Breaking News

Tramp, Bayden: Xitoy, pandemiya va kelajak


Yaqinlashayotgan prezident saylovlari haqida Saylov-2020 sahifamizda o'qib boring
Yaqinlashayotgan prezident saylovlari haqida Saylov-2020 sahifamizda o'qib boring

AQShda prezidentlik uchun uchinchi bor harakat qilayotgan Jo Bayden 2 trillion dollarlik iqtisodiy-ekologik rejasini e'lon qildi. Oq uyga saylansa, u iqtisodiy tizimni yashillashtirish, ekologik talablarga moslashtirishga so'z bermoqda. Buning hisobiga iqtisod kengayadi, aholi sog'lomroq, atrof-muhit tozaroq bo'ladi, deydi Bayden.

Raqibi, amaldagi prezident Donald Tramp fikricha, bu dastur - safsata. Bayden va uning partiyasi nimanidir eplay olganida allaqachon qilgan bo'lar edi, deydi Tramp. Bayden fikricha esa Oq uydagi rahbarning o'zi nima qilayotganini bilmaydi va tushunmaydi.

"Biz hamon inqiroz ichidamiz. Uch yarim millionga yaqin amerikalik virusga chalindi. 135 mingdan oshiq amerikalik nobud bo'ldi. Pandemiya chekinmayapti", - deydi Bayden.

Prezident Tramp esa, deydi sobiq vitse-prezident, pinagini buzmaydi. Demokrat nomzod nazarida Amerikani loqayd va vijdonsiz odam boshqarmoqda. Koronavirus balosi avj olganiga bir necha oy bo'ldi va mana endigina prezident niqob taqdi, deydi Bayden.

"Bu o'zgarishdan mamnunmiz, lekin janob prezident, bu yetmaydi. Mamlakatni pandemiya changalidan olib chiqish uchun haqiqiy lider kerak. Mamlakat ochilsin deyish bilan ish bitmaydi. Bu siyosat emas. Quruq shior. Yo iqtisod, yo salomatlik deya xalqni qiynashdan kimga nima foyda? Na unisini eplayapsiz, na bunisini", - deya tanqid qilmoqda raqib.

Baydenga ko'ra, sog'liqni saqlashni eplay olmagan rahbar iqtisodni ham izdan chiqarmoqda. Amerika bunga har kuni guvoh, deydi demokrat.

Tramp esa Baydenni vitse-prezidentlik paytida Xitoy nog'orasiga o'ynaganlikda, Pekinning iqtisodiy nayranglariga munosib javob bermaganlikda ayblamoqda.

"Vitse-president Bayden tariflarga qarshi bo'lgan. Xitoyga biror marta yo'q demagan. Xitoy bizni laqillatsa ham aloqa buzilmasin, deya chora ko'rmagan. Xitoyliklarning Amerikaga kirishini man etganimda u meni ksenofobiyada aybladi. Keyin baribir tan oldi, ularni kiritmay to'g'ri qilganimni", - deydi Tramp.

74 yoshdagi prezident nazarida Amerika pandemiyaning eng og'ir damlaridan o'tib bo'ldi. Buyog'iga ham oson bo'lmaydi, deydi u, lekin xalq bundan ham battar bo'lishi mumkin edi, deya hozirgi imkoniyatlarga shukur qilsa maqsadga muvofiq.

Minglab odamlar vafot etgani - fojia, ammo Amerika kurashdi va millionlab insonlarning hayoti saqlab qolindi, deydi Tramp.

"Endi bu balodan chiqishga harakat qilayapmiz. Bu degani ochilishimiz kerak. Maktablar va boshqa muassasalar. Hamma joy ochilsin, deyman, Bilaman, ayrimlar siyosiy manfaatini ko'zlab ochilmoqchi emas", - deydi prezident, demokratlarga ishora qilib.

Oq uy koronavirusni "Xitoy virusi" deydi. Dori-darmon va eng muhimi, vaksina chiqarishda Amerika yetakchilik qiladi, deya ishonch bildirmoqda Tramp. Ayni damda bir necha loyiha avjida.

"Vaksina chiqishi bilan tarqata boshlaymiz... Biz tayyormiz, vaksina ma'qullanishini kutayapmiz xolos".

AQSh pandemiyadan g'olib sifatida chiqadi, deydi Tramp, lekin u Xitoyga bosimni oshirishda davom etmoqchi. Xitoy tashqi siyosati, iqtisodiy strategiyasi, koronavirusga nisbatan tutgan yo'li - hammasi prezident nishonida. Uningcha, Bayden Pekinga qarshi siyosiy jihatdan aslo kurasha olmaydi. Demokratlar, umuman olganda, Xitoyga hamisha bosh egib kelgan, deya baholaydi Tramp.

"Amerikaga Xitoyga qarshi tura oladigan lider kerak. Bayden o'z siyosiy faoliyati davomida biror marta Xitoyni qoralamagan", - deydi prezident.

77 yoshli Bayden buni butkul inkor etadi. Senatorlik paytida ham, Barak Obama prezidentligi davrida ham, xususan vitse-prezident sifatida Pekin bilan keskin gaplashgani, vaziyatga mos siyosat yuritgani, Xitoy siyosiy mentalitetini yaxshi tushunishi va diplomatik tajribasi keng ekanini eslatadi.

50 yildan beri katta siyosatda ekan, "maqtanchoq Tramp bilan meni qiyoslamang", deya kuladi Bayden.

Lekin saylov taqqoslash payti. Siyosiy bellashuv. Partiyaviy qurultoylar yaqinlashmoqda. Prezidentlikka nomzodlar vitse-prezidentlikka nomzodlarni tanishtirgach, saylov kampaniyasi yanada qizg'in tusga kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG