Breaking News

Tramp Oliy suddagi o'ringa Eymi Koni Barrettni tanladi


Prezident Donald Tramp Oliy sud a’zoligi uchun Eymi Koni Barrett nomzodini ko’rsatdi. Bu unga 3-noyabr saylovlari oldidan sudni konservativlashtirish imkonini bermoqda.

Oq uyda o’tgan tadbirda Tramp Barretni “yorqin, iste’dodli” huquqshunos deya ta’riflab, Kongressni uni yaqinda vafot etgan liberal sudya Rut Ginsburg o’rniga tezda tasdiqlashga undadi.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra esa aksar amerikaliklar Oliy sudga nomzodni prezidentlik saylovi g’olibi tanlashini istaydi. Agar Senatda ovozdan o’tsa, 48 yoshli Barrett to’qqiz a’zodan iborat sudning eng yosh sudyasi bo’ladi.

Senatda Trampning Respublikachilar partiyasi hukmron ekan, Barretni tasdiqlash jarayoni oldinga siljishi turgan gap. Prezident va safdoshlari nazarida Barrett Oliy sud uchun eng malakali nomzod. Demokratlar esa unga qarshiligini bildirmoqda.

“Amerika xalqi noyabrda ovoz berib, keyingi prezident ishga kirishmaguncha, Senat bu masalani ko’rib chiqmasligi kerak”, - deydi Senatning Adliya qo’mitasi a’zosi, demokrat Dayan Faynstayn.

Dindor konservatorlar Eymi Koni Barrett AQShda abortni legallashtirish to’g’risidagi qonunni bekor qilish uchun ovoz beradi, degan umidda.
Dindor konservatorlar Eymi Koni Barrett AQShda abortni legallashtirish to’g’risidagi qonunni bekor qilish uchun ovoz beradi, degan umidda.

2016-yilda, Barak Obama prezidentligining oxirgi yilida, respublikachilar aynan shunday argument bilan Obamaning Oliy sudga ko'rsatgan nomzodini ko'rib chiqishdan bosh tortgan edi. Ya'ni nomzodni yangi prezident tanlashi kerak, deb chiqqan edi respublikachilar. Hozir u gaplar eslanmayapti.

Trampning saylovda raqibi Jo Bayden fuqarolar tibbiy sug'urtadan ayrilishi mumkinligiga e'tibor qaratmoqda.

“Prezident Tramp tibbiy sug’urtani bekor qilishga to’rt yildan beri harakat qilayapti. Respublikachilar esa 10 yildan beri. Oliy sud amaldagi sug’urta tizimi qonuniy ekanini ikki bor tasdiqlagan”, - deydi prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden.

Uning ta’kidlashicha, Barrett Oliy sudning ushbu qarorlaridan norozi ekani haqida yozma dalillar bor.

Eymi Barrettni Oliy sudga tayinlash bo’yicha tinglovlar oktabr o’rtalarida boshlanadi. Ginsburg o’limidan oldin sudda 5-4 hisobda konservatorlar ko’pchilik edi, Barret tasdiqlanishi bilan konservativ ruhdagi sudyalar yana bittaga ko’payadi.

Barrett, dindor katolik, Trampni quvvatlovchi injilchi nasroniylar orasida mashhur. 15 yil davomida Notr-Dam universitetida dars bergan. 2017-yilda Tramp uni quyi sudlardan biriga sudya etib tayinlagan.

Dindor konservatorlar Barrett AQShda abortni legallashtirish to’g’risidagi 1973-yilgi qonunni bekor qilish uchun ovoz beradi, degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG