Breaking News

Saylov-2020: Bu yil ko'proq amerikalik ovoz beradimi?


Prezident Tramp shu kungacha niqob taqmadi. Xohlaganlar taqsin, hech kimni zo'rlamaymiz, deydi u.
Prezident Tramp shu kungacha niqob taqmadi. Xohlaganlar taqsin, hech kimni zo'rlamaymiz, deydi u.

Prezident Donald Tramp fikricha, kuzga borib, maktablar, kollejlar va universitetlar ochilishi va normal tarzda bilim berishi kerak.

Jennifer Nuzzo, Jons Hopkins tibbiy xavfsizlik markazi eksperti, shunday javob qilmoqda:

"Bu masalani obdon muhokama qilishimiz kerak. Bir-biridan murakkab mavzular haqida gap ketmoqda. Qayta ochilishga siyosat sifatida qarab, qayta saylanish uchun bunaqa chaqiriqlar bilan chiqib, o'zingizdan boshqa hech kimni o'ylamayapsiz, degan bo'lardim. Xavfsizlik, salomatligimiz, yosh avlod manfaatlari qil ustida emasmi? Qayta ochilsak, nima kafolat bera olasiz?"

Amerika hamon koronavirus inkanjasida. Saylov yili ekan, irq, sinf va madaniy qadriyatlar ham diqqat markazida. Umuman olganda, biror masalada yakdillik kuzatilmaydi, hatto qachon qayerda nima uchun niqob taqish kerakligi yuzasidan ham.

2020-yilning 3-noyabri Kongress va mahalliy hokimiyatlar uchun ham saylov
2020-yilning 3-noyabri Kongress va mahalliy hokimiyatlar uchun ham saylov

3-noyabrda saylovchi nafaqat prezident, balki ko'plab mahalliy masalalar yechimi uchun ham ovoz beradi.

Prezident Trump qayta saylanishiga ishonishini aytadi. Murakkab davrlarda xalq hamisha to'g'ri qaror qilgan, deydi u. Demokrat raqibi Jo Bayden esa Oq uyga yangi odam saylanmas ekan, jar yoqasiga ketaveramiz, deydi.

Michigan shtatidan Deyv Adams:

"2020-yil rasvo yil bo'ldi deb qanchalik nolimaylik, uni ijobiy yakunlaymiz deb o'ylayman. Chunki noyabrda Tramp mag'lub bo'ladi".

Pandemiyaga qaramasdan minglab odamlarning mamlakat bo'ylab norozilik namoyishiga chiqqani, salomatligini xavf ostiga qo'yib, hatto Oq uygacha kelib, prezident va uning siyosatidan g'azabda ekanini aytgani faqat Tramp uchun emas, boshqa siyosatchilar uchun ham jiddiy signal bo'ldi, deydi tahlilchilar. Kanada chegarasidan Meksikagacha, Atlantika okeanidan Tinch okeanigacha, Amerika jamiyati tarqoqlashgan. Va shunday hollarda, deydi tadqiqotchilar, fuqarolar ovozi aniqroq va dadilroq bo'ladi. Befarqlik darajasi pasayadi. Siyosatga qiziqish ortadi.

Bu yil bir necha shtat, jumladan, Michigan tabiiy ofatlar bilan yuzlashdi
Bu yil bir necha shtat, jumladan, Michigan tabiiy ofatlar bilan yuzlashdi

"Hozirgi g'ala-g'ovurning yaxshi bir oqibati shu bo'ladiki, bu safar ko'proq odam ovoz berishga chiqadi", - deydi Kevin Heyes ismli yosh amerikalik.

Minimal maosh bilan yashaydigan, bir paytning o'zida 2-3 joyda ishlaydigan bu kabi saylovchilar tirikchilik qiyinligidan emas, irqchilik va adolatsizlikdan ko'proq shikoyat qiladi.

"Donald Trumpdan nafratlaman. Bu odam haqida birorta yaxshi fikrim yo'q. To'g'risi, uning biror ijobiy tarafi bormi deya ko'rishga harakat qildim, lekin menga ko'rinmadi", - deydi Kevin.

Tramp saylovchilar bilan uchrashib, tarafdorlari ko'pligini ko'rsatishga urinmoqda.

Prezidentni amerikaliklarning deyarli yarmi quvvatlaydi. Respublikachilar partiyasi uchun bu - eng asosiy va muhim fakt. Partiyaning mahalliy qanotlari onlayn ishlamoqda. Targ'ibot kampaniyalari ham virtual. Amerika xalqi doimiy imtihonda, deydi respublikachilar, bu sinovli kunlar ham o'tadi.

Partiya faollaridan Tom Roy:

"Prezident xalq xizmatida. Ish o'rinlari yaratish uchun ter to'kmoqda va buni uddalayapti. Men avtosanoat joylashgan hududda katta bo'lganman. "General Motors" bolasiman. Amerikada ishlab chiqarilgan mashinalarni haydashni xohlaymiz. AQSh mahsulotlarini".

Prezidentlik uchun demokrat nomzod Jo Bayden Michigan shtatidagi cherkovlardan birida so'zlamoqda
Prezidentlik uchun demokrat nomzod Jo Bayden Michigan shtatidagi cherkovlardan birida so'zlamoqda

Amerikaliklar uchun ibodatxonalar jamoat markazlari. Ruhiy madad o'choqlari. Shunday ekan, bu dargohlar va diniy yetakchilar siyosatda muhim rol o'ynaydi.

"Katta o'zgarishlar bo'sag'asidamiz deb o'ylayman. Haqiqat va haqqoniylik ustuvor bo'lsa, yangilik albatta bo'ladi", - deydi Hurli Koulman, ruhoniy.

Taqvodor amerikaliklar orasida ham tarqoqlik kuzatiladi. Buning xavotirli joyi yo'q, deydi Koulman. Amerikaliklar loqayd emas, deydi u, ayniqsa mahalliy siyosatga. Xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, qonun va adolat usuvorligi - ular uchun birlamchi mavzular. Saylovchini past baholamang, deydi pastor.

"Men fuqaro o'z talablarini kengroq va bir ovozdan oldinga olib chiqayotganidan xursandman. Ishtiyoq va g'ayratni qarang. Ko'chalarimiz yoshlarga to'la, ular talabchan, jasur".

Deyv Adams singari amerikaliklar esa vaziyatga qarab, mo'zijalar kuta olmaymiz, deydi. Saylov bilan hayotimiz yaxshilanib qolmaydi, lekin kim yutsa ham yo'nalish o'zgaradi, deya ishonadi u.

"Bir narsa aniq: hozirgi ahvoldan hech kim xursand yoki rozi emas. Demak, nimadir qilish kerak va qila olamiz. Bu degani ovoz berishimiz kerak. Ovozimizsiz o'zgarish bo'lmaydi".

2016-yilgi prezident saylovlarida ovoz berish huquqiga ega aholining 61 foizdan sal oshig'i qatnashgan. 2012-yilda ham deyarli shuncha amerikalik saylovga chiqqan. Bu safar qancha odam ovoz beradi, saylovdan keyin bilamiz. Lekin nima uchun qatnashishi lozimligi haqida amerikaliklarda javob ko'p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG