Breaking News

Tramp xalqaro muzokaralarda qanchalik muvaffaqiyat qozondi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

Prezident Donald Trump “Amerika birinchi” deb nomlanuvchi tashqi siyosatini 2017-yil yanvar oyida e'lon qilgandan beri tanqidchilar uni xalqaro me'yorlardan va AQShning global yetakchiligidan voz kechganlikda ayblamoqda. Tarafdorlari esa u o'zidan oldingi siyosatchilar muvaffaqiyatsizlikka uchragan tashqi siyosiy muammolarga jasorat bilan yondashganini aytadi.

"Uning “Amerika birinchi” siyosati orqali ikki terrorchi - Abu Bakr al-Bag'dodiy va Qosim Sulaymoniy yo'q qilindi, IShID xalifaligi yakson qilinib, Eron, Venesuela va Rossiya kabi g’animlarga kuchli siyosiy va iqtisodiy bosim o'tkazildi", - deydi Trump saylov kampaniyasining matbuot kotibi o'rinbosari Ken Farnaso.

Ammo o'zining ishbilarmonlikdagi muvaffaqiyatlarini tashqi nizolarni hal qilishga jalb etishini aytgan va ularga katta diplomatik resurslarni sarflagan president hozirgacha xalqaro mojarolar bo’yicha samarali natijalarga erishgani yo’q.

Vositachi Tramp

Nyu-Yorkda ko'chmas mulk biznesi egasi va “realiti-shou” dasturlari yulduzi sifatida tanilgan Trump ma'muriyatga kelishi bilan munozarali xalqaro masalalarni yechishga kirishdi. U bir necha marotaba Kashmir masalasida Hindiston va Pokiston o'rtasida vositachilik qilishni taklif qildi, ammo Dehli bu taklifni rad etdi. Hindiston, shuningdek, Trumpning Xitoy bilan chegara nizosiga vositachilik qilish taklifini qabul qilmadi.

Tramp avvalgi davlat rahbarlari kabi Isroil va falastinliklar, Kosovo va Serbiya o'rtasida ham vositachilik qilishga urindi. Shu jumladan, Misr va Efiopiya o'rtasidagi gidroinshoot yuzasidan mavjud nizoni hal qilishni o’z zimmasiga oldi.

Efiopiya tomonidan qurilayotgan Nil to'g'oni
Efiopiya tomonidan qurilayotgan Nil to'g'oni

Hozircha ushbu tashabbuslarning hech birida nizoli tomonlar tomonidan birdek qabul qilingan kelishuvlar mavjud emas. Isroil G'arbiy Sohilning, asosan, falastinliklar yashovchi qariyb 30 foiz hududini anneksiya qilish arafasida turibdi. Ayni paytda, Addis-Ababa “Katta Efiopiya” suv to’g’onini (GERD) yomg'ir suvi bilan to'ldirishda davom etmoqda. Qohira bu yirik suv ombori Misrni suv ta'minotidan uzib qo’yishidan xavotirda.

Shu bilan birga, 27-iyun kuni Kosovo va Serbiya rahbarlari o'rtasida o’tkazilishi rejalangan Vashington sammiti Kosovo Prezidenti Hoshim Taiga qarshi urush jinoyatlari bo’yicha ayblov e’lon qilinishi ortidan qoldirildi.

Trump ma'muriyatining Shimoliy Koreya, Xitoy va Afg'onistondagi Tolibon bilan o’tkazgan muzokaralari ham samara bergani yo’q.

Xolis muzokarachi?

Tahlilchilarga ko'ra, prezidentning uzoq vaqtdan beri davom etayotgan nizolarni hal qilishga yordam berish haqidagi takliflarining to’xtab qolishiga sabab u tomonlar o’rtasida xolis tura olmaydi.

Trumpning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner boshchiligida ishlab chiqilgan Yaqin Sharq tinchlik rejasida bu yaqqol ko'zga tashlandi. 2020-yil yanvar oyida e’lon qilingan reja Falastinning ishtirokisiz tuzilgan. Tanqidchilarga ko'ra, muzokaralar boshidayoq Isroil tomonga moyillik sezilgan.

Falastinlik namoyishchilar
Falastinlik namoyishchilar

“Muzokaralar - bu ikki teng tomonning suhbati, - deydi Al-Shabaka tahlil markazi tahlilchisi Hala Ahmad. - Falastinliklar Trump ma'muriyati bilan muzokaralarda teng huquqli tomon sifatida ko’rilmadi va ma'muriyatning shartlari haqiqatdan ham xalqaro jamoatchilik fikriga va AQShning o'nlab yillar olib borgan tashqi siyosatiga zid".

2019-yil sentabr oyida Tramp Misr prezidenti Abdul Fattoh Sissiga Nil to'g'onidagi ziddiyatni ijobiy hal qilib berishga va’da berdi va AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchinni muzokaralar uchun mas’ul shaxs etib tayinladi.

Mnuchin Vashingtonda Efiopiya, Misr va Sudan rasmiylari o'rtasida qator uchrashuvlar tashkil qildi. Xorijiy davlat rahbarlari, jumladan, Trump bilan Oq uyda ikki marta uchrashuv o’tkazdi. Munozara markazida Moviy Nil irmog'i bo'ylab Efiopiya tomonidan qurilgan ulkan gidroelektrostantsiya turibdi. Nil daryosining quyi qismida bo’lgan Misr yetarli darajada suv ololmasligidan xavotirda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissi bilan,Vashington, 2019-yil, 9-aprel
AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissi bilan,Vashington, 2019-yil, 9-aprel

Trump tomonidan "mening sevimli diktatorim" deb atalgan al-Sissiga muammoni hal qilish bo’yicha berilgan va’dalar Efiopiyani shubhaga soldi va muzokaralar xolis o’tishiga gumon qilib, muloqotning so’nggi bosqichida undan chiqqanini e’lon qildi.

Bolqonda 2018-yil dekabr oyidan beri Trump Kosovo va Serbiya rahbarlarini o’zaro bitim tuzishga chaqiradi. Ularni Oq uyga ham taklif qilgan. Trump Kosovo suverenitetini qo'llab-quvvatlashini bildirgan bo’lsa-da, demokratlar prezidentning har qanday badal evaziga kelishuvga erishish niytida ekanidan xavotir bildirmoqda.

Aprel oyida Kongress Vakillar palatasi Tashqi masalalar qo’mitasi raisi Eliot Engel, Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi yetakchi a’zosi, demokrat senator Bob Menendez Davlat kotibi Mayk Pompeoga xat yuborib, ma'muriyat muzokaralarda Belgrad va Pristina o’rtasida muvozanat saqlay olmayotganini tanqid qildi.

Avvalo, iqtisodiyot

Tahlilchilarga ko'ra, prezident munozaralarni pul orqali hal qilishga urinadi. Masalan, Yaqin Sharqqa 50 milliard dollarlik sarmoya jalb qilish, Efiopiyani Jahon bankining loyihalari bilan qiziqtirish, Serbiya va Kosovo o'rtasida "iqtisodiy holatni normallashtirish" kabi takliflar shular jumlasidan.

Tashqi aloqalar bo'yicha kengash katta ilmiy xodimi va Jorjtaun universitetining xalqaro aloqalar bo’yicha professori Charlz Kapchanga ko’ra, "Iqtisodiyot birinchi" yondashuvi Trump kelib chiqqan biznes olamida ishlashi mumkin, ammo ko'chmas mulk bitimlari va diplomatiya o'rtasida katta farq bor.

“Bu bitta odam boshqa bir odam bilan gaplashishi emas. Bu ikki yoki undan ortiq jamiyatlarning bir masalaga "ha" deb rozilik berishi haqida, - deydi Kapchan. - Ichki siyosat, mafkura, tarix, madaniyat - bularning barchasi rol o’ynaydi. Bu shunchaki foyda va zarardan iborat iqtisodiy masala emas”.

Og’riqli mavzular

Yaqin Sharqda tinchlikka erishish masalasi Jimmi Karter 1978-yil o’tkazgan Kemp Deyvid kelishuvidan beri AQShning hech bir prezidenti muvaffaqiyat qozona olmagan mavzu. Bill Klinton ma'muriyati 1993-yil Oq uyda imzolangan Oslo kelishuvini amalga oshirish uchun juda ko’p kuch va resurs sarfladi. Klinton o'z lavozimidan ketgach, tinchlik jarayoni barbod bo'ldi va Isroil-Falastin zo'ravonligining yangi bosqichi boshlandi.

2009-yil Qohirada musulmon olamiga murojaat bilan chiqqan va o'sha yili "xalqaro diplomatiyani kuchaytirishdagi g'ayrioddiy harakatlari uchun" Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo’lgan Barak Obama ham ikki davlat o’rtasidagi ziddiyatlarga yechim topa olmadi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi so'nggi o'n yil ichida Kosovo-Serbiya o'rtasidagi nizoni hal qilishga ko’p bor urinib ko’rdi. Muzokaralar 2013-yilgi Bryussel kelishuvidan keyin qisqa vaqt ichida tanazzulga yuz tutdi.

Nil to'g'oni bo’yicha olib borilgan uzoq yillik muzokaralar ham samara bermadi.

Prezident Donald Tramp NATO anjumani qatnashchilari bilan, 2019-yil, 4-dekabr, Vatford, Britaniya
Prezident Donald Tramp NATO anjumani qatnashchilari bilan, 2019-yil, 4-dekabr, Vatford, Britaniya

Prezident Tramp shu va boshqa bir qator xalqaro nizolarni hal qilish bo’yicha olib brogan vositachiligida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo’lsa-da, tarafdorlari uning boshqa tashqi siyosiy jabhalarda g'alaba qozonganini aytadi. Kanada va Meksika bilan savdo bitimining imzolanishi, NATO ittifoqchilarini mudofaa uchun ko'proq mablag 'sarflashga majburlashi va Britaniya hukumatini 5G tarmog’ini qurishda Xitoyning “Huawei” uskunalaridan foydalanmaslikka ishontirishi shular jumlasidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG