Breaking News

AQSh Eronning oliy rahbariga qarshi sanksiyalar qo'ydi


AQSh Eronga qarshi yangi moliyaviy sanksiyalar joriy etdi. Jazo choralari bu gal, xususan, mamlakat oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiyga qaratilgan. Prezident Donald Tramp imzolagan farmonga ko'ra, Xomeneiy va Eron xalqaro moliya bozorlaridan mutlaqo uziladi.

Sal avval Tramp AQSh Eron bilan urush istamaydi va rahbarlari bilan shartsiz muzokara qilishga tayyormiz, degan edi. AQSh, deydi u, islomiy respublikaning yadroviy qurollarni qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaydi.

O’tgan hafta Eron Ormuz bo’g’ozida Amerikaning uchuvchisiz samolyotini urib tushirgan. Shundan so’ng Tramp Eronga zarba berishga po’pisa qildi, ammo fikridan qaytdi. O'rniga respublikani yangi sanksiyalar bilan jazolamoqda.

Tramp, suningdek, AQSh harbiy kuchlari Eronni nishonga olishi mumkinligiga qayta-qayta ishora qilmoqda.

AQShning ehtiyotkorlik bilan ish tutayotganini Tehron qo’rqoqlikka yo’ymasin, deydi Oq uy maslahatchisi Jon Bolton.

“Eron Yaqin Sharqda bilganimni qilaman deb o’ylasa, xato qiladi. Prezident Tramp aytganiday, harbiylarimiz dunyoda eng qudratlisi. Armiya qayta tiklangan va shay holatda”, - deydi Bolton.

AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi sobiq qo’mondoni Mayk Mullen vaziyatni xavotir bilan kuzatib turibdi.

“Prezident barcha imkoniyatlarni behuda ishga solayotganidan, chorasiz qolishidan tashvishdaman. Bir necha kun oldin Eronga hujum qilishimizga oz qoldi, gap-gap bilan vaziyat nazorat qilib bo’lmaydigan ahvolga kelib qolishi mumkin. Bir kami endi Eron bilan urush boshlamaganimiz qoldi”, - deydi admiral Mullen.

Trampning Kongressdagi tarafdorlari fikricha esa prezident Eron masalasini yaxshi eplayapti.

“Savol shundaki, Tramp namoyish etayotgan vazminlikka Eron qanday javob beradi? Agar ular yana tankerlarga mina qo’ysa, Amerika samolyotlarini urib tushirsa va shu kabi ishlarni davom ettirsa, Tramp ham qo’shimcha choralar ko’rishga tayyor. Prezident arqonni uzun tashlayapti”, - deydi kongressmen Mak Tornberry.

Ma’lumotlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Eron razvedkasiga qarshi kuber-hujumlar uyushtirgan.

“Eron boy, farovon davlatga aylanishni istasa, qarshi emasman. Lekin besh-olti yil ichida yadroviy qurolga ega bo’lamiz deb o’ylasa, chuchvarani xom sanabdi”, - deydi Tramp.

Sanksiyalarni kuchaytirish haqida Twitterda yozar ekan, ularni olib tashlaydigan kun kelishini ham kutamiz, deydi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG