Breaking News

Kongress a'zolari AQSh Global Media Agentligi rahbari qarorlarini qoralamoqda


"Amerika Ovozi" binosi, Vashington
"Amerika Ovozi" binosi, Vashington

AQSh Kongressining demokrat va respublikachi a'zolari birdek xavotir bildirishicha, "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" singari bir necha xalqaro teleradioni boshqaruvchi tizim rahbari Maykl Pekning qarorlari sabab bu axborot manbalariga ishonch pasayishi mumkin.

AQSh Global Media Agentligi (USAGM) taqdiri iyun oyidan beri Pek qo'lida. Uni bu lavozimga Prezident Donald Tramp tayinlagan. Ikki yillik bahs-tortishuvlar ketidan Senat Pek nomzodini tasdiqlagan.

24-sentabr kuni Vakillar palatasida tinglovga chaqirilgan Pek boshqa ishlar bilan band ekanini aytib, qonunchilar huzuriga bormagan. Talabnoma yuborilgan. Pek unga ham bosh egmagan.

"Qo'mitamizni hurmat qilmagan, bizning bu agentlik ustidan nazorat qilish vakolatimizni pisand qilmagan odam... bu vazifaga loyiq emas. U ishdan bo'shashi kerak. Ketmasa, unda prezident uni haydashi kerak", - deydi Nyu-Yorkdan demokrat kongressmen Eliot Engel.

Kongress mablag' ajratadigan AQSh Global Media Agentligining yillik byudjeti 800 million dollar atrofida. Uning tarkibidagi teleradiolarning umumiy haftalik auditoriyasi 62 tilda qariyb 350 million. "Amerika Ovozi" qamrov jihatdan eng kattasi.

Texasdan kongressmen Maykl Makkol deydiki, Pekning qonunchilar savollariga javob berish uchun kelishdan bosh tortgani Kongressga bo'ysunmaslikdan dalolat.

Makkol agentlik Ochiq Texnologiya fondi uchun atalgan 18 million dollar muzlatilganidan tashvishda.

“Gonkongda demokratik harakatlar, Belarusda erkinlik va adolat uchun kurash avjida ekan, Pekning bu qarori afsuslanarli", - deydi qonunchi.

Ochiq Texnologiya fondi dunyo bo'ylab internet erkinligi bo'yicha loyihalar uchun grant beradi. Pek nazarida, bu jarayon samarali kechmagan va agentlik fond faoliyatini qayta ko'rib chiqmoqda.

Pek ishga tushganidan beri agentlik iznidagi tashkilotlarning rahbarlarini yangiladi va xorijiy jurnalistlar uchun vizani uzaytirish masalasi ham qayta ko'rib chiqilayotganini e'lon qildi. Teleradiolar chet eldan mutaxassislar olib keladi. O'nlab muxbirlar va prodyuserlar viza yangilanmagani bois vataniga qaytishga majbur. "Amerika Ovozi"da besh jurnalist shunday holatga tushgani ma'lum.

Agentlikdagi bugungi vaziyat haqida qonunchilar oldida so'zlaganlar qatorida moliyaviy masalalar bo'yicha boshliq lavozimidan chetlatilgan Grant Terner, shu yilning yozigacha "Amerika Ovozi"ni boshqargan Amanda Bennett, "Ozodlik"ning Pek tomonidan ishdan bo'shatilgan prezidenti Jeymi Flay va boshqa sobiq mutasaddilar hamda agentlikka maslahat berib kelgan keksa diplomat Rayan Kroker ham bo'ldi.

Qonunan, Amerika hukumati AQSh Global Media Agentligi ishiga aslo aralasha olmaydi, jurnalistlar faoliyatiga ta'sir qilishi man etilgan. Kongressda gapirganlarga ko'ra, o'tgan oylarda mana shunday mustaqillikka raxna solina boshladi.

Afg'oniston, Iroq, Pokiston, Suriya, Quvayt va Livan elchilik qilgan Kroker fikricha, Amerika soliq to'lovchisi puliga ishlaydigan teleradiolar jurnalistik jihatdan erkinligi AQSh uchun faxr, dunyo ahli uchun esa namuna.

"Biroq hozir bu qadriyat tahdid ostida. Bu davlat xavfsizligi uchun ham zarar", - deydi Kroker.

Pekning Amerika matbuotiga intervyusida agentlik boshqaruvidagi tashkilotlarni "chet el josuslari bemalol kirsa bo'ladigan dargohlar" deya aytgani keskin qarshilik uyg'otgan.

Flay va Terner nazarida mana shunday gaplari bilan Pek jurnalistlarga nisbatan ishonch va hurmatni oyoq osti qilmoqda. Agentlikning yangi rahbari o'z qo'li ostidagi mutaxassislarni, butun tizimni yerga urmoqda, deydi ular.

Oldin hujjatli filmlar va televizion loyihalar ustida ishlagan, keyinchalik konservativ fondni yuritgan Pek lavozimga kirishar ekan, qo'li ostidagi har bir tashkilot missiyasi va tamoyillarini e'zozlashga so'z bergan, xususan "Amerika Ovozi"ning jurnalistik mustaqilligini ham himoya qilishni.

“Butun agentlik faoliyati jurnalistlar mustaqilligiga asoslanadi. Biror siyosiy taraf ularga ishini qilishda halal bermaydi yoki ta'sir qilishga urinmaydi", - degan edi Pek Senatda so'zlaganida.

Pensilvaniya shtatidan kongressmen Skot Perri deydiki, Pekning ishini baholashga hali erta. Perri tahlilicha, agentlik islohotlar ostida va muammolar uchun bir kishini ayblash adolatdan emas.

Texas shtatidan kongressmen Joakin Kastro fikricha esa Pek o'z agentligida ishlaydigan jurnalistlarni josuslik qilishi mumkin deya asossiz ayblab, chegaradan o'tgan. Bu haqorat va muxbirlarning hayotiga, xavfsizligiga xavf soladi, deydi Kastro.

"Amerika Ovozi"ning bir necha jurnalistlari yaqinda tashkilotning muvaqqat direktori Elez Biberayga xat yozib, Pek ustidan shikoyat qilgan.

“AQSh hukumatida kimdir jurnalistdan josus bo'lishi mumkin deb shubhalansa, unga boshqa davlatda qanday qilib ishonishlari mumkin?", - deydi kongressmen Kastro.

Qonunchilar oldida so'zlagan mutaxassislar Kongressni AQSh Global Media Agentligi rahbariyatini yaqindan nazorat qilishga undadi. Toki, deydi ular, jurnalistlarning huquq va erkinliklari buzilmasin, ular ishlaydigan teleradiolarga ishonch so'nmasin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG