Vashington ko'proq arab va musulmon davlatlari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo'yicha Birlashgan Arab Amirliklariga ergashishidan umid qilmoqda. Yahudiy davlat bilan aloqalarni tiklashda Ummon, Bahrayn va Sudan navbatdagi nomzodlar bo’lishi mumkin.
Ammo Isroilning tinchlik bo'yicha hamkori va Falastinning sodiq tarafdori Iordaniyaga ko’ra, Isroil-BAA kelishuvi Falastinda ikki davlatchilik yechimi ijrosini xavf ostiga qo’yishi mumkin.
Iordaniyalik tahlilchi Usama Al Sharifning “Al-Monitor” saytida yozishicha, Iordaniyaning Falastin-Isroil mojarosini hal qilish bo'yicha uzoq yillik siyosiy yondashuvi endi ikkilamchi masalaga aylanib qolishi mumkin.
Mintaqaning ta’sirchan vakili bo’lgan Saudiya Arabistoni ham Iordaniya bilan hamfikr va Isroilga taklif qilingan 2002-yilgi Arab tinchligi tashabbusi shartlarini eslatmoqda. Ushbu tashabbus orqali Isroilga bosib olingan yerlardan to'liq chiqib ketishi evaziga aloqalarni normallashtirish taklif qilingan. Shuningdek, falastinlik qochqinlar masalasini adolatli yechish va poytaxti Sharqiy Quddus bo’lgan Falastin davlatini tuzish sharti qo’yilgan.
Al Sharif va tahlilchi Labib Kamxavi fikricha, 72 yillik Falastin mojarosi hal qilinmasa, tinchlik bitimlaridan foyda yo’q.
BAA poytaxti Sharqiy Quddus bo'lgan Falastin davlatini qo’llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Ko'rfazdagi arab davlatlari so'nggi yillarda Isroil bilan tijoriy aloqalarni kuchaytirmoqda. Eronga nisbatan xavotirlar yuzasidan ham Isroilga yaqinlashish kuzatilgan.
AQSh rasmiylarining aytishicha, Vashington Fors ko'rfazi davlatlari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishini istaydi.
“Ishontirishga urinish shart emas. Bundan hamma foyda ko’rishini bilishadi", - dedi AQSh Davlat departamentining yuqori lavozimli rasmiysi Davlat kotibi Mayk Pompeoning Bahraynga yaqinda qilgan tashrifi chog'ida.
Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiga ko’ra, BAA va Isroil tinchlik bitimi Isroilni Falastin davlatini qabul qilishga undashi kerak. Agar bu narsa yuz bermasa, "o'nlab yillar davom etgan arab-Isroil mojarosi yanada chuqurlashishi va bu mintaqa xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
AQShning muhim mintaqaviy ittifoqchisi bo’lgan Iordaniya ikki milliondan ortiq falastinlik qochqinga o’z hududidan joy bergan.
Iordaniyaliklar aksariyatining kelib chiqishi falastinlik bo’lgani bois ular uchun Falastin masalasi muqaddas tushuncha va davlat o’z siyosatida bu voqelikdan ko’z yuma olmaydi.
Shunga qaramay, deydi tahlilchi Amer Sabayleh, Iordaniyaning Isroil bilan 1994-yilgi tinchlik shartnomasidan har ikki tomon, ayniqsa, xavfsizlik sohasida foyda ko’rmoqda va hech bir taraf o'zaro aloqalarga zarar yetishini istamaydi.
Iordaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Marvan Muasher fikricha, Fors ko'rfazining boshqa davlatlari BAAning yo'lini tutgan taqdirda ham, asosiy muammo saqlanib qolaveradi.
“Oxir-oqibat Fors ko'rfazi davlatlari emas, balki falastinliklar ishg'ol ostida yashamoqda. Falastinliklar bilan kelishmaguningizcha, arab davlatlari bilan tuzgan har qancha tinchlik bitimingizdan foyda yo’q”, - dedi u “Reyter” axborot agentligiga.
Facebook Forum