Breaking News

AQSh: Ummon bo'g'ozida tankerlarni Eron nishonga olgan


Qo'shma Shtatlar Ummon bo'g'ozida neft mahsulotlarini olib ketayotgan ikki tankerga hujumda Eronni ayblamoqda. AQSh Harbiy-dengiz floti dalil sifatida video taqdim etdi. AQSh rasmiylari deydiki, unda Eron patrul kateri tankerlardan biridan portlamay qolgan minani yechib olayotgani aks etgan.

13-iyun kuni hujumga uchragan tankerlardan biri Norvegiyaga, ikkinchisi Yaponiyaning “Kokuka Sangyo” kompaniyasiga qarashli.

“Kokuka Sangyo” rahbarining bildirishicha, tanker ikki marta nishonga olingan. Dvigatelga yaqin joy va tankerning o’ng yonida portlash yuz bergan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko'ra, hujum Eronning ishi. Razvedka ma'lumotlariga va ishlatilgan qurollarga qarab shunday xulosaga keldik, deydi diplomat. Operatsiyasini bunday tarzda amalga oshirish zarur malaka va tajriba talab qiladi, Eron bundan avval ham shunday hujumalarni amalga oshirgan, deydi Pompeo.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo hujumga uchragan tankerlar bo'yicha bayonot berdi. 13-iyun, 2019
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo hujumga uchragan tankerlar bo'yicha bayonot berdi. 13-iyun, 2019

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning aytishicha, hujum Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Tehronda oliy peshvo Oyatulla Ali Xomeneiy bilan uchrashib turgan bir paytda amalga oshirilgani "o'ta shubhali". Uchrashuvda aynan Vashington va Tehron o’rtasidagi tanglikka barham berish to'g'risida gap ketayotgan edi.

AQSh Mudofaa vazirligining ismini oshkor etmaslikni so'ragan rasmiylaridan biri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shunday deydi: “Qo’limizda hujumni Eron amalga oshirganini tasdiqlovchi dalillar bor va biz bunga aminmiz”.

AQSh Prezidenti Donald Tramp “Twitter” orqali Bosh vazir Abening urinishlaridan minnatdor ekanini bildirdi. “Biroq murosaga erishish haqida o’ylashga hali erta. Ular ham, biz ham bunga tayyor emasmiz”, - deb yozdi Tramp.

Rasmda tankerga yetkazilgan ziyon va mina ko'rsatilgan
Rasmda tankerga yetkazilgan ziyon va mina ko'rsatilgan

AQShning BMTdagi elchisi Jonatan Koen Xavfsizlik Kengashining mintaqa bo’yicha majlisida ushbu masalani ko’tardi.

“Tijoriy kemalarga hujum qilishga hech kimning haqqi yo’q. Tankerlarning nishonga olinishi jiddiy xavotirlarga sabab bo’ldi. AQSh vaziyatga baho berishda davom etayapti”, - dedi u.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish dalillarni to’plash zarur ekanini aytmoqda.

Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abu al-G’ayt kengash a’zolari bilan voqeani muhokama qildi. “Arab mintaqasida xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda liga yanada muhim va faol rol o’yashi lozim”, - dedi u.

Xormuz bo’g’ozi yaqinida joylashgan Ummon ko’rfazi strategik ahamiyatga ega dengiz yo’li hisoblanadi. Dunyoning 30 foizga yaqin nefti aynan shu bo’g’oz orqali o’tadi.

13-iyun kuni yuz bergan hujumdan so'ng neft narxi to’rt foiz yuqorilab, bir barreliga 62 dollardan oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG