez-tez tilga oladi. Afg’onistonda askarlar bilan uchrashuvda ham shuni qayd etdi.

“Suriyadagi IShID xalifaligi endi bizniki. Yetakchisi o’ldi”, - dedi u.

Afg’onistondan ikki ming askar vatanga qaytdi. Lekin u yerda hanuz 12 ming amerikalik bor.

Tolibon bilan tinchlik muzokaralari davom etmoqda.

“Kelishuvga erishguncha yoki mutlaq g’alaba qilguncha qolamiz. Ular kelishuv bo’lishini qattiq xohlayapti”, - dedi Tramp.

Tramp Tehronga qarshi keskin qarashlari bilan ham tanildi. U prezident bo’lgandan beri yadro kelishuvi bekor qilindi, Eronga yangi sanksiyalar qo’yildi.

Sentabrda neft inshootlari dronlar hujumiga uchragach, prezident Saudiya Arabistoniga uch ming qo’shin jo’natdi. Bundan avvalroq esa Tramp Yamandagi Saudiya urushini tugatishga qaratilgan Kongress rezolyutsiyasiga veto qo’ydi. Tanqidchilar Oq uy tashqi siyosatidagi noaniqlikdan xavotirda.

“Konfliktni tugatish bo’yicha aniq strategiyamiz yo’q. Mintaqaga qarasangiz, bu muammolar juda jiddiy. Ittifoqchilarimiz bilan maslahatlashmasdan, tinchlik bo’yicha aniq reja taklif qilmasdan G’arbiy sohil va Falastin masalasida yangi qaror olib, masalani yanada chigallashtirdik”, - deydi Kordesmen.

Shimoliy Koreyaning ehtimoliy tahdidiga qarshi Janubiy Koreyaga ham 28 ming askar joylashtirilgan. Raketa sinovlarini to’xtatish maqsadida Pxenyan bilan boshlangan muloqot hozircha samara bergani yo’q.

“Kim Chen Un Trampning e’tiborini tortishga urinyapti. Chunki u AQSh byurokratiyasi Trampga qaraganda kelishuv yoki muzokaralarga juda ehtiyorkor ekanini biladi”, - deydi ekspert Maykl Oxanlon.

Dunyo bo’ylab 200 mingdan ortiq AQSh askari bor. Amerika harbiy xizmatchilari soni esa 1,3 milliondan ortiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG