Breaking News

Mirziyoyev farmoni bilan bir necha siyosiy mahbus ozod qilindi


Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan ozodlikka chiqarilgan mahbuslar
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan ozodlikka chiqarilgan mahbuslar

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayrami munosabati bilan 113 mahbusni, jumladan diniy va siyosiy motivlar bilan qamalgan bir necha kishini afv etdi. Jumladan, Akrom Malik, Rustam Abdumannopov, Ruhiddin Faxriddinov va Iskandar Xudoyberganov. AQSh va xalqaro tashkilotlar prezidentning bu qadamini olqishlamoqda.

"Bugun O'zbekistonda inson huquqlari bobida yaxshi kun", - deya baholadi Amerikaning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum o'z tvitida.

AQSh senatorlari ikki oycha oldin Markaziy Osiyo rahbarlariga, jumladan Prezident Mirziyoyevga maktub yo'llab, ayrim mahbuslar taqdiri haqida xavotir bildirgan va adolatni ta'minlashga undagan edi.

Rozenblumning qayd etishicha, 2016-yildan beri respublikada diniy sabablarga ko'ra va adolatsiz qamalgan insonlardan 1500 dan ziyodi ozod etilgani yoki afv etilgani, shuningdek, diniy tashkilotlarning ro'yxatdan o'tishi osonlashayotgani ham ijobiy qadamlardir.

Vashington azaldan diniy erkinlikni himoya qilib keladi va O'zbekiston bilan hamkorlikda bu masala hamisha alohida e'tiborda.


O'zbekiston hukumatini jurnalist Bobomurod Abdullayev ishini bekor qilishga undayotgan "Human Rights Watch" (HRW) inson huquqlari tashkiloti O'zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida Prezident Mirziyoyev 113 mahbus orasida siyosiy motivlar bilan qamalganlarning ham bir nechasi ham afv etilib, ozodlikka chiqarilganini olqishladi. Qolgan siyosiy mahbuslarga ham erkinlik berilsin, deya chaqirmoqda HRW.

Prezident farmonda ta’kidlanishicha, “jazo o’tash muassasalarida jazo o’tayotgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo’lgan va tuzalish yo’liga qat’iy o’tgan 113 nafar fuqaro afv etildi”.

2017-yilda olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Akrom Malik konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda aybdor deb topilgan.

Yosh olimga nisbatan ayblovlarga uning muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati sahifasida “Abdulloh Nusrat” taxallusi ostida maqolalar yozgani, harakat yetakchisi Muhammad Solih bilan muloqotda bo’lgani asos sifatida ko'rsatilgan.

Hozirgacha Akrom Malikning ozod etilishi uchun mahalliy ziyolilar tomonidan mamlakat prezidentiga ko’plab murojaatlar bo’lgan, ammo murojaatlar javobsiz qolayotgan edi.

Afv bilan shartli ravishda ozodlikka chiqqanlardan yana biri Rustam Abdumannopov ham Mirziyoyev davrining siyosiy mahbuslardan biri sifatida ko'rilgan. Abdumannopov Akrom Malikka ochilgan jinoyat ishi doirasida ayblangan.

Mutaxassisligiga ko’ra siyosatshunos bo’lgan Abdumannopov rasman konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblanib qamalgan. Ammo unining hibsga olinishi, qamoqqa tashlanishi muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati sahifasida “Said Ali” taxallusi ostida maqolalar yozgani, harakat rahbari Muhammad Solih bilan muloqotda bo’lgani bilan bog’liq deb ko’riladi.

Abdumannopovga nisbatan mahkama hukmi 2018-yilning yanvar oyida o’qilgan, unga 9 yillik qamoq jazosi belgilangan edi.

Ruhiddin Faxriddinov esa 17 yilik qamoq jazosining 15 yilini o’tab bo’lishi ortidan ozod qilinmoqda. Uning muddatidan avval ozod etilishiga Prezident Shavkat Mirziyoyevga afv so’rab murojaat qilgani sabab deb ko’rilmoqda.

Toshkentdagi masjidda imomlik qilgan Ruhiddin Faxriddinov 2006-yili konstitutsiyaviy tuzumga, mamlakat prezidentiga tajovuz qilishda ayblanib, 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Bu muddatning 15 yilini qamoqda o’tkazgan Faxriddinov hozirgacha chiqqan amnistiyalardan chetda qolgan, xalqaro tashkilotlar tomonidan o’z e’tiqodi uchun qamoq jazosini o’tayotgan tutqun sifatida e’tirof etib kelinayotgan edi.

Mustaqillik bayrami arafasida ozodlikka chiqarilganlardan yana biri Iskandar Xudoyberganov 2002-yilda sudlangan.

Xudoyberganov 1998-yili Toshkentda kuzatilgan portlashlardan so’ng dindorlarga nisbatan boshlangan tazyiqlar ortidan mamlakatdan chiqib ketgan, keyinchalik Tojikistonda ushlanib, mamlakatga olib kelingan edi.

Iskandar Xudoyberganovga dastlab o'lim jazosi belgilangan. Ammo O’zbekistonda oliy jazo bekor qilinishi ortidan bu hukm qayta ko’rib chiqilib, 25 yillik qamoq jazosiga o’zgartirilgan.

Iskandar Xudoyberganovning ishi ham xalqaro huquq tashkilotlari hisobotlarida bir necha bor qayd etilgan, yaqinlari esa Iskandarovning aybsizligini ta’kidlab kelayotgan edi.

Mahalliy huquq himoyachilari, o’zbek muxolifati vakillari, jumladan, O’zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih Prezident Mirziyoyevning yana bir bor siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarayotganini olqishladi.

Ular boshqa diniy-siyosiy mahbuslar ham ozod etiladi degan umidda.

Prezidentning afv haqidagi farmoni imzolanishidan bir necha kun oldin O'zbekiston prezidentini haqoratlovchi maqolalar muallifi sifatida taxmin qilingan va qidiruvga berilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev Qirg’izistondan ushlanib, O’zbekistonga olib kelinishi ortidan ozod etildi.

Hukumatning bu qarorini olqishlagan xalqaro tashkilotlar jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan ochilgan jinoyat ishini yopishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG