Breaking News

Saylov oldidan Donald Trampga qanday baho berilmoqda?


3-noyabrda AQShda saylovchi prezident uchun ovoz beradi. 100 millionga yaqin amerikalik allaqachon ovoz berib bo'lgan. Respublikachi Donald Tramp qayta saylanishiga ishonadi. Uning kimligi va shu kungacha davlatni qanday boshqarib kelayotgani qizg'in muhokamada. Ommaviy so'rovlarda respondentlarning aksariyati demokrat nomzodga ovoz bermoqchi ekanini aytmoqda.

74 yoshdagi Tramp, tarafdorlar nazarida, siyosiy maydonni butkul o'zgartira oldi, chegaralarni mahkamladi va Amerika orzusini yangiladi.

"Prezidentlik uchun kurashayotganlar hozirgidek mutlaq boshqacha odamlar bo'lmagan. Men qonun va tartib tarafdoriman. Raqibim buni xohlamaydi. Amerikaga faqat qonunan kirishni yo'lga qo'yayapman", - deydi Tramp.

Demokratlar nazarida esa Tramp prezidentlikka umuman loyiq emas.

“Shu darajada loyiq emaski, xavfli. Na mamlakatimizni boshqara olayapti, na dunyoda yetakchilik qila olayapti", - deydi Jo Bayden, demokrat nomzod.

Tramp butun umr tadbirkorlik qilib kelayotgan odam. Teleyulduz. 2015-yilda Oq uy uchun harakat boshlaganida ko'pchilik yutqazadi, deb o'ylagan edi. Biroq u saylovda demokrat Hillari Klintondan ustun keldi. Millionlab amerikaliklarning ko'ngliga yo'l topa oldi.

“Trampning tarafdorlari ishchilar. Oliy ma'lumotlilar emas. Mehnatkashlar qatlami unga ergashdi va sodiq”, - deydi Larri Sabato, siyosatshunos.

Prezident Tramp tarafdorlari
Prezident Tramp tarafdorlari

Tramp 2016-yilda prezidentlikka saylanish uchun noqonuniy usullarni ishga soldi degan ayblov bilan impichment jarayonini boshdan kechirdi. Kongress keng qamrovli tekshiruv olib bordi. Vakillar palatasi uni impich qildi. Biroq Senat Tramp qonunni buzmagan deya xulosa qildi. Tramp uchun ulkan g'alaba bo'ldi. Keyin esa pandemiya keldi.

Koronavirusga boshida jiddiy qaramagan prezident uning qanchalik xavfli ekanini tan ola boshladi.

Kasallar va o'lim hollari ko'payar ekan, Trampning reytingi tushganda tushdi.

Pandemiya vaziyatni qiyinlashtirgani yetmagandek, irqchilikka qarshi namoyishlar ham avj oldi. Iqtisodiy va ijtimoiy adolatsizlikdan nolib, minglab amerikaliklar mamlakat bo'ylab ko'chaga chiqdi. Tramp harbiylarni safarbar etdi.

"Koronavirus eski yaralarni yopa olmadi, aksincha jamiyatimizni harakatga undadi", - deydi Sherri Bebich Jeff, siyosiy tahlilchi.

77 yoshli Jo Bayden Prezident Trampning asosiy raqibi
77 yoshli Jo Bayden Prezident Trampning asosiy raqibi

Bayden saylovoldi reytinglarida oldinda, lekin Tramp tarafdorlari undan uzoqlashmayapti.

"Umuman olganda respublikachilar nima xohlagan bo'lsa, shunga erishishdi. Soliqlar kamaydi. Oliy sudga konservatorlar tayinlandi. Immigratsiya cheklandi", - deya tahlil qiladi ekspert Barbara Perri.

Pandemiya AQSh iqtisodiyotiga ulkan zarar keltirdi. Yordamga qaramay butun tizim misli ko'rilmagan darajada sustlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG