Breaking News

Tramp va Bayden kurashi keskin pallaga kirdi


Noyabrda bo’ladigan AQSh prezidenlik saylovi arafasida yangi bahsli mavzular o’rtaga chiqmoqda. Prezident Donald Trampning uzoq yillar umuman federal soliq to’lamaganligi, pochta orqali ovoz berish hamda Oliy sudga yangi sudya tayinlash atrofidagi bahslar shular jumlasidan.

“Nyu-York Tayms” gazetasi e’lon qilgan maqolaga ko’ra, Prezident Tramp o’tgan 15 yilning 10 yilida hech qanday federal soliq to’lamagan; 2016-2017-yillarda esa bor-yo’g’i 750 dollar to’lagan, xolos. Tramp bu da’volarni inkor etdi.

“Mutlaqo yolg’on. Men soliq to’layman. Yaqinda buni o’zingiz ko’rasiz. Tekshiruvlar tugasin, soliq hujjatlarimni e’lon qilaman”, - dedi Tramp.

Prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Jo Bayden so’nggi mojaroga yangi siyosiy reklama bilan javob berdi. Unda o’qituvchi, hamshira kabi oddiy amerikaliklar minglab dollar soliq to’layotgan bir paytda prezident deyarli umuman soliq to’lamagani aks etgan.

Bugun Ogayo shtatida bo’ladigan ilk prezidentlik bahsida ham bu masala ko’tarilishi kutilmoqda.

Bayden kampaniyasi shu paytgacha asosiy e’tiborini Tramp pandemiyaga qarshi yetarli chora ko’ra olmaganiga qaratayotgan edi. Koronavirus tufayli hozirgacha 200 mingdan ortiq amerikalik halok bo’ldi.

Tramp o’z navbatida virusga qarshi barcha zarur choralar ko’rilganini aytib, saylovchilar diqqatini pochta orqali ovoz berish paytida yuz berishi mumkin bo’lgan firibgarliklarga qaratmoqda.

Liberal sudya Rut Beyder Ginzburg o’limi ortidan Oliy sudda bo’shab qolgan o’ringa konservativ Eymi Koni Barret nomzodini tavsiya qilish orqali Tramp abortni cheklovchi hamda qurol egalari huquqlarini himoya qiluvchi konstitutsion me’yorlarni mustahkamlayotganini da’vo qildi.

Bayden va demokratlar esa konservativ sud ayollar huquqlari, noan’anaviy jinsiy nikoh hamda federal tibbiy sug’urta bo’yicha erishilgan yutuqlarni cheklashini aytmoqda.

“Nima sodir bo’layotgani hech kimga sir emas. Prezident Tramp sog’liqni saqlashga oid biz qabul qilgan qonunni bekor qilmoqchi. To’rt yildan beri shunga urinib keladi. Respublikachilar partiyasi esa o’n yildan beri shuni ko’zlaydi”, - dedi Jo Bayden.

Ammo, deydi kuzatuvchilar, tinimsiz Trampga e’tibor qaratish Bayden kampaniyasi uchun afzallik bermaydi. Bu uning qarashlarini sotsialist va radikal qilib ko’rsatishi mumkin, deydi ular.

3-noyabrda bo’ladigan saylov oldidan jami uchta prezidentlik bahsi rejalangan bo’lib, ulardan birinchisi bugun Ogayo shtatining Klivlend shahrida bo’lib o’tadi. Juda keskin va qizg’in munozaralarga boy bo’lishi kutilyotgan bu bahsda har ikki nomzod eng muhim va dolzarb mavzular bo’yicha o’z qarashlarini Amerika xalqiga taqdim etadi.

Bahsga “Fox News” kanali boshlovchisi Kris Uolles moderatorlik qiladi.

Xalqaro hayot - 2020-yil, 29-sentabr
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:58 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG