Prezident Donald Tramp ma’muriyati xalqaro talabalar, malaka oshirish uchun kelgan xorijiy kadrlar va xalqaro OAVda faoliyat yuritayotgan chet el fuqarolari vizasining amal qilish muddatini cheklashga doir taklif bilan chiqdi. Rasmiylar vizalar kuchini yo’qotadigan sanani konkret belgilash tarafdori. Ya’ni viza egasi diplom yoki sertifikatini qo’lga kiritgunga qadar, tadqiqot loyihasi yakunlangunga qadar qo’shimcha vaqt talab qiladigan davrda AQSh hududida qola olmasligi mumkin.
Ayni damda F-1 vizasiga ega shaxs belgilangan talablar asosida dasturni yakunlash uchun mamlakatda uzoqroq qolish imkoniyatiga ega.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan taklif etilayotgan 256 betli qoida vizalarning amal qilish muddatini to’rt yilgacha belgilashni nazarda tutadi. Til o’rganish kurslari uchun bu muddat ikki yilgacha bo’lishi qayd etilgan. Vizalarni uzaytirish imkoniyati keskin cheklanishi lozimligi bayon qilingan.
Vizaning amal qilish muddati, joriy qonunlarga ko’ra, xalqaro talaba o’quv dasturini to’liq tamomlagunga qadar ketadigan vaqtga bog’liq. Viza kuchini yo’qotadigan konkret sana yo’q. Talabadan immigratsiya qonunlariga amal qilish talab etiladi. Xususan, noqonuniy ishlash taqiqlangan.
Taklif etilayotgan qoida F, J va I kategoriyali vizalar bilan oliy ta’lim olish, ish va ta’lim asosida almashinuv dasturlarida ishtirok etish, xalqaro OAVda faoliyat yuritish sababi bilan AQSh hududiga vaqtincha muddatga kiritilgan shaxslarga tegishli.
Ichki xavfsizlik vazirligining ma’lum qilishicha, viza talablarini buzgan mamlakatlar fuqarolariga belgilangan muddat ikki yildan oshmasligi kerak. Xususan, bu cheklov AQShda nolegal qolib ketganlar 10 foizdan ko’pni tashkil etuvchi mamlakat fuqarolariga tegishli.
Cheklov, shuningdek, AQSh Davlat departamentining Terrorizmni moliyalagan mamlakatlar ro’yxatiga kirgan davlatlar fuqarolariga ham tegishli bo’lishi nazarda tutilgan.
Facebook Forum