Breaking News

Rasmiylar: ekstremist guruhlar saylovga tahdid solmoqda


"Proud Boys" o'ng qanot guruhi a'zolari namoyish o'tkazmoqda, Portlend, Oregon, 2020-yil, 26-sentabr
"Proud Boys" o'ng qanot guruhi a'zolari namoyish o'tkazmoqda, Portlend, Oregon, 2020-yil, 26-sentabr

AQSh xavfsizlik xizmati xodimlari saylov arafasida zo'ravon mahalliy ekstremistlar faoliyati jonlanishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Federal qidiruv byurosi va AQSh Ichki xavfsizlik vazirligiga ko'ra, 3-noyabrdagi saylovlar oldidan mahalliy ekstremistlar tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinishi mumkin.

So'nggi oylarda irqiy adolat istab va politsiya zo’ravonligiga qarshi o'tkazilgan namoyishlar, asosan, tinch o’tgan bo’lsa-da, ba’zan shiddatli qarama-qarshiliklar, shu jumladan, o’ng va so’l qarashdagi guruhlar o’rtasida to’qnashuvlar sodir bo’ldi.

Qo'shma Shtatlarda prezidentlik saylovi koronavirus pandemiyasi, yuqori darajadagi ishsizlik va qutblashgan siyosiy muhit sharoitida bo’lib o’tmoqda.

Prezident Donald Tramp saylovlarda demokrat raqibi Jo Baydenga yutqazsa, hokimiyatni tinch yo'l bilan topshirish majburiyatini o’z zimmasiga olishdan bosh tortdi. Trumpga ko’ra, koronavirus pandemiyasi paytida demokratlar targ’iboti tufayli pochta orqali ovoz berish jarayonida firibgarliklar yuz berishi mumkin.

Saylov bo’yicha mutaxassislar va huquq-tartibot organlari rasmiylarining aytishicha, hujjatlashtirilgan pochta byulletenlarida firibgarlik holatlari juda kam uchraydi.

Yaqinda Federal qidiruv byurosi turli mafkuralarga ega bo'lgan mahalliy ekstremistlar saylovlar oldidan hukumat ishiga va saylov jarayoniga to’siq tug’dirishga urinishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

17-avgust kuni e’lon qilingan Ichki xavfsizlik vazirligi hujjatiga ko’ra, turli g'oyaviy maqsadlarga ega ekstremist guruhlar saylovni buzish uchun "tezda uyushish" imkoniyatiga ega.

Unda yana aytilishicha, yolg'iz harakatlanuvchi oq tanli irqchilar va boshqa yaka jinoyatchilar qonli zo’ravonliklar yuz berishining eng katta tahdid manbai bo’lishi mumkin.

Ichki xavfsizlik vaziri vazifasini bajaruvchi Chad Vulfning aytishicha, "zo'ravon ekstremizmning barcha shakllariga qarshi kurashish, xususan, yolg'iz jinoyatchilar va shaxslar solayotgan tahdidlarni yo’q qilish uchun misli ko'rilmagan harakatlar amalga oshirilmoqda".

Tramp va uning yuqori lavozimli rasmiylari shu paytgacha zo'ravon ekstremistik guruhlar saylovga tahdid qilishi mumkinligini ochiqchasiga aytgani yo’q.

Tramp rasmiylari yozda politsiya shafqatsizligi va irqchilikka qarshi namoyishlar paytida chap qanot anarxistlar va antifashistlarni zo’ravonlikda ayblagan edi, ammo federal sud hujjatlarida zo'ravonlik bilan hibsga olinganlarning so'l guruhlarga aloqasi borligi haqida asosli dalillar topilmagan.

O'tgan hafta Ichki xavfsizlik vazirligi rasmiylarining Kongressdagi tinglovlarda aytishicha, Qo'shma Shtatlar uchun eng xavfli ichki tahdid oq tanli irqchilardan kelmoqda.

Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey shu oy boshida bo'lib o'tgan Kongressdagi tinglovda uning agentligi zo'ravon ichki ekstremistlar, jumladan, oq tanli irqchilar va antifashist guruhlar bo'yicha tergov olib borayotganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, tergovlarning eng katta qismi oq millatchi guruhlarga tegishli.

Nyu-York shahridagi Nafratga qarshi liga tomonidan to’plangan ma'lumotlarga ko'ra, oq irqchilik, antisemitizm, hukumatga qarshi nafrat va shunga o'xshash mafkuralar so'nggi o'n yil ichida uyushtirilgan 454 ichki ekstremistik qotilliklarning 77 foizini tashkil etadi.

Ichki xavfsizlik vazirligining Nyu-Jersidagi idorasi chiqargan hisobotga ko’ra, noyabr oyidagi saylovlarda uchta ssenariy yuz berishi mumkin: saylovlarning tezkor natijalari; g'olibni aniqlash bir necha oy vaqt oldigan uzoq muddatli jarayon yoki g’olibni aniqlash Oliy sudga o'tadigan huquqiy kurash.

Ssenariylarning har biri ekstremistik zo'ravonliklarga olib kelishi mumkin.

Agentlik hisobotida aytilishicha, ekstremistlar "anarxist, hukumatga qarshi va irqiy motivga ega" bo'lishi mumkin, ammo unda qaysi guruhlar ko'proq xavf tug'dirishi haqida aytilmagan.

Ichki ekstremistik tahdid har doim mavjud bo'lib kelgan, ammo bu yil unga ko'proq e'tibor qaratilmoqda, deydi tahdidlarni kuzatib boruvchi markaz rahbari Mayk Sena.

"Bizda milliy saylov sikli paytida har doim zo'ravon ekstremistlar, shu jumladan, terroristik tashkilotlar tomonidan tahdidlar bo'lgan, - dedi u. - Hozirgi voqealar fonida bu masala har qachongidan ham ko'proq diqqat markazida".

Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi ham iyun oyidagi hisobotida saylov natijalari o'ta o'ng yoki o'ta so'l guruhlarda zo'ravonlikni qo'zg'atishi mumkinligini aytgan edi.

"Agar Prezident Tramp saylovda yutqazsa, ba'zi ekstremistlar zo'ravonlik ishlatishi mumkin, chunki ular firibgarliklar bo'lganiga yoki demokratlar nomzodi Jo Baydenning saylanishi ularning ekstremistik maqsadlariga putur yetkazishiga ishonadi. Shu bilan bir qatorda, agar Prezident Tramp qayta saylansa, ultra so’l qanotdagi ba'zi toifalar terrorizmga qo’l urishi mumkin", - deyiladi hisobotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG