Amerika Qo'shma Shtatlari Iroqdagi qo'shinlari sonini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident Donald Trump va boshqa rasmiylar xabar berdi.
Trump shanba kuni “Twitter”dagi sahifasida Iroqdagi AQSh harbiylari sonini qisqartirish rejalanayotgani haqida yozdi.
Prezidentning tvitida AQShning mintaqadagi kuchlari 5200 dan 3500 gacha kamayishi haqidagi xabarga havola bergan. Bu raqamlar haqida avvalroq “Wall Street Journal” nashri ma’lumot tarqatgan edi.
AQSh harbiy qo’mondonlari ham Iroqdagi Amerika kuchlarining rejali ravishda qisqarishini tasdiqladi.
"Biz askarlarning sonini kamaytirmoqdamiz, chunki Iroqning IShID qoldiqlarini yengish va uning qayta tiklanishiga yo'l qo'ymaslik qobiliyati yaxshilanmoqda", - dedi Pentagon so’zlovchisi Jessika Maknalti.
"AQShning Iroqdagi kuchlarini qisqartirish Iroq hukumati bilan, shuningdek, koalitsiya va NATOdagi sheriklarimiz bilan ehtiyotkorona muvofiqlashtirish orqali belgilanadi va umumiy xavfsizlik manfaatlarimiz va IShIDga qarshi kampaniyadagi yutuqlarimizga qarab amalga oshiriladi", - dedi Maknalti.
Iroq rasmiylari hozircha qo'shinlarning qisqarishi haqida hech qanday bayonot bermadi.
Ikki mamlakat o'rtasida AQSh qo'shinlarining Iroqdagi kelajagi bo’yicha muhokamalar shu yil boshida boshlangan edi. Bu masala o'tgan hafta Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kadimiyning Oq uyga tashrifi chog'ida ham tilga olingan.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Iroqning yirik shaharlarida, shu jumladan, Musulda Iroq harbiy kuchlari jangarilarga qarshi samarali kurasha olishini isbotladi.
"Iroq qurolli kuchlari quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni boshqarishga qodir, - deydi Bag'doddagi Nahrayn universiteti milliy xavfsizlik professori Husayn Ali Allaviy. - Ammo AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning roli havodan yordam va razvedka uchun kerak".
Allaviyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Iroqdagi IShID qoldiqlarini yo'q qilish kampaniyasi davom etar ekan, Iroq hukumati mamlakat qurolli kuchlarini qayta tashkil etish, xavfsizlik tizimini isloh qilish, razvedka salohiyatini kuchaytirish va fuqarolik-harbiy aloqalarni yaxshilash bo'yicha xalqaro koalitsiya tajribasiga muhtoj.
Vashington va Bog'dodning asosiy maqsadi AQShning qolgan 3500 harbiysini uch yil ichida Iroqdan olib chiqib ketish, deydi Allaviy.
O'tgan hafta AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Iroqning Taji harbiy bazasini mahalliy xavfsizlik kuchlariga topshirdi.
Bog'dod shimolida joylashgan bu baza xalqaro koalitsiya tomonidan Iroq nazoratiga berilgan sakkizinchi harbiy inshootdir.
Facebook Forum