O’zbekiston qamoqxonasida qolayotgan vijdon tutquni, navoiyshunos olim Akrom Malik yana prezident afvidan chetda qoldi.
Hayit bayrami munosabati bilan chiqarilgan bu afv arafasida 100 ga yaqin o’zbek ziyolilari Prezident Shavkat Mirziyoyevga Akrom Malikni qamoqdan ozod qilishni so’rab iltimosnoma bilan chiqishgan edi.
O’zbekiston Xalq shoiri Xurshid Davron, yana ko’plab jamoatchilikka taniqli yozuvchi, shoir va jurnalistlar imzo chekkan bu murojaatda Akrom Malik yosh iste’dodli navoiyshunos olim sifatida taqdim qilinadi.
Diniy ekstremizmda ayblanib 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Akrom Malik Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan siyosiy-diniy ayblovlar bilan qamoqqa hukm qilingan dastlabki mahbuslar guruhiga kirishi aytiladi.
Akrom Malik ustidan hukm 2017-yilda, hokimiyat almashgan mamlakatda islohotlar shamoli esayotgan paytlarda chiqarilgan edi.
Ayni paytda jazo muddatining to’rt yilini o’tab bo’lgan Akrom Malik manzil koloniyasiga ko’chirilgan.
Manzil koloniyasida jazo o’tayotgan yosh olim muloqotda nisbatan erkin, u Novoiy ijodi, din, ilohiyotga doir tadqiqotlarini qamoqxonada davom ettirmoqda; ijtimoiy tarmoqlarda yosh olimning qamoqxonada yozgan bu tadqiqotlarini, jamiyatga doir mulohazalarini ham o’qish mumkin.
“Afv gunohni kechirmoq degani. Afv etilgan odam jazodan qutuladi. Mohiyatan, Robbisi oldida gunohi afv etilgan insonni boshqalar jazolay olarmidi?!
Ozod etilmoq va ozod bo‘lmoqning farqi bor. Qamoqdan ozod etilsangu, nafsing vasvasasidan, jaholat zulmatidan, kibr kishanidan ozod bo‘lolmasang, bu erkdan ne manfaat bor?” - deb yozadi Akrom Malik “Sof.uz” nashrida e’lon qilingan “Ozod etilmoq naqadar muhim” deb nomlangan maqolasida.
Yosh olimning bu falsafiy mushohadalari uning mahkumlikdan buyon afvdan chetda qolayotganiga qanchalik ta’sir ko’rsatgani noma’lum. Prezidentning afvi qilmishiga chin dildan pushaymon bo’lgan mahbuslarga nisbatan qo’llanilayotgani inobatga olinsa, vijdon tutquni sifatida ko‘rilayotgan Akrom Malik qilmishiga pushaymonlik bildirmagan yoki ayb ish qilganini tan olmagan bo'lishi mumkin.
Huquq himoyachisi A’zam Turg’unov qamoqdagi yosh olim ishi bilan shug’ullanib keladi. Uning “Amerika ovozi”ga aytishicha, hukumat jamiyat vijdoniga aylanishi mumkin bo’lgan Akrom Malik kabi tutqunlarning ozodlikka chiqishidan xavotirda.
Facebook Forum