AQSh Prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Boltonni ishdan oldi. Tramp bu haqda “Twitter” orqali ma’lum qildi.
“O’tgan kuni men Jon Boltonga Oq uyda bundan keyin uning xizmatlariga ehtiyoj yo’qligini bildirdim. Men va ma’muriyatimning boshqa a’zolari uning ko’plab taklif-maslahatlariga umuman qo’shilmagan. Shu sabab undan iste’fo berishni so’radim va arizasini tongda oldim. Jonga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Yangi milliy xavfsizlik maslahatchisini kelasi hafta ma’lum qilaman”, - dedi Tramp.
Xabarlarga ko’ra, Tramp Jon Bolton bilan Eron, Shimoliy Koreya va Afg’oniston kabi tashqi siyosatga doir masalalarda kelisha olmagan.
Xususan, Bolton prezidentning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan demilitarizatsiya hududida uchrashish va Shimoliy Koreya zaminiga qadam bosish rejasidan hamda Eron AQShga qarashli josus dronni urib tushirishi ketidan islomiy respublikaga qarshi rejalangan havo hujumini to’xtatish qaroridan norozi bo’lgan.
So’nggi kunlarda Tramp Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashishga tayyor ekanini aytib keladi va hatto Tehronga qisqa muddatli kredit ham taklif qilgan.
Oq uydagi manbalarning matbuotga bildirishicha, Tramp xususiy suhbatlarda Bolton yangi urush boshlashdan tap tortmasligi haqida bir necha bor shikoyat qilgan. Boltonning Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan ayrim masalalarda qattiq tortishgani ham aytiladi.
Tramp saylov kampaniyasida AQShning xorijdagi urushlariga chek qo’yishni, mojarolarni hal qilishda muzokaraga yo’l berishni va’da qilgan edi. Bolton esa, aksincha, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlarni AQShga dushman deb bilib, ularga qarshi dadil harbiy harakatlarga chaqirib keladi, mamlakat manfaatlarini himoya qilishda AQSh harbiy qudratini ishga solishni targ’ib qiladi.
Xabarlarga ko’ra, Bolton Mudofaa vazirligi rasmiylari bilan ham to’qnashgan, Pentagon mulozimlari Bolton ulardan favqulodda holatlar uchun urush rejalarini tayyorlashni so’raganini xavotir bilan tilga olishgan.
Jon Bolton Tramp ma’muriyatida ishlagan uchinchi milliy xavfsizlik maslahatchisi bo’lib, Oq uyga 2018-yil aprelida taklif etilgan edi.
Boltondan oldin maslahatchi bo’lgan general-leytenant Gerbert Makmaster bu lavozimda bir yildan sal ko’proq, undan oldin ishlagan Maykl Flinn esa atigi 24 kun ishlagan.
Facebook Forum