AQSh kuchlari Eronning uch harbiy obyektiga zarba berishga shay, biroq Prezident Donald Tramp so'nggi lahzada fikridan qaytgan. Eronliklarning qoni to’kilishini istamadim, deydi u. Bir necha kun oldin AQShning uchuvchisiz dron samolyoti Eron tomonidan urib tushirilgan edi.
Eronning radar va raketalar joylashgan harbiy obyektlariga zarba berishga qaror qilingani haqida “Nyu-York Tayms” va “Vashington Post” nashrlari ham yozgan.
“Biz kecha oqshom Eronning uch obyektiga zarba berish uchun tayyor edik. Necha kishi o’ladi, degan savolimga “150 nafar” degan javob bo’ldi. So’nggi 10 daqiqada harbiy missiyani to’xtatdim”, deb yozdi Tramp “Twitter” sahifasida.
Tramp, shuningdek, Eronga qo’shimcha sanksiyalar qo’llanishini aytmoqda. Maqsad - Eronni yadroviy dastur bo’yicha muzokaralarga jalb etish uchun maksimal bosim o’tkazish.
AQShning hujumni bekor qilish qarori Yaqin Sharq mintaqasining katta qismini qamrab olishi mumkin bo’lgan qurolli to’qnashuvning oldini oldi.
Ikki tomon diplomatik muzokaralarni boshlashi uchun vaziyat yetilgan.
“Reuters” agentligining ma’lum qilishicha, Eron rasmiylari Trampdan harbiy hujum to’g’risida xabar kelganini tasdiqlagan. Ummon vositachiligida yuborilgan xabarda Vashington qator masalalar bo'yicha muzokaraga kirishishga tayyor ekanini ham bildirgan.
Vashington-Tehron o’rtasidagi tanglik o’tgan hafta yanada kuchaygan edi. Qo'shma Shtatlar Ummon bo'g'ozida neft mahsulotlarini olib ketayotgan ikki tankerga hujumda Eronni ayblagan. AQSh Harbiy-dengiz floti dalil sifatida video taqdim etgan. Unda Eron patrul kateri tankerlardan biridan portlamay qolgan minani yechib olayotgani aks etgani aytilgan edi.
Facebook Forum