Breaking News

Turkiyadagi mehnat muhojirlari: O'zbekiston yordamidan umidvormiz


Turkiyadagi mehnat muhojirlari yuzlashayotgan muammolar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00

24-avgust kuni O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Toshkentda Turkiya parlamentining Rejalashtirish va byudjet komissiyasi raisi Lutfi Elvanni qabul qilgan edi. Uchrashuvda bir qator mavzular barobarida anchadan beri yechimini kutayotgan masala – mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolarining mehnat faoliayatini tizimlashtirish masalasi muhokama etilgan.

Turkiyada to‘rt yildan beri ishlayotgan o‘zbekistonlik Dilnoza G‘aniyeva mehnat muhojirlari duch kelayotgan asosiy muammolar sifatida quyidagilarni sanar ekan, ular hal etilishi uchun O‘zbekiston hukumatidan yordam kutayotganini aytadi:

“Aviachiptlar juda qimmat, xohlagan paytimizda, sog‘inganimizda (O‘zbekistonga) borib kela olmaymiz. Bu yerga kelgandan keyin hujjat ishlarida qiynalyamiz, hujjat muammolari bor. Rasmiy ish topishga qiynalamiz”.

Koranavirus pandemiyasi Turkiyadagi mehnat muhojirlarining hayotiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi, ular ish topish qiyinlashganini aytmoqda. O‘zbekistonga qaytib ketishni istayotganlar ham talaygina. Qolaversa, avgust oyida turk lirasining AQSh dollariga nisbatan qadri sezlilarli darajada tushib ketdi. Izmir shahrida kargo xizmati ko‘rsatuvchi firma rahbari Alisher Yusupov ushbu holat mehnat muhojirlarining daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirdi.

“Dollarning oshishi bu yerda ishlayotganlarga katta ta’sir qilyapti. Oldinlari kargolarni 5 dollardan jo‘natayotgan edik, endi 4 dollarga tushirdik. Maqsadimiz – ularga yordamimiz tegsin. Aytaylik, ular oldin 500 dollarga ishlayotgan bo‘lsa, endi 400 dollar olyapti, ya’ni 100 dollar zarar qilyapti. Ular ham nima qilsin, butun dunyoda dollar narxi ko‘tarilyapti, Turkiyada esa turk lirasi qadrsizlanyapti. Odamlar majburlikdan ishlashyapti”, – deydi Alisher Yusupov.

O‘zbekistonning rasmiy idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyada 43 mingdan ziyod o‘zbekistonlik mehnat qilyapti. Ulardan 10 mingga yaqinigina rasmiy, qolganlari norasmiy tarzda ishlaydi.

Istanbuldagi Xalqaro bitiruvchilar jamiyati raisi Ergash Jumayev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda rasman ishlayotgani aytilgan 10 ming kishi orasida ishlash uchun ruxsatnoma bilan emas, balki yashash ruxsatnomasi bilan ishlayotganlar ham bo‘lishi mumkin, degan fikrni aytib o‘tdi. Holbuki, Turkiya qonunlariga ko‘ra, yashash uchun ruxsatnoma bilan ishlash mumkin emas. Ergash Jumayev rasman ishlayotganlar sonining ozligini Turkiyaning bandlik haqidagi qonunchiligidagi qat’iy talablar bilan izohladi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Turkiya mehnat migratsiyasi sohasida yaqindan hamkorlik qilishi zarurligini, Turkiyada yillab ishlaydiganlarning mehnat staji O‘zbekistonda inobatga olinmasligini ta’kidladi.

Ergash Jumayevning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada 1981-yilda turkiy millatga mansub chet elliklarning ishlashini osonlashtiruvchi qonun qabul qilingan; undan Ozarbayjon va Bolqon davlatlaridan kelganlar foydalanyapti va xuddi turk fuqarolari singari ishlab yurishibdi. Bu qonundan foydalanmoqchi bo‘lgan chet elliklar turkiy millatga mansubligini rasman tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etishi zarur. Bunday hujjatni esa O‘zbekistonda hech qaysi davlat tashkiloti bermaydi, deydi muhojirlar.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG