Breaking News

Bolton kitobida Tramp qiyofasi: Beqaror, qobiliyatsiz rahbar


Oq uyda milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlagan Jon Bolton “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Donald Trampni “beqaror”, qayta saylanish uchun mamlakat xavfsizligini oyoq osti qilishga tayyor rahbar deya tasvirladi.

“Nazarimda, uning qaror qabul qilish usuli xavfli”, - deydi u.

Qariyb 1,5 yil prezident maslahatchisi bo’lgan, 2019-yilning sentabrida Oq uyni tark etgan Jon Boltonning “Voqealarga boy xona” deb nomlangan kitobi yaqinda sotuvga chiqdi. Unda Tramp g’ayriqonuniy xatti-harakatlar, tashqi siyosatda qo’pol xatolar qilgani tasvirlab beriladi.

Prezidentga ko’ra, Bolton Oq uyda ishlagan davrda uning radikal ruhdagi tavsiyalari rad etilgani va ishdan haydalgani uchun darg’azab. Tramp kitobni “yolg’on va to’qimadan iborat to’plam” deya atab, sobiq maslahatchisini maxfiy ma’lumotlarni oshkor etish orqali qonunni buzganlikda aybladi.

Boltonning ta’kidlashicha, Tramp tashqi ta’sirga beriluvchan, qobiliyatsiz hamda o’z mavqeini ko’tarish uchun Eron va Shimoliy Koreya kabi dushman davlatlarga yon bosishga tayyor rahbardir.

“U Kim Chen Un bilan o’tirib gaplashishni istagani kabi, doim oyatullalar bilan ham uchrashishga rozilik berish ilinjida yuradi”, - deydi sobiq rasmiy.

Jon Bolton
Jon Bolton

Bolton o'z memuarida xavotirga arziguli suhbatlarga guvoh bo’lgani haqida yozadi. Masalan, Tramp Xitoy Prezident Si Zinpindan qayta saylanishda ko’mak so’ragan, “o’zi yoqtirgan diktatorlarga iltifot sifatida” jinoiy tergovlarni to’xtatishga tayyorligini bildirgan, Venesuelani bosib olish fikridan qaytib, bu davlat rahbari Nikolas Maduroni “aqlli va qattiqqo’l” deya maqtagan.

Shuningdek, Tramp siyosiy raqiblari haqida kir qidirish uchun Ukraina prezidentiga bosim o’tkazganiga guvoh bo’lganman, deb yozadi Bolton. AQSh prezidenti yil boshida shu masala tufayli impichment qilingan edi.

Tramp ma’muriyati kitobni taqiqlash uchun sudga favqulodda murojaat yo’llagan, biroq federal sudya talabni qondirmadi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bayonotida Boltonni “yarim haqiqat va ochiq yolg’onlarni” tarqatayotgan “xoin” deb tanqid qilmoqda.

Xitoy va uyg’urlar

Bolton kitobida da’vo qilishicha, Tramp Xitoy prezidentidan Amerika qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ko’proq sotib olish orqali unga qayta saylanishga yordam berishni so’ragan. Shuningdek, Xitoyning uyg’urlar uchun “mehnat lagerlari” qurish rejasiga ko’z yumgan.

Oq uyning savdo bo’yicha muzokarachisi Piter Navarro Trampning Xitoyga nisbatan yumshoqligi haqidagi da’volarni inkor etadi. Bu davlat mahsulotlariga tariflar qo’yganimiz to’g’ri qaror, deydi u.

Shu oy Tramp ma’muriyati uyg’urlarning ommaviy qamalishiga aloqador ayrim Xitoy amaldorlariga sanksiyalar qo’ydi.

AQSh va Xitoy prezidentlari
AQSh va Xitoy prezidentlari

Impichment

Jon Bolton yil boshida impichment tergovi doirasida Trampga qo’yilgan ayblovlar asosli bo’lganini tasdiqlamoqda. Ya’ni prezident qayta saylanish ilinjida Ukrainadan yordam olmoqchi bo’lgan.

“Trampning Ukrainaga diqqati siyosiy raqiblari Hillari Klinton va Jo Baydenga zarar yetkazishga qaratilgan edi. Ukrainadagi korrupsiyaga hech qanday aloqasi yo’q edi”, - deydi Bolton.

Tramp siyosiy raqiblari haqida ma’lumot talab qilib, Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatganlikda ayblangan va Vakillar palatasida impichment qilingan. Ammo o’z partiyadoshlari yordami bilan prezident Senatda oqlandi. Bolton Kongressda guvohlik berishdan bosh tortish qarorini himoya qilmoqda. Tergov partiyabozlikka aylanib ketdi, mening ishtirokim hech narsani o’zgartirmagan bo’lardi, deydi u.

Boltonning qarashlari

Trampning tashqi siyosatdagi kamchiliklarini tanqidga olgan Boltonning murosasiz pozitsiyasi shundan iboratki, faqatgina kuchli iqtisodiy bosim va harbiy tahdid Eron, Shimoliy Koreya va Venesuela singari davlatlarda avtoritar rahbarlarni o’zgarishga majbur qila oladi. Biroq tashqi siyosat bo’yicha ko’pgina mutaxassislar bunday qarashdan yiroq.

“Jon Boltonning butun karyerasi xatolardan iborat”, - deydi siyosatshunos Maykl Oxanlon. Ekstremist rejimlar bosim ostida ko’pincha taslim bo’lmaydi, deya qo’shadi u.

Bolton 2018-yilda Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashish qaroriga qarshi chiqqan. Tramp Janubiy Koreya bilan qo’shma harbiy mashqlarni bir tomonlama ravishda to’xtatishini e’lon qilganda, deydi Bolton, uning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari bundan bexabar bo’lgan.

Ikki rahbar Singapurda Koreyaning qurolsizlanishi to’g’risida tarixiy kelishuvga erishdi. Biroq keyingi muzokaralar natija bermadi. Vashington Shimoliy Koreyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortgach, Xanoyda o’tkazilgan ikkinchi sammit to’satdan yakunlandi.

Jon Boltonning kitobi
Jon Boltonning kitobi

Eron haqida gap ketdanda, Bolton Tramp va Prezident Hasan Ruhoniy o’rtasidagi ehtimoliy uchrashuvga qarshi bo’lgani, shunday reja Oq uyda muhokama qilingani, muzokarani boshlash uchun sanksiyalarni yumshatish taklifi ko’rib chiqilgani haqida yozadi.

Bolton Tolibon bilan tinchlik bitimi imzolanganidan keyin Afg’onistondan AQSh qo’shinlarini olib chiqishga ham e’tiroz bildirgan.

Yon berishga tayyor

Amerika prezidentlari odatda tashqi siyosatdagi yutuqlaridan ichki siyosatda o’z mavqeini oshirish uchun foydalanadi. Boltonni xavotirga solgan narsa shuki, diplomatik yutuq haqida jar solaman deb Tramp uzoq muddatli xavfsizlik prioritetlari bobida yon berishga doim tayyor.

“Trampni oldingi prezidentlardan ajratib turadigan jihati shundaki, uning ko’plab qarorlari nafaqat shaxsiy manfaatidan kelib chiqadi, balki chet ellik rahbarlar bilan muloqotlarida bu haqda ochiq gapiradi ham”, - deydi sharhlovchi Mark Simakovkiy.

Jon Bolton 2019-yilning sentabrida Eron bo’yicha siyosat yuzasidan Tramp bilan kelisha olmay Oq uydagi lavozimini tark etgan. Bolton o’z xohishi bilan ketganini, Tramp esa uning ishdan haydalganini ta’kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG